Mamlakatimizda yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilib, ularda 150 ming atrofida ish oʻrni yaratilmoqda. Shundan 35 mingtasi texnika yoʻnalishida. Yurtimizda bu yoʻnalishdagi 36 ta davlat oliy taʼlim muassasasini yiliga 67 ming talaba bitirmoqda. Ularning sanoat korxonalarida oʻz mutaxassisligi boʻyicha ish bilan taʼminlanishi esa bevosita taʼlim sifatiga bogʻliq.
Hozir iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat va ishlab chiqarish taraqqiyoti uchun barcha sharoit mavjud, ularning oʻsishiga toʻsqinlik qilayotgan muhim omil esa sifatli kadrlar, yanayam aniqroq aytsak, oʻz ishining ustasi boʻlgan muhandislar, texnik xodimlar, texnologlar yetishmayotganidir.
Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida ham muhandislik sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish va moddiy-texnik taʼminotini mustahkamlash boʻyicha vazifalar belgilangan.
Joriy yil 20-iyun kuni Prezidentimiz rahbarligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda sohadagi muammolarga yechim sifatida ilgʻor muhandislik maktablarini tashkil etish koʻrsatib oʻtildi. 10 ta taʼlim muassasasida ilgʻor muhandislik maktablari ochilishi belgilandi. Fargʻona politexnika institutida ham sanoat muhandisligi maktabini tashkil etish rejalashtirilgan.
Institut ilgʻor muhandislik maktablarini tashkil etish boʻyicha xorijiy tajribalar asosida oʻz konsepsiyasini ishlab chiqdi. Xususan, Italiyaning Turin va Milan politexnika universitetlari taʼsischiligida tashkil etilgan Alta Scuola Politecnica, AQSHning Penn State University tomonidan taʼsis etilgan HONOR PROGRAMS, Rossiyaning N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti va Buyuk Petr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti tomonidan tashkil etilgan ilgʻor muhandislik maktablari faoliyati oʻrganilib, tahlil qilindi. Ushbu tajribalardan kelib chiqib, institutda ikki yillik maxsus magistratura dasturlari boʻyicha “soha-korxona-oliygoh” tamoyili asosida oʻquv-ilmiy tuzilma sifatida ilgʻor muhandislik maktablari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, “muammo-tadqiqot-mahsulot” tamoyilida taʼlim klasterini tashkil etish maqsad qilingan.
Dastlabki bosqichda oliy muhandislik maktabida mashinasozlik, elektrotexnika, energetika va kimyo texnologiyasi mutaxassisliklari boʻyicha maxsus magistratura dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Magistratura dasturlarida dastlabki yilda kadrlar buyurtmachilar talablari asosida shakllantirilgan oʻquv rejalar asosida oʻqitiladi. Taʼlim dasturlariga qayta muhandislik (reengineering), qiyoslash muhandisligi (benchmarking), tannarx muhandisligi (cost engineering) va boshqa zamonaviy rivojlanish tendensiyalariga mos maxsus fan va modullar kiritiladi. Talabalarga soha buyurtmachilari talablari asosida shakllantirilgan oʻquv dasturlari asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtirish hamda ilmiy izlanishlarga yoʻnaltirilgan dasturlar boʻyicha taʼlim beriladi.
Magistraturaning ikkinchi yilida yangi mahsulotlar boʻyicha tajriba konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bogʻliq texnologik jarayonlar korxonalarda bevosita amaliyotda sinovdan oʻtkaziladi. Amaliyot bilan bogʻlangan ilmiy tadqiqotga yoʻnalgan maxsus taʼlim dasturlarida tahsil olgan ushbu talabalar kelajakda yurtimiz iqtisodiyoti raqobatbardoshligiga, sanoatimiz rivojiga hissa qoʻshadigan yuqori malakali kadrlar boʻlib yetishadi.
Taʼlim muassasamizdagi muhandislik taʼlimi modelining muhim xususiyati koʻp tarmoqlilik, turli vazifa va multitexnologiyalarga asoslanganidadir. Talabalar uchun oʻzgaruvchan texnologik jarayonlarga moslashuvchan va faol munosabatda boʻlish imkonini beruvchi individual taʼlim yoʻnalishlari tizimi joriy etilmoqda.
Mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika va elektrotexnika muhandisligi sohalari boʻyicha soʻnggi uch yil mobaynida hamkor korxonalar va xorijiy kompaniyalar tomonidan moddiy-texnik bazani rivojlantirish maqsadida qiymati 1 milliard 344 million soʻmlik oʻquv laboratoriyalari tashkil etilmoqda. Xususan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ajratilgan mablagʻ hisobidan joriy yilda 7,8 milliard soʻmlik 59 turdagi oʻquv va ilmiy tadqiqot laboratoriya jihozlari institutimizga yetkazildi.
Ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etilishida hududdagi “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻztransgaz”, “Hudud gaz taʼminot”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekgidroenergo”, “Oʻzavtosanoat”, “Quvasoysement”, “Fargʻonaazot”, “Kvars”, “Qoʻqon mexanika zavodi” AJlari kabi 20 dan ortiq yirik sanoat korxonasi, shuningdek, metodik jihatdan Italiyaning Turin politexnika universiteti, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti, Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti va Sankt-Peterburg politexnika universiteti bilan samarali hamkorliklar yoʻlga qoʻyilgan.
Fargʻona politexnika instituti sanoat muhandisligi maktabini tashkil etishda “Oʻzavtosanoat” AJ tarmoq korxonalari bilan izchil hamkorlik qilayotganini alohida taʼkidlab oʻtish lozim. Jumladan, “UzAutoMotors” AJ talablari asosida ishlab chiqarish muhandisligi, ishlab chiqarish boshqaruvi va avtomobilsozlik uchun elektrotexnika muhandisligi yoʻnalishlarida mutaxassislar tayyorlash maqsadida korxona talablari va buyurtmasi asosida maxsus taʼlim dasturlari ishlab chiqilmoqda. Mutlaqo yangicha yondashuvlar va bilimlar asosidagi ushbu taʼlim dasturlarini yaratishda institutimizda yetarlicha salohiyat, imkoniyat va tajriba mavjud. Xususan, bu jarayonlarga nufuzli xorijiy universitetlar va yetakchi korxonalardan salohiyatli mutaxassislarni jalb etish rejalashtirilgan.
Uzoq muddatli strategik hamkorlik rejalarimizdan “Oʻzavtosanoat” AJ tarmoq korxonalarining strategik rivojlanish, muammolar bankidan kelib chiqib, ilmiy tadqiqot yoʻnalishlarini belgilash va hamkorlikda ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish ham oʻrin olgan boʻlib, ushbu laboratoriyaga ilgʻor muhandislik maktabi talabalari hamda soha boʻyicha ilmiy tadqiqot qilayotgan doktorant va tadqiqotchilarni biriktirish belgilangan. Shuningdek, “Oʻzavto” akademiyasi huzurida muammolarning texnologik yechimlarini oʻrganish boʻyicha ilmiy markaz tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Taʼlimga islohotlarning hal qiluvchi kuchi sifatida qarash yaqin kelajakda yangidan yangi ixtirolarga asos boʻladi. Institut jamoasi bilan innovatsion iqtisodiyot uchun mahalliy mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirish strategik rejalarini amalga oshirmoqdamiz. Prezidentimiz bevosita bizning taʼlim muassasamizni bu borada tajriba sifatida eʼtirof etgani ushbu jarayondagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirishimiz uchun muhim omildir.
Oʻktam SALOMOV,
texnika fanlari doktori, professor
Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 229-sonida (2024-yil 12-noyabr) chop etilgan.
Hamkorlik materiali