“Oʻzbekgidroenergo” AJning 9 oylik natijalari tahlil qilindi

    2024-yil 9-oktyabr kuni “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov rahbarligida Jamiyat faoliyatining 2024-yil 9 oylik natijalari tahlili hamda 2025-yilga puxta hozirlik koʻrish boʻyicha kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

    Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtkazilgan yigʻilishda Jamiyat ijro apparati xodimlari, tizim korxona va tashkilotlari rahbarlari va masʼul xodimlari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda Jamiyat va tizim korxonalarida joriy yilning 9 oyi davomida belgilangan rejaviy koʻrsatkichlar asosida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi, erishilgan natijalar hamda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar tanqidiy jihatdan koʻrib chiqildi.

    Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov qator yoʻnalishlar boʻyicha erishilgan natijalarga toʻxtalib oʻtar ekan, barcha yutuqlar oʻzimizniki ekanligi, lekin xato va kamchiliklardan aslo koʻz yumib boʻlmasligini, ayniqsa, energiya hosil qiluvchi korxonalarga yaratib berilgan qulay sharoit va keng imkoniyatlardan unumli foydalana olmagan hamda belgilangan rejaviy koʻrsatkichlarni bajara olmagan rahbarlarni qattiq ogohlantirib, ularni yil yakuni bilan oʻz lavozimiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqish zarurligini bildirdi.

    Tahlillarga koʻra, joriy 9 oylikda belgilangan reja koʻrsatkichlarni bajarishda ayrim sohalar boʻyicha masʼullar tomonidan qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.

    Jumladan, hisobot davrida investitsiya loyihalari doirasida qurilish-montaj ishlari, suv omborlari xavfsizligi va modernizatsiyasi, asosiy faoliyatdan tashqari qoʻshimcha daromad hamda ayrim aksiyadorlik jamiyatlari biznes reja koʻrsatkichlari bajarilmagan. Shu bilan birga, loyiha ishlarini hamda obyektlarni Davlat va Ishchi qabul komissiyalarini rasmiylashtirish ishlari ham ortda qolmoqda.

    Yigʻilishda energiya hosil qiluvchi tizim korxonalarining ishlab chiqarish koʻrsatkichlari tahlil qilindi.

    GES va Kaskadlar tomonidan 2024-yil yanvar-sentabr oylarida 6 482 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, reja 108%ga, oʻtgan yilga nisbatan esa 116 %ga bajarildi.

    Umumiy kesimda rejaviy koʻrsatkichlar bajarilgan boʻlsada, biroq, hisobot oyida Samarqand GESlari kaskadi (89%), Andijon GES (96%), Ohangaron GES (89%), Hisorak GES (82%) va Qamchiq GES (96%) tomonidan elektr energiya ishlab chiqarish rejaviy koʻrsatkichlari bajarilmagan.

    Tahliliy natijalarga koʻra, quyidagi GESlar tomonidan oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ishlab chiqarish koʻrsatkichi 72 mln kVt.soatga kam ishlab chiqarilgan. Jumladan:

    1. GES-2B (Samarqand) – 18,1 mln kVt.soatga kam;

    2. Ohangaron GES – 8 mln kVt.soatga kam;

    3. GES-23 (Quyi Boʻzsuv) – 5,7 mln kVt.soatga kam;

    4. Qamchiq GES – 2,5 mln kVt.soatga kam;

    5. GES-11 (Qodiriya) – 2,4 mln kVt.soatga kam.

    Bu esa, oʻz navbatida, oʻrnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsenti (KIUM) koʻrsatkichiga salbiy taʼsir qilgan.

    Hisobot davrida KIUM oʻrtacha – 45%ni tashkil etgan. Bu soʻnggi yillar bilan solishtirganda eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Shu bilan birga, quyidagi GESlarda KIUM oʻrtachaga nisbatan tushib ketgan. Xususan:

    1. GES-3B mikroGES (Samarqand) – 28%, Urgut GES – 12% va Shaudar GES – 30%;

    2. Oltinkoʻl mikroGES (Shahrixon) – 10% va Vodil mikro GES – 15%;

    3. Ertoshsoy GES (Ohangaron) – 26%;

    4. Hisorak GES – 21%.

    GESlarning oʻrtacha foydali ish koeffitsenti (FIK) 90-95 foizni tashkil etgan boʻlsa, quyidagi GESlarda FIK koʻrsatkichlari loyiha quvvatiga nisbatan ancha past koeffitsentni tashkil etgan.

    Jumladan, Samarqand GESlar kaskadi korxonasi tarkibidagi qariyb barcha GESlar loyiha doirasidagi belgilangan FIKga chiqmagan, oʻrtacha FIK – 70 %ni tashkil etib, oʻrnatilgan quvvatlarga nisbatan – 16 %ga tushib ketgan.

    Shuningdek, Shahrixon GES tarkibidagi Oltinkoʻl mikroGES (75% – 17%ga kam) va Vodil mikroGES (72% – 17%ga kam), Ohangaron GES tarkibidagi Ertoshsoy GES (78% – 17%ga kam) foydali ish koeffitsenti keskin tushib ketgan.

    Yigʻilishda mikroGESlar faoliyatiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

    Aytish joizki, mikroGES loyihalarini amalga oshirishdan koʻzlangan asosiy maqsad, mavsumning suv kam yoki tanqis boʻlgan vaqtlarida, elektr energiyasi ishlab chiqarishning uzluksizligi va barqarorligini saqlab qolish koʻzda tutilgan.

    Biroq, bu borada amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar kutilgan natijani bermayapti, deyish mumkin.

    Shuningdek, yigʻilishda 2024-yil 9 oyi davomida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi boʻyicha qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyilgan. Bu holatlar – “Hisorak GES” (F. Qurbonov), “Samarqand GESlar kaskadi” (B. Pirmuxammedov), “Andijon GES” (M. Nuriddinov), “Ohangaron GES” (I. Raxmonov), “Oʻrta Chirchiq GESlar kaskadi” (A. Olimov) hamda “Chirchiq GESlar kaskadi” (A. Shodmonov) da kuzatilgan. Mazkur korxonalar rahbarlari va masʼul xodimlari jiddiy ogohlantirilib, bu holatlarni oldini olish boʻyicha zaruriy topshiriqlar berildi.

    “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida hududlarda obodonlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirilishida ham kamchiliklar kuzatilmoqda.

    Jamiyat tegishli buyrugʻiga asosan belgilangan barcha tadbirlar joriy yilning iyun oyiga qadar (4 oy oldin) toʻliq yakunlanishi belgilangan boʻlsada, barcha tegishli mablagʻlar oʻz vaqtida moliyalashtirib berilganligiga qaramasdan korxonalar rahbarlari eʼtiborsizligi bois, “Oʻrta Chirchiq GESlar kaskadi” (A. Olimov), Shahrixon GESlar kaskadi (T. Axmedov), “Ohangaron suv ombori” (I. Raxmonov), Qamchiq GES (J. Xolboyev) tomonidan hozirga qadar sugʻorish tizimini oʻrnatish ishlari toʻliq yakuniga yetkazilmagan.

    Eng achinarlisi, korxonalarda doimiy suv boʻlishiga qaramasdan, ekilgan koʻchatlarning qurib qolish holatlari hamon davom etmoqda.

    Yigʻilishda yil yakuniga qadar 3 oydan kamroq vaqt qolganligini inobatga olib, nafaqat 2024-yil 4-choragini, balki 2025-yil uchun istiqboldagi rejalarni belgilash va ularni amalga oshirish maqsadida hozirdanoq zamin yaratish muhimligini inobatga olib, qator masalalar muhokama qilindi.

    Tadbir yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli masʼul rahbarlarning hisobotlari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha zaruriy topshiriqlar berildi.

    Axborot xizmati

    Реклама