Oʻrta va oliy taʼlimdagi institutsional oʻzgarishlar qanday natija berdi?

    2017-2022-yillarda Oʻzbekistonda oʻrta va oliy taʼlim sohalarida roʻy bergan institutsional oʻzgarishlar va qabul qilingan qonunlarning amaldagi ijrosi tahlil qilindi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oʻtkazgan tahlilga koʻra, oʻrta taʼlimda: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrda qabul qilingan “Xalq taʼlimi tizimida taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan respublikamizda jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan baholash amaliyotining tatbiq etilishi uchun huquqiy asos yaratildi.

    2019-yilda BMTning bolalar jamgʻarmasi - UNICEF bilan hamkorlikda 4-sinf oʻquvchilarining oʻqish, matematika, tabiiy-ilmiy fanlar boʻyicha savodxonlik darajasini aniqlash maqsadida oʻtkazilgan baholash natijalari eʼlon qilindi. Unga koʻra oʻquvchilar:

    - tabiiy-ilmiy yoʻnalishda demokratik jamiyat, fuqarolarning huquq va burchlari tushunchasiga (71,1%), matematika yoʻnalishida tenglama va tengsizliklarni yechish koʻnikmasiga (67,2%) egaligi boʻyicha eng yuqori ball toʻpladi;

    - tabiiy-ilmiy (tarixiy sanalar, atrof-muhit, inson salomatligi va xavfsizligi, ekologiya), matematika (hisoblash va tenglamalar) hamda matnni oʻqish (berilgan aniq maʼlumotlarni topish) yoʻnalishlaridagi savollarga javoblar boʻyicha jahondagi oʻrtacha koʻrsatkich (55%) dan yuqori natijaga erishdi;

    - gʻoyalarni talqin va integratsiya qilish (oʻqish) va tadqiqot koʻnikmalari (tabiiy-ilmiy) boʻyicha chegaraviy qiymat darajasida (50%) ekanliklarini koʻrsatdi;

    - kommunikatsiya va muammolarni hal qilishning umumiy strategiyasi (matematika) (34,1) hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xulosa chiqarish (oʻqish) koʻnikmalari boʻyicha eng past ballni toʻpladi.

    2022-yilda USAID bilan hamkorlikda 3-sinf va 5-sinf oʻquvchilarining oʻqish va matematika boʻyicha (EGRA) koʻnikmalarini baholash natijalari eʼlon qilindi. Unga koʻra, oʻrta taʼlimning sifati (5-sinf oʻquvchilarining natijalari) boshlangich taʼlim (3-sinf oʻquvchilarining natijalariga qaraganda) sifatidan ortda qolayotgani, maktabga muntazam qatnovchi oʻquvchilarning natijalari vaqti-vaqti bilan dars qoldiruvchi oʻquvchilarnikidan yuqoriligi aniqlandi.

    2022-yilda 15 yoshli oʻquvchilarning oʻqish, matematika va tabiiy-ilmiy fanlar boʻyicha savodxonlik koʻnikmalari (PISA) Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bilan hamkorlikda baholandi.

    Oʻrta taʼlimning 3-, 6-, 7- va 10-sinf oʻquvchilari uchun darsliklar baholash natijalari asosida, baholash jarayonida aniqlangan zaif jihatlarni bartaraf etishni hisobga olgan holda qaytadan chop etildi.

    Oliy taʼlim tizimida esa Prezidentimizning 2019-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni tizimni isloh qilish uchun huquqiy asos yaratdi. Natijada 2017-2023-yillar oraligʻida:

    - “QS World University Rankings”da eng yaxshi mingtalikka kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallari soni 3 tadan 9 taga;

    - jami xorijiy oliy taʼlim muassasalarining soni 7 tadan 28 taga;

    - xususiy oliy taʼlim muassasalari soni 53 taga yetdi.

    Shuningdek, oliy taʼlim xizmatlari bilan aholining barcha qatlamlarini qamrab olish uchun alohida kvotalar ajratildi. Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi.