Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo Asilova bilan bolalar oʻrtasida koʻp uchraydigan yoz mavsumiga xos shunday xastaliklar haqida suhbatlashdi.

— Hozir pishiqchilik mavsumi, — deydi shifokor. — Yoz faslining ayni chillasi. Bu davrda aholi, ayniqsa bolalar oʻrtasida oʻtkir diareya avj oladi. Xalqona ibora bilan buni ichburugʻ ham deb ataymiz. Dizenteriya, salmonellyoz ham ana shunday oʻtkir yuqumli ichak kasalliklari sirasidan. Ularni qoʻzgʻatuvchi manba bakteriyalar hisoblanadi. Yaʼni mikroblar ogʻiz orqali organizmga tushib, ichak yoʻlida koʻpayadi va devorini yalligʻlaydi. Buning eng asosiy sababi — gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik. Masalan, bolalar koʻchadan kirganida va ovqatlanishdan avval qoʻllarini sovunlab yuvishlari zarur. Ammo baʼzi ota-onalar bunga eʼtiborsiz boʻladilar.

Yoki koʻpchilik oʻgʻil-qizlar hoʻl meva va sabzavotlarni isteʼmol qilishdan avval yaxshilab yuvishni unutadilar. Qolaversa, yoz kunlarida ochiqda qolgan taomlar va yeguliklarning sifati juda tez buzilishi ham maʼlum. Ayniqsa, sut, tvorog, qaymoq kabi sut mahsulotlari qisqa muddatda aynib qolishi mumkin. Ana shunday omillar tufayli organizmga tushgan baʼzi bakteriyalardan ajralgan toksinlar qonga soʻrilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha boʻlgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon boʻladi. Holsizlik, koʻngil aynishi, qusish, ichning suyuq yoki qon aralash ketishi, tana harorati koʻtarilishi, qorin ogʻrishi, dam boʻlishi kabi simptomlar shular jumlasidan.

Umuman, oʻtkir diareya bemorning holati va unga tushgan mikrobning xususiyatiga qarab yengil, oʻrtacha yoki ogʻir, baʼzan tipik boʻlmagan shaklda oʻtadi. Lekin bir qarashda odatiy va oddiy kasallik boʻlib tuyulgan ichburugʻni muolaja qilishda har bir daqiqa juda katta ahamiyatga ega. Yaʼni oʻtkir diareya qancha erta aniqlanib, davo choralari tezroq boshlansa, natija shu qadar ijobiy boʻladi.

Misol uchun, ertalab quvnoq kayfiyatda oʻynab yurgan bola kun davomida bir-ikki marta qusgan boʻlsa, baʼzi ota-onalar “hech narsa qilmaydi”, “oʻtib ketadi” qabilida jajji bemorning holatiga beeʼtibor qaraydi. Yoki ayrimlar bunday vaziyatlarda oʻzboshimchalik bilan farzandini muolaja qilishga kirishib ketadi. Oqibatda kechga borib 20-martagacha ich ketishi kuzatilib, kichkintoyning ahvoli ogʻirlashadi. Bunday vaziyatda yoʻqotilgan har daqiqa bolaning salomatligi, hatto hayotini jiddiy xavf ostiga qoʻyishi mumkin.