Bir kuni “O‘zbekiston mustaqil bo‘libdi”, degan xabar tarqaldi. O‘shanda kimdir qo‘rquvga tushgan, endi nima bo‘ladi, qanday yashaymiz, deya sarosimalangan, kimdir qo‘lini duoga ochib, Yaratganga hamdu sano aytgan, shu kunlarga yetkazganiga shukr qilgan, yana kimdir nima bo‘layotganini ham anglamay, ketmonini yelkasiga tashlab dalaga ketgan edi.
O‘sha kunlardagi bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Kechqurun hovlida yig‘ilib, endi nima bo‘ladi, degan savol atrofida o‘zaro pichir-pichir qilib gaplashib o‘tirganimizda, bir do‘stimizning bolagina o‘g‘li kelib “Ota, mustaqillik nima?” deya so‘rab qoldi. Hamma jim bo‘ldi...
Mana shunaqa. Farzandlarimiz tugul o‘zimiz ham ozodlikning mohiyatini yaxshi anglamasdik. Hatto mustaqillikdan qo‘rqqanlar ham bo‘lgan.
Mayli, u kunlarni eslasak gap tugamaydi. Mustaqillik zamonida hayotimiz o‘zgardi. Avvalida ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazdik. Shunda birov qaytamiz dedi, birov yo‘q dedi. Bu paytda mustaqillik haqidagi xabarni eshitib, bir so‘z demay dalasiga ketgan oddiy qishloq odami hamon dalada edi...
Hozir yoshim yetmishga yaqinlashdi. Katta o‘g‘lim Toshkentda o‘qib, o‘sha yerda qolaman dedi. Qoldi ham. Davlat muassasasiga ishga kirdi. Uylandi, farzandli bo‘ldi. Lekin hali uyi yo‘q, propiskasi qishloqda edi. Ijarama-ijara yurib yashashdi. Har borganimda boshqa manzilda kutib olardi. Ijarada yashaganlarning taqdiri shu ekan-da. Meni begona uyining to‘riga o‘tqazardi-yu, ko‘zida hadik bo‘lardi. Keyin bilsam propiskasi yo‘qligidan qo‘rqar ekan. Har daqiqada profilaktika inspektori kelib, uydan chiqarib yuborishi, katta jarima solishi mumkinligidan doim hadik bilan yashar ekan.
O‘ksinib qishloqqa qaytar ekanman, shu o‘g‘lim qachon uy-joy qilishi-yu, qachon propiskaga o‘tishini o‘ylab qiynalardim.
...2019 yilning yozi edi. O‘g‘lim telefon qilib, “Ota, biz uy oldik”, dedi. Ishonmayapman, hech ishonmayapman. Qanaqasiga axir, yig‘ib qo‘ygan puli yo‘qligini bilaman, oylikdan oylikka yashab yurgan bola... Yana poytaxtdan uy olish...
Banklar uy-joyi yo‘qlar uchun emin-erkin kredit bera boshlagan ekan. Shu imkoniyatdan foydalanib bir tanishining uyini sotib olibdi. Shundan buyon har yilgi qishni Toshkentda o‘tkazamiz. Xonalari katta-katta, bahavo, siqilib qolmaysiz.
Mustaqilligimizning ikki davrini ko‘rdik. Dastlabki yillarda tom ma’noda qayta qurish, tiklanish davri bo‘ldi. Shu bois, qiyinchiliklar, yetishmovchiliklar bo‘lgani ham rost. Biz u kunlardan aslo nolimaymiz. Hammasidan rozimiz.
Bugun yuksalish davrida yashayapmiz. Hayotimiz o‘zgardi, kundan-kunga o‘zgaryapti. Qishloqlardagi hayot tarzi ham o‘zgardi. Agar shularni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, qishlog‘imizga keling. Ko‘chalarimiz asfalt, chirog‘imiz o‘chmayapti, suvimiz, gazimiz bor. Bolalar bog‘chasini orzu ham qilmas edik. Yaqinda bog‘cha ham qurildi. Nevaralarimiz bog‘chaga boryapti. Shu bois, ularning tili biyron, qadami o‘tkir, jismi sog‘lom.
Men bularni bejiz aytmayapman. Demoqchimanki, bugun nimagaki erishgan, erishayotgan bo‘lsak, ularning barchasiga Alloh bergan ne’mat — ozod hayot, mustaqil davlatchiligimiz sababchi. Shuning uchun biz bu ne’matning qadriga yetib, uni asrab-avaylamog‘imiz, tinch-osoyishta o‘tayotgan har bir kunimizga shukrona aytmog‘imiz kerak.
Qirg‘iz XUDOYQULOV, mehnat faxriysi
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani