Mustaqillik yillarida tugʻilganlar yozmishi butkul boshqa edi. Ularning oldi – hurriyatga erishgan yilimiz tugʻilgan yigit-qizlar bugun 32 yoshga kirdi. Ular oʻz yurti yaqin-yaqingacha mustamlaka boʻlganini ulgʻayib, kitoblarda oʻqib, kattalarning hikoyalaridan eshitib bildi.
Shu bois, bu yoshlarimizning zakosi ozod va shiddatli, erkin va gʻolibkor boʻlib ulgʻaydi va yana kamolotga yetmoqda. Ularning dunyoqarashi va vatanga daxldorlik hissi butkul boshqacha. Mustaqillik tengdoshlari Oʻzbekiston degan yurtni faqat oʻziniki deb biladi. Bu yurtning buguni ham, ertasi ham faqat bizniki ekaniga ishonadi. Tarixdagi mudhish xatolardan xulosa qilib, hayotga zavq bilan qaraydi, umid va ishonch bilan yashaydi.
Quyida mustaqilligimiz bilan tengdosh ana shunday isteʼdodli, vatanparvar yigit-qizlarimiz oʻy-xayollari, orzu-umidlari bilan tanishasiz.
ASOSIY JARROH SIFATIDA 400 GA YAQIN YURAK OPERATSIYASIDA ISHTIROK ETDIM
Erishaman deb oʻz oldiga qatʼiy maqsad qoʻygan odamning niyati, agar harakat qilsa, albatta, amalga oshar ekan. Esimni taniganimdan buyon kasb tanlash borasida menga yagona tanlov boʻlgan. Shifokor boʻlishni orzu qilganman. Onam Toshkent pediatriya tibbiyot institutida biologiyadan tahsil berar edi. Koʻpincha auditoriyadagi darslarida men ham oʻtirar, mavzularga quloq solar, oq xalatli talabalarga havasim kelardi. Ehtimol, bu qiziqish oʻsha pallada uygʻongandir.
Negadir “Kim boʻlsam ekan?” mavzusida gap ochilsa, hech ikkilanmay “Men yurak doktori boʻlaman, yuragi kasal bolalarni davolayman”, derdim. Tasavvurimda “yurak doktori” shifokorlar ichida eng zoʻri edi. Bu orzu bora-bora qatʼiy maqsadga aylandi.
8-sinfda oʻqiyotgan kezlarimiz maktabimiz kapital taʼmirdan chiqarildi. Shu bahona oʻquv-laboratoriya jihozlari keltirildi. Kimyo va biologiya fanlaridan amaliy mashgʻulotlar oʻtkaza boshladik. Fanga mehrim, amaliy mashqlarga qiziqishim tufayli ustozlarim meni oʻziga yordamchi qilib olgandi. Bundan tashqari, biologiya fanidan oʻtkaziladigan olimpiadalarda ham faol edim.
Akademik litseydagi davrim ham oʻqish shiddati bilan kechdi. Futbolni yaxshi koʻrganim uchun doʻstlarim oʻyinga chaqirib kelar, men vaqtimni qizgʻanib stadionga bormasdim. Institutga kirib olsam, vaqtim bemalol boʻladi, istagancha futbol oʻynayveraman, deb oʻylardim.
Uch yillik mehnatim besamar ketmadi. Kimyo va biologiya fanlaridan natijam deyarli 100 foiz chiqdi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga 2-oʻrinda qabul qilindim. Koʻp oʻtmay bildimki, tibbiyot institutida taʼlim olish juda qiyin va masʼuliyatli ekan.
Institutda bizga Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori kimyodan dars oʻtgan. Oʻsha ustozimizga havas qilib, men ham shu stipendiya egasi boʻlaman, deb harakat boshlaganman. 6-kursga oʻtgach, shu orzuimga ham erishdim. Toʻgʻri, bu oson boʻlmadi. Oʻqishdan tashqari tezis va maqolalar yozdim. Xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etdim.
Magistraturaga oʻtgach, oʻsha paytdagi “Isteʼdod” jamgʻarmasi tanlovida gʻolib boʻlib, oʻqishni Londondagi universitetda davom ettirdim. Britaniyaga koʻnikishim oson boʻlmagan. Vatanimni sogʻinaverganman. Hatto 10-15 kun oʻtgach, “Nega keldim, oʻzi yaxshi oʻqib yuruvdim”, deb afsus ham qilganimni hozir kulib eslayman. Musofirlikda vatanparvarlik hissi joʻshqin boʻlar ekan. Yurtning har qarich yerini qoʻmsar ekansiz. Xonam devoriga katta qilib bayrogʻimizni osib qoʻygan edim. Koʻzim tushsa, hovurim bosiladi, deganman.
Universitetning kontrakt toʻlovi juda qimmat, oʻz xohishim bilan istasam ham u yerga borib oʻqiy olmasdim. Davlatimiz menga shu imkoniyatni berdi va kelajak uchun rejalar tuza boshladim. Turli madaniyat, turli fikrlar, intilishlar... Bu dunyoqarashimni oʻzgartirdi.
Universitetimizning Great Ormond Street Hospital degan klinikasi boʻlardi. Boʻsh vaqt topdim deguncha kardiojarrohlik boʻlimiga borardim. Jarayonlarni kuzatar, bilmagan narsalarimni soʻrar, qoʻyingki, professorlar yonida yuraverardim.
2019-yil sentyabr oyida universitetni muvaffaqiyatli bitirdim. Vatanimizga qaytgan kunimning ertasigayoq ariza yozib, Toshkent pediatriya instituti klinikasida kardiojarroh sifatida faoliyatimni boshladim. Shu kunga qadar asosiy jarroh sifatida 400 ga yaqin yurak operatsiyasida ishtirok etganman.
Koʻp oʻtmay butun dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlandi. Bu faoliyatimizga ham taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Rejali operatsiyalarni qoldirishga majbur boʻldik. Uyda oʻtirib, bemorlarga, xalqimizga qanday yordam berishim mumkinligi haqida oʻylardim. “Yutub”da kanal ochib, bemorlar tomonidan beriladigan eng koʻp savollarga javob tariqasida videolar tayyorlab joylay boshladim. Oʻsha paytlari oʻzbek tilida tugʻma yurak nuqsonli bolalar parvarishi boʻyicha videokontentlar yoʻq edi hisobi. Karantin yengillashib, odatdagi ish tartibimizga qaytgach ham bu ishni davom ettirdim.
Oxirgi uch yil davomida sohamizdagi asosiy muammo boʻlib kelayotgan murakkab tugʻma nuqsonli bolalardagi jarrohlik muolajalari, kichik yoshdagi bolalarda, chaqaloqlarda muolajalarni sekin-asta jamoamiz bilan yoʻlga qoʻya boshladik. Buning uchun klinikamizda sharoitlar yaratib berildi.
Germaniyaning Myunxen, Yaponiyaning Okayamo shaharlarida bolalar kardiojarrohligi boʻyicha amaliyot oʻtab keldim. Murakkab operatsiyalarni endi chetga chiqmay ham oʻzimizda amalga oshira boshladik. Uch-toʻrt yil ilgari sharoit yoʻqligi tufayli bemor bolasini bagʻriga bosgancha noiloj eshigimizdan qaytgan ota-onalarni bugun ham oʻylasam qiynalaman. Sharoiti borlari Hindiston, Janubiy Koreya yoki Rossiyaga borib farzandini operatsiya qildirib keldi. Sharoiti yoʻqlar-chi? Xudoga shukr, bugun bunday operatsiyalar oʻzimizda bemalol amalga oshirila boshladi. Muolajalarni muvaffaqiyatli oʻtkazyapmiz. Buning ortidan chetga chiqayotgan bemorlar soni keskin kamaydi, qolaversa, qoʻshni davlatlar – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistondan davolanish uchun bizga kelishyapti.
Talabalik yillarimdan biologiyadan xalqaro fan olimpiadalarida mentor tarjimon sifatida qatnashganman. 2015-yildan boshlab Oʻzbekiston jamoasi tarkibida tarjimon sifatida qatnashib kelaman. Bu yil ham BAAda oʻtkazilgan olimpiadada ishtirok etdik. Maktab va litsey oʻquvchilari oʻrtasidagi mazkur bilimlar musobaqasida jamoamiz yildan-yilga quvonarli natija koʻrsatyapti. Taʼlim tizimidagi bu arzimas mehnatim 2021-yil Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yuksak baholanib, “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim.
Bolaligimizda koʻp tengdoshlarim ilmga emas, kasbga yoʻnaltirilgan. Bu yaxshi. Ota-onalarimiz kasb-hunar oʻrganib, tezroq oilaga yordami tegsin degan. Biroq taraqqiyotga ilm orqali erishishning oʻz zavqi, masʼuliyati bor. Yoshlarni ilm olishga ragʻbatlantirish, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirishga eʼtibor qaratilgani zamirida katta maʼno bor. Ilmiy potensial shakllansa, Oʻzbekiston taraqqiy etgan davlatlar orasida oʻz oʻrnini yanada mustahkamlaydi. Bugungi imiji yanada koʻtariladi.
Yoshim 32 da. Vatanimiz mustaqil boʻlgan yili tugʻilganman. Shundanmi, menda Vatanimiz taraqqiyoti bilan qadamba-qadam yurish, milliy taraqqiyotimizga hissa qoʻshish masʼuliyati bor. Oʻz oldimga katta maqsadlarni qoʻyganman. Ulardan biri Oʻzbekistonda topish mushkul boʻlgan bolalar kardiojarrohligi boʻyicha adabiyotlar yaratish. Hozir ilmiy faoliyatimga yondosh bu darsliklar ustida ham ishlayapman.
Bobur TOʻRAYEV,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
klinikasi kardiojarrohi
OʻZBEKISTONDAGI ISLOHOTLAR SHABADASI DUBAYDA HAM ESYAPTI
Salkam besh yildan buyon Birlashgan Arab Amirliklarida koʻchmas mulk savdosida faoliyat yuritaman. Xalqimizda “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan maqol bor. Inson qanday muhitda ulgʻaysa, oʻsha muhit uni tarbiyalaydi, kelajagini yaratadi. Bolaligimdan biznes, tadbirkorlik sohasiga qiziqaman. Ota-onam Termiz shahrida tadbirkorlik bilan shugʻullangan. U paytlar hali bugungiday tadbirkorlarga eʼtibor yoʻq, oʻzlari harakat qilib, doʻkon yuritgan. Shuning ortidan bizni oʻqitgan, oyoqqa qoʻygan.
Bugun vaziyat tamoman boshqa. Prezidentimizning tadbirkorlar bilan anʼanaviy ochiq muloqotini kuzatarkanman, yurtimizdagi tadbirkorlarga, xususan, yoshlarga berilayotgan imtiyozlarni eshitib, xursand boʻldim. Astoydil mehnat qilgan, yurt ravnaqiga hissa qoʻshgan yoshlarni davlatimiz mukofotlayapti. Bu imkoniyatlar tufayli mamlakatimiz rivojlangan davlatlar bilan raqobatga kirishyapti. Dunyoda yangi Oʻzbekiston imiji paydo boʻldi.
Bizning vaqtimiz deyarli bozorda oʻtsa ham ota-onamiz taʼlim olishimizni jiddiy nazorat qilgan. Maktabni aʼloga bitirdim. Otamning asl kasbi pedagog, biroq salomatligidagi muammo sabab maktabda ishlamay qoʻygan. Roʻzgʻor tebratish uchun bozorda ish boshlagan. Uyga kech qaytardik. Ilk ijtimoiy muloqotni ham bozorda oʻrganganmiz.
Oʻquvchi edim. Termizga sayyohlar koʻp kelardi. U paytlar hozirgidek oʻquvchilarning 1-sinfdan boshlab ingliz tilini oʻrganishi qayerda deysiz?! Sayyohlar, asosan, ingliz tilida gapirar, men esa “qaniydi til bilsam-u, mehmonlar bilan suhbatlashsam”, deb orzu qilardim. Hozir oʻylasam, aslida chet tilni bilish tijorat sohasida muvaffaqiyatga erishishning bir kaliti ekan. Shu orzu ortidan ergashib, ingliz tilidan qoʻshimcha darslarga qatnadim. Soʻng taʼlimni Termiz davlat universitetida xorijiy filologiya fakultetida davom ettirdim.
Oʻquvchilik yillarim bozorda stol qoʻyib pista, qurt kabi mayda-chuydalar sotgan boʻlsam, talabalik yillarim xorijiy tillarni oʻqitishga asoslangan oʻquv markazi ochdim... Oshxona yuritdim.
Universitetni bitirgach ham biznesda oʻz yoʻlimni topish, katta-katta loyihalar qilish ilinjida yurdim. Biroq yoʻl ochilmadi. Yurtimizda endi-endi islohotlar boshlangan paytda xorijga ketdim.
Nasiba ekan, shu yerda tadbirkorlik bilan bandman. Oʻzbekistonda koʻchmas mulk savdosi bilan shugʻullanmaganman. Biroq savdo-sotiqni tushunishim, bolaligimdagi bosqichma-bosqich daromad qilishga urinishlarim besamar ketmadi.
Qolaversa, bu soha yurtimizda endi rivojlanyapti, firmalar, kompaniyalar faoliyat yurita boshladi. 5-6 yil ilgari bu ish bilan, asosan, maklerlar shugʻullanardi.
Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar, islohotlarning shabadasi Dubayda ham esyapti. Nega bunday deyapman? Chunki davlatimizning xorijdagi vatandoshlarga gʻamxoʻrligi va eʼtiborini mamlakat tashqarisidagi musofir yurtdoshlarimiz koʻrib, his qilib turibdi. Istalgan payt vatanga borib-kelamiz. “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan doimiy aloqadamiz. Fond har xil viktorinalar, loyihalar qilyapti, gʻoliblarni yurtimizga taklif qilib, sayohatlar tashkil etyapti. Hatto ogʻir ahvolda qolgan yurtdoshlarimizni topib, maʼnaviy, psixologik yordam beryapti. Hatto haftada bir kun taniqli imomlar, professor-olimlar, psixologlar bilan videomuloqotlar tashkil qilyapti. Manzil tashlanadi, istagan har bir vatandosh kirib muloqotda ishtirok etishi mumkin.
Aslida Oʻzbekistonda turib xorijdagi fuqarolar holini oʻylash, yordam berish, ruhlantirish katta islohot. Bizning ortimizda Vatanimiz turibdi, degan ishonch katta motivatsiyadir.
Yangi Oʻzbekiston xorijdagi vatandoshlar huquqlarini toʻliq himoyalayapti. Konsullik nima yordam soʻrasak, koʻmak qoʻlini choʻzadi, maslahat beradi.
Maqsadlarim koʻp. Bugun xorijda tajriba orttirgan hamyurtlarimiz Vatanga qaytsa, davlatimiz quchoq ochib kutib olyapti. Men ham oʻz tajribalarim bilan yurtimizga qaytib, shu yoʻnalishda tadbirkorlik faoliyati yuritmoqchiman.
Zafar NORMURODOV,
BAAdagi “Aqua Properties Company” mutaxassisi
TABIAT KUCHI VA YAQINLAR KOʻMAGI BILAN...
Ayol kishining jamiyatda oʻz oʻrnini topishida oilaning, davlatning qoʻllab-quvvatlovi muhim. Sharoit yaratib berilgan muhitda, uning kichkina yutugʻi eʼtirof etilgan joyda har bir xotin-qiz muvaffaqiyat qozonishi bor gap.
Yetti yil maktab taʼlimiga qoʻshimcha musiqa va sanʼat maktabining fortepiano sinfida taʼlim olganman. Raqs, shaxmat, dizayner... Vaqtimiz taqsimlangan edi. Otam tilshunos, onam shifokor – har ikkisi ilm bilan mashgʻul, bizni ana shu muhit ulgʻaytirdi.
Ota-onam meni ilm yoʻlida qanday qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa, turmush qurgach ham shu muhitga tushdim. Toʻgʻri, ayollarga hech qachon oson boʻlmaydi, biroq tabiat ularga kuch ham bergan. Angladimki, ayollar xuddi janglyor kabi bir necha sferani baravar ushlab turishga harakat qiladi. Oila, oʻqish ish, shaxsiy qiziqishlar... Maqsad aniq boʻlsa, yoningizda hamrohingiz boʻlsa, bu hamroh hatto farzandingiz boʻlishi ham mumkin, maqsadga yetish oson.
Ona tomondan ajdodlarimiz shifokorlar boʻlib, shu muhit ichida ulgʻaydim. Shifokorlikka qiziqmasam-da, yoshligimdan saraton kasalligiga qarshi dori ishlab chiqaraman, derdim. Yangi dori-darmon ishlab chiqaraman, sohani rivojlantirishga hissa qoʻshaman, deya orzu qilardim.
Yoʻnalishim – biotexnologiya. Toshkent kimyo-texnologiya institutida taʼlim oldim. Oʻqishimizda taʼlim amaliyot bilan uygʻun olib boriladi. Oziq-ovqat texnologiyasi haqida bilimga ega boʻlishimiz uchun ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan korxonalarda, mahsulotni noldan boshlab tayyorlash jarayonida ishtirok etganmiz. 2-kursga oʻtgach, biotexnologik laboratoriyaga amaliyot oʻtash uchun borganman. Shu qadam hayotimda burilish yasadi.
Mikrobiologiya bugun chindan rivojlanyapti. Kelajakdagi muammolar uchun yechimlar taklif qilyapti. Hukumatiiz tomonidan eʼtibor berilyapti. Soha ocharchilik, ichimlik suv va ob-havo muammosining yechimida ham yordam beradi. Biroq ayrim masalalar borki, soha taraqqiyotiga yoʻl bermayotgan edi. Masalan, baʼzi oliy taʼlim muassasalari laboratoriyalarida mashgʻulotlar uchun sharoit yetarli emas edi. Asta-sekin bu muammolar hal etilyapti.
Talabalik davrida turmush qurdim, oʻgʻlimiz tugʻildi. U shoʻx boʻlgani bois koʻcha-koʻyda koʻp yiqilar, tabiiyki, yengil jarohatlar olardi. Shunday paytlarda yoningizda doim ham spirt va paxta boʻlmaydi. Qolaversa, spirt bilan yaraga ishlov berilsa, achishtiradi. Bola azoblanadi. Shunday universal mahsulot boʻlsa-yu, shu masala muammosiz hal etilsa, deb oʻylardim. Bu orzuim ham roʻyobga chiqdi: “LiPach” loyiha shu tarzda amalga oshdi. Jarohatlarning tez bitishi va turli noqulayliklarning oldini olish maqsadida mahsulot ishlab chiqara boshladik. Mahsulotimiz ayollarning tirnogʻiga suriladigan boʻyoq idishiga oʻxshash idishlarda boʻlib, olib yurishga juda qulay.
Suyuq plastir qonni darhol toʻxtatib, yarali joyda 2-3 soniya ichida yupqa shaffof parda hosil qiladi. Bu parda yarani himoyalovchi vosita sifatida bir-ikki kun turishi mumkin. Muhimi, mahsulot suv oʻtkazmaydi, hatto ishqalsangiz ham ketmaydi.
Bundan tashqari, loyihamiz ustida qayta izlanishlar olib bordik. Jamoamiz bilan teridagi qadoqqa qarshi qoʻllaniladigan suyuqlik ishlab chiqarishga erishdik. Bilasiz, yangi poyabzal oyoqlarda ogʻriqli qadoq hosil qilishi mumkin. Ish yoki koʻcha-koʻyda bunday noqulay holda yurish oyoqqa ogʻriq beradi. Ishlanmaning tarkibiy tuzilishi shu qadar aʼlo darajadaki, uni qadoqqa surganingizdan soʻng 2 daqiqa ichida oyoq kiyimni kiyib bemalol ishga kirishib ketish mumkin.
Mahsulotimiz ishlab chiqarila boshlagandan soʻng turli koʻrgazmalarda qatnashdik. Bir kompaniya loyihamizga xaridor boʻldi. Ular ham shu yoʻnalishda mahsulot ishlab chiqarar ekan, lekin aynan biznikiday taʼsiri samarali emas. Investor sifatida bizga mablagʻ tikdi, biroq loyiha hali davom etayotgani uchun biz taklifni vaqtincha rad etdik.
2018-yildan ijtimoiy loyihalarga qiziqib qoldim. Ikkinchi mutaxassislikda sotsiologiya boʻyicha oʻqiyapman. Xalqaro tashkilotlarning qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya, taʼlim, ilm-fan boʻyicha loyihalarida muntazam qatnashaman. Ayni paytda Jahon banki loyihasida maslahatchiman. Loyihamiz suv tanqisligi muammosini hal etishga qaratilgan. Fargʻona vodiysida aholi bilan ishlab, aniqlangan muammolarga yechim taklif qilamiz. Ikki soha vakili sifatida odamlarga koʻmak koʻrsata olganimdan hamisha quvonaman.
Yana bir yirik loyihamiz – “Anjir”. Reproduktiv salomatlik, oila va farzand tarbiyasi bilan shugʻullanadigan, jinsiy tarbiyaga oid loyiha. Shifokor, psixologlarimiz bor. Anonim tarzda xotin-qizlarga bepul maslahat beramiz. Eʼtibor bersak, bizda koʻpincha jinsiy tarbiyaga uyat sifatida qaraladi. Koʻplab qizlarimiz savollariga kimdan javob olishni bilmaydi. “Anjir” yoshlarning savol va murojaatlarini tinglaydi hamda batafsil javob yoʻllaydi. Bundan tashqari, aholi psixologiyasi, giyohvandlik va tamaki mahsulotlariga qarshi kurashish kabi masalalarga eʼtibor qaratamiz.
Bugun xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtibordan samarali foydalanish vaqti. Ragʻbatlar besamar ketmasligi uchun harakat qilishimiz lozim.
Barnoxon ORTIQXOʻJAYEVA,
“Shuhrat” medali sohibi