O'zbek oilasining qirg'iz kelini

    Xonobodlik Erkinoy turizm orqali o'zbek-qirg'iz madaniyatini targ'ib qilmoqda.

    Sayohatni xush ko'rmaydigan inson bo'lmasa kerak. Ayniqsa, odamlarning yashash tarzi tobora zamonaviylashib borayotgan bugungi kunda dam olish maqsadida biror davlatga chiqish, hech bo'lmaganda, mahalliy sayohatlarni amalga oshirish odatiy holga aylangan. Shuning uchun ham, turizm jahon mamlakatlari milliy iqtisodiyotida asosiy o'rinlarni egallab turibdi va bu soha daromadliligi bo'yicha dunyoda uchinchi o'rinda turadi. Butunjahon sayyohlik tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, birgina turizmdan tushayotgan daromad yiliga 2,5-3 trillion dollarni tashkil etmoqda.

    Tadbirkorlar uchun ham turizm yo'nalishi doim jozibador bo'lgan. Ayniqsa, oxirgi yillarda mahalliy ishbilarmonlarimiz orasida sayyohlik yo'nalishida xizmatlar ko'rsatish ko'lami sezilarli oshdi. Taklifga yarasha talab ham yuqori. Ya'ni, yurtimizning barcha sohalarida ko'zga tashlanayotgan katta o'zgarishlar dunyo sayyohlarini o'ziga jalb etmoqda. Jumladan, o'tgan yili diyorimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravar oshgani haqida ma'lumotlar bor. Ichki turizm dasturlari doirasida esa 11 milliondan ziyod aholi sayohat qilgan.

    Joriy yil bu ko'lam yanada oshishi, Vatanimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targ'ib qilish yili bo'lishi kutilmoqda. 29-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ta'kidlanganidek, shu yilning o'zida 7 million xorijiy va 15 million ichki sayyohlarni jalb qilish, soha eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyatimiz bor. Qolaversa, yaqinda yurtimizda o'tkaziladigan Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yig'ilishida Samarqand — 2023-yilda Jahon turizm poytaxti deb belgilanadi.

    Tabiat bag'ridagi o'tovlar

    Odamlar nima uchun ko'proq tabiat bag'riga oshiqishi, tabiiy “bo'yoqlar”ga burkangan go'zal manzaralardan zavqlanishi haqida hech o'ylab ko'rganmisiz? Chunki, nainki ijodkor kishi, balki har qanday soha egasi toza havo, jonli tabiat manzarasidan doim zavq, ruhiy quvvat oladi. Zamonaviylik siyratimizga har qancha singib ketmasin, shuurimiz sokin tabiat tomon talpinaveradi.

    Andijon viloyati Xonobod shahridagi 800 metr balandlikda joylashgan “Oltin O'rdo” dam olish maskaniga borgan kishi shunday hislarni tuyadi. Mehmonlar mashinadan tushgani hamon, “havosi naqadar toza!”, deya ilk taassurotlarini bildiradi. Ketayotganida esa bu so'lim maskanga yana kelishini aytib, uning bekasi erkinoy Abjamilovaga minnatdorlik bildiradi.

    Mazkur dam olish maskani tog' yonbag'rida joylashgan. Atrofini go'zal tabiat manzarasi o'rab turadi. Mehmonlar uchun ovqatlanish, dam olish, yotoqxona xizmatlari taklif etiladi. O'ziga xos tomoni, bu erda qirg'iz va o'zbek millatiga xos an'analar mujassamlashtirilgan. Mehmonlar dam olishi uchun qirg'iz o'tovlari va o'zbeklarning ayvoncha, so'rilari o'rnatilgan bo'lsa, taomnomadan ham ikki millat oshxonasiga xos barcha milliy taomlarni topish mumkin. Sayyohlarning ta'biga qarab Yevropa taomlari ham tayyorlanadi.

    — O'zim shu erda tug'ilib o'sganim uchun o'rganib qolgan bo'lsam kerak, ammo uzoqroq manzillardan keladigan odam borki, Xonobodning betakror tabiatiga maftun bo'lib, havosi nihoyatda musaffo ekanini ta'kidlaydi, — deydi erkinoy opa. — Yaqin yillargacha bu joylar yopiq shahar bo'lgan. Dam olish maskanlari deyarli yo'q edi. 2017-yilda davlatimiz rahbari Xonobodni turizm shahriga aylantirish bo'yicha topshiriq berganlaridan so'ng, ushbu yashil makon sayyohlar uchun ochildi. Bu men kabi tadbirkorlar uchun ham ayni muddao bo'ldi. Birinchilardan bo'lib dam olish maskani tashkil etishga kirishdim. Menga ajratilgan er tashlandiq, qarovsiz ahvolda edi. Lekin o'z holimcha tashlab qo'yishmadi. Zarur yordamlar berilib, imtiyozli kreditlar ajratildi. Shunday qilib, katta mashaqqat bilan “Oltin O'rdo” qirg'iz-o'zbek dam olish maskanini ishga tushirdik. 30 nafar ish o'rni ham yaratdik.

    Boshida o'tovlarimiz soni kam edi, mehmonlar oqimi ham shunga yarasha bo'lgan. Hozirgi kunda o'nga yaqin o'tovlar, alohida ayvonchalar bor. O'tgan yili AQSH taraqqiyot agentligi (USAID)ning agroturizmni rivojlantirish yo'nalishida o'tkazilgan tanlovda g'olib bo'lib, yana 5 ta o'tov va 2 ta ayvonchaga ega bo'ldim. Natijada mehmonlarni qabul qilish imkoniyatimiz oshib, sayyohlar oqimi ham, daromad ham yanada ortdi. Hozir Xonobodda dam olish maskanlari soni ancha ko'paygan. Atrofda o'nlab ziyoratgohlar ham bor. Shaharchamiz vodiyning ekoturizm markaziga aylanib bormoqda.

    “Oltin O'rdo” dam olish maskaniga xorijlik sayyohlar ham ko'p keladi. Ularning qirg'iz milliy o'tovlari, taomlariga qiziqishi baland. O'tovlar ichida barcha sharoitlar muhayyo. Qishda issiq, yozda salqin bo'lishi uchun isitish va sovutish tizimlari o'rnatilgan. Ovqatlanish uchun esa tapchanlar ham, zamonaviy stol-stullar ham bor. Mehmonlar ixtiyoriga qarab ulardan biridan foydalanadi.

    O'tovlar kigizdan, haqiqiy jun matosidan tikilar ekan. Aytishlaricha, bitta o'tovni tikib, tayyor holga keltirish uchun salkam bir oy vaqt ketadi va kamida 3-4 kishi mehnat qiladi. O'tovlarning ichida qirg'iz milliy hunarmandlik mahsulotlarini ham uchratish mumkin. Tadbirkor ularni Qirg'iz Respublikasidan olib keladi. Yaqinda Andijondagi mahalliy usta-hunarmandlar bilan milliy mahsulotlarni yasab berish bo'yicha kelishib oldi. O'tovlarning birini muzey-do'konga aylantirmoqchi.

    Ko'p millatli mahalla

    Erkinoy opa asli qirg'iz millatiga mansub. Ammo Xonobodda tug'ilib o'sgan. O'zbek oilasiga kelin bo'lgan. Onasi Dilorom aya 5 farzandni yolg'iz boshi bilan katta qilgan. O'zi ham hozirgi kunda turmush o'rtog'i bilan 3 nafar farzandni tarbiya qilyapti.

    Qahramonimiz tug'ilib o'sgan Xonobod shahridagi ko'p millatli Teyit mahallasining asosiy qismini azaldan qirg'izlar tashkil etadi. Ammo orada ularning ko'pchiligi ma'lum sabablarga ko'ra ko'chib ketdi. Erkinoy opaning oila a'zolari, qarindoshlari ham o'sha kezlari o'z yurtiga ketdi. Yo'llar yopilib qolib, yillar davomida bordi-keldi aloqalari uzildi. SHunday kezlarda o'zbek oilasi uni yolg'izlatib qo'ymadi, mahalla-ko'y ham hozirgacha o'zaro qavm-qarindoshdek. Asli, yurtimizda doim shunday bo'lgan, 130 dan ortiq millat va elat vakillari do'stona, bir oiladek hayot kechirib keladi. An'ana, urf-odatlari bir-biriga uyg'un xalqlarning mehmonnavozligi ham o'xshash.

    Nihoyat, qardosh xalqlar o'rtasidagi yo'llar ochilib, do'stona aloqalar tiklangach, qirg'izlarning ko'pchiligi qadrdon Teyit mahallasiga qaytib kela boshladi. Erkinoy opa ham onasi bilan qayta diydor ko'rishdi. Hozir ular birgalikda yashamoqda. SHaharchaga mehmon bo'lib kelayotgan qirg'izlar ham ko'p. Ular hududlarda ko'payib borayotgan mehmon uylarida qolib, dam olib ketishyapti.

    Qahramonimiz turli millatlar ahil, totuv hayot kechirayotgan, tadbirkorlar, ayniqsa, xotin-qizlar har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgan shunday yurtda yashayotganini doim iftixor bilan gapiradi. Asli, ishbilarmonlikni 20 yil oldin go'zallik saloni ochishdan boshlagan ayol ilk davrlardagi qiyinchiliklarini yaxshi eslaydi. Bugunga qadar ko'plab shogirdlar chiqardi. Hozir maktab bitiruvchilariga o'quv darslari o'tib, iqtidorlilarni o'zi ish bilan ta'minlayapti.

    Oxirgi yillardagi rag'bat, imtiyozlardan foydalana boshlashi ham qiziq bo'lgan. Ilk bor imtiyozli kredit olayotganida, qaytara olmasligidan juda qo'rqqan. Ammo bu ishini kengaytirishiga imkoniyat ekani bois, yana kredit oldi va ularni o'z vaqtida to'ladi ham.

    Erkinoy opaning tadbirkorlik salohiyatini viloyatda ko'pchilik yaxshi biladi. U o'zidagi qobiliyatni boshqalarga ham o'rgatib, ko'proq odamlarni ish bilan ta'minlashga intiladi. Bugungi kunda Teyit mahallasida xotin-qizlar faoli lavozimida ishlab kelmoqda. Bir qancha yo'nalishlarda ish o'rinlari yaratishga ham erishdi. Yaqinda mahalladagi foydalanilmay turgan binoda xotin-qizlar uchun turli yo'nalishlarda tsexlar tashkil qilmoqchi.

    Hududda milliy qadriyatlar, an'analarni davom ettirib, avloddan avlodga etkazayotgan oilalar ko'p. Ulardan biri shu mahallada istiqomat qiladigan Nortoji Bakirova. Ayol Erkinoy opaning ko'magida 5 million so'm imtiyozli kredit olib, qirg'iz milliy sholchalari, bolishlari, ko'rpa-to'shaklar tikishni yo'lga qo'ydi. Bu hunar unga ona meros. Hozir o'zi shu hunar ortidan yaxshigina daromad topyapti, bir yilga qolmasdan kreditni yopib bo'ldi. Mahalladagi 4 nafar xotin-qizni ish bilan ta'minlagan. Bundan tashqari o'zining kelinlari, qo'ni-qo'shnilarga ham hunarini o'rgatib kelyapti. Mahsulotlarining xaridorlari ko'p.

    “Mehmonlarga eng yaxshisini ilinamiz”

    Hozir tog' yonbag'irlarida ayni dam olish mavsumi boshlanmoqda. Erkinoy opaning sayyohlik maskanlari, allaqachon, mehmonlarga o'z eshiklarini ochgan. Yaqinda u yerda kichik bog' tashkil etib, rezavor mevalar ekiladi. Bu Erkinoy opaning g'oyasi — mehmonlar rezavor mevalarni tomosha qilib, ulardan ta'tib ko'rishlarini istaydi.

    Bu sayyohlarda ham o'zgacha taassurot qoldirib, ularni tabiatga yanada yaqinlashtiradi. Axir, so'nggi yillarda dunyo aholisi orasida tabiiy yoki ekoturizmga qiziqish ortib boryapti. Qolaversa, turistik xizmatlarning tobora rivojlanishi natijasida sayyohlarga agroturizm, arxeologik, etnografik, diniy turizm, ekstremal sharoitlar turizmi va boshqalar keng taklif etilmoqda. Hatto, mutaxassislar mazkur yo'nalishlar odatiy turizmdan ko'ra ko'proq ommalashayotgani va muayyan bir mavzuga asoslangan yo'nalishlarda sayohat qilish istagi ortayotganini ta'kidlamoqda.

    Ma'lumotlarga ko'ra, sayyohlik bozorida ekoturizmdan keladigan daromad 10—18 foizni tashkil etar ekan. Sayyohlikning bu turi nafaqat katta daromad manbai ekani, balki tabiatni muhofaza qilish, noyob o'simliklar va hayvonot dunyosini saqlash va ko'paytirish muammolarini hal qilishdagi ahamiyati bilan ham ajralib turadi. Ya'ni, ekologik turizm tabiatni muhofaza qilishdagi yangicha yondashuvdir. U orqali odamlarni atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga chorlash samaraliroq.

    Qahramonimiz sayyohlar talabini doim o'rganib, ularga ma'qul keladigan takliflarni berishga intiladi. Taomnomadan tortib, xizmat ko'rsatish turlarigacha boyitib borish harakatida. Dam olish maskanida haqiqiy qirg'iz qimizi (ichimlik)ni ta'tib ko'rish imkoni ham bor. erkinoy opa qimizni ham shaxsan o'zi Qirg'izistondan, sinovdan o'tgan fermerlar qo'lidan olib, laborator tahlillaridan o'tkazgan holda olib keladi. Chunki mehmonlariga eng sifatli, toza mahsulotlarni ilinadi. Kelgusida sayyohlik maskanida ot sportini ham tashkil qilib, qimiz tayyorlashni yo'lga qo'ymoqchi. O'tov-mehmonxonalarni ishga tushirish rejalari ham bor.

    Ammo asosiy maqsadi ko'proq xotin-qizlar bandligin ta'minlab, hududning turizm, iqtisodiy imkoniyatlari oshishiga hissa qo'shishdan iborat. Ayol shu yurtning bir bo'lagi sifatida uning taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashamoqda.

    — Men O'zbekistonning eng baxtli qirg'iz qiziman, — deydi erkinoy Abjamilova. — Mening vatanim shu er. Men shu erda tug'ilib, voyaga etdim. Har sohada meni qo'llab-quvvatlashadi, yordam berishadi. Boshqa millat vakili ekanimni sezmayman ham. Bu yurt, bu Vatan menga hamma narsani berdi. Doim nima qilsam, yurtimga ko'proq foydam tegadi, deb o'ylanaman. Kelajakda yangi loyihalar bilan ko'proq odamlarni ish bilan ta'minlab, shu yurtim taraqqiyotiga xizmat qilishga bel bog'laganman.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 16.05.23 y, 94-sonida e'lon qilindi)