OTB qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarishda yordam beradi

    Yashil sayyora 15 Noyabr 2023 1072

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Osiyo taraqqiyot banki Suv va shaharsozlikni rivojlantirish sektori katta direktori Norio Saito bilan uchrashdi.

    BMTning choʻllanish, yerlarning degradatsiyasi va qurgʻoqchilikka qarshi Konvensiyasi ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda Aziz Abduhakimov Osiyo taraqqiyot banki bilan samarali hamkorlik oʻrnatilganini alohida taʼkidladi.

    Maʼlumot uchun, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan Markaziy hamda Gʻarbiy Osiyo hududlarida amalga oshirilayotgan loyihalarning 17 foizi Oʻzbekistonga toʻgʻri keladi. Mamlakatimiz mintaqada bu koʻrsatkich boʻyicha ikkinchi oʻrinda. Joriy yilda jami 3,5 milliard dollarga yaqin miqdorda 25 ta loyiha imzolangan.

    Uchrashuv davomida shaharlarni kompleks rivojlantirish, ekologiya sohasidagi xodimlar malakasini oshirish, Yaponiyadagi chiqindini qayta ishlash sohasidagi kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb etish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.

    Oʻz navbatida Norio Saito 2025–2026-yillarga moʻljallangan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasining 2-bosqichini boshlash taklifini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida Osiyo taraqqiyot banki Suv va shaharsozlikni rivojlantirish sektori katta direktori Norio Saito Oʻzbekistonda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, qurgʻoqchilik va ocharchilikka qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlarida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etildi.

    Shuningdek, Yaponiyadagi chiqindi sohasida yetakchi kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb etish, sohada Osiyo taraqqiyot banki tomonidan investitsiyalarni olib kirish, grantlar ajratilishi hamda vazirlik va quyi tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish borasida oʻzaro hamkorlik qoʻllab-quvvatlanadigan boʻldi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, 2022-yil 23-dekabrda Yaponiya Ekologiya vazirligi bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolangan. Memorandumga koʻra, tomonlar iqlim oʻzgarishi, suv va havoning ifloslanishi, chiqindilarni boshqarish sohalarida doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi belgilangan.