Bu maqsad Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning yangi bosqichda davom etayotganini anglatadi. Xususan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mazmun-mohiyatida xalqimiz xohish-irodasi hamda koʻp yillik muammolari yechimi ifodalanganligi bilan yanada ahamiyatlidir.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi besh ustuvor yoʻnalish boʻyicha 100 ta muhim maqsadni qamrab olgan. E’tiborli jihati shundaki, startegiya orttirilgan tajriba, keng jamoatchilik muhokamasi va xalqaro ekspertlar fikr-mulohazalari asosida yuzaga keldi.

Strategiyaning “Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlarni yaratish” deya nomlangan birinchi yoʻnalishi 44 ta maqsadni jumladan, aholi talablariga va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan ta’lim tizimi yaratish, aholi salomatligini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish va kambagʻallikni qisqartirish, yoshlarga oid davlat siyosati va sport, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlarni qamrab olgan.

Jumladan, ta’lim islohotlarining 12 ta yoʻnalish va maqsadlarini amalga oshirish mexanizmlari keltirilgan. Unga koʻra, 2030-yilgacha yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qoʻshma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish hamda 5 ta oliy ta’lim muassasasini milliy tadqiqot oliygohlariga aylantirish kabi islohotlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Strategiyada ta’lim tizimining barcha bosqichlarida 2030-yilgacha belgilangan vazifalar keyingi 5 yilda oʻzining samarasini berishini prognozlash mumkin. 

Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini ta’minlash deya nomlangan ikkinchi yoʻnalish 17 ta maqsadni, xususan, “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirish, fiskal barqarorlikni ta’minlash va davlat majburiyatlarini samarali boshqarish, mahalliy xomashyo bazasidan samarali foydalanish va ilgʻor texnologiyalarga asoslangan sanoatni hamda uning “drayver” sohalarini rivojlantirish, hududlarning sanoat salohiyatini toʻliq ishga solish, mamlakatimizning investisiyaviy jozibadorligini yanada oshirish va qimmatli qogʻozlar bozorini jadal rivojlantirish, “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, uning asosi boʻlgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, Oʻzbekiston  Respublikasining global transport-logistika tarmoqlariga integrasiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimining salohiyatini yuksaltirish, qishloq xoʻjaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish, milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirish va uning tarkibida qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan mahsulotlar ulushini keskin oʻstirish, Oʻzbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish kabi islohotlarni amalga oshirishni koʻzlagan.

Ta’kidlash joizki, mazkur yoʻnalishlar doirasida kelgusi yetti yilda iqtisodiyot hajmini ikki barobarga oshirish, xususan, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollar, aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy rivojlanishni zarur darajadagi energetika, suv va infratuzilma resurslari bilan, shu bilan birga, 2030-yilga borib yillik inflyasiyani 5-6 foiz darajasida ta’minlash, hududlarning investision reytingini yuritish, har bir hududning imkoniyatlaridan kelib chiqib, uning investorlar uchun jozibadorligini yanada oshirish, dunyoning 50 ta nufuzli brendlari bilan maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil qilish, “Yangi Oʻzbekiston  – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” gʻoyasi asosida milliy brendlarni xorijiy bozorlarga olib chiqadigan eksportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, hududlarda xizmat koʻrsatish va servis sohalarini rivojlantirish orqali xizmat koʻrsatish hajmini 3 baravarga oshirish, urbanizasiya darajasini 51 foizdan 60 foizga yetkazish choralarini koʻrish hamda mamlakatda qulay investisiyaviy va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish maqsad qilingan.

 Uchinchi yoʻnalishSuv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish deb nomlangan boʻlib, unda 12 ta maqsad jumladan, respublikada suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi sohasida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, irrigasiya tizimi va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, soha boshqaruviga xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish, “Yashil energiya” texnologiyalarini keng amalga oshirish doirasida nasos stansiyalarining elektr energiyasi iste’molini kamaytirish, respublikada ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga ta’sir oʻtkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini rivojlantirish, oʻrmonlar maydonini kengaytirish, Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik muammolarning salbiy ta’sirini yumshatish, iqlim oʻzgarishi salbiy ta’sirining oldini olish, biologik xilma-xillik ishonchli saqlanishini ta’minlash, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, uning tabiiy tarkibini saqlash boʻyicha keskin choralar koʻrish belgilangan.

Toʻrtinchi yoʻnalishQonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish deb nomlangan boʻlib, unda 16 ta maqsad xususan, aholi farovonligini ta’minlash va hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari oʻrtasidagi “tayanch koʻprik”ka va xalqning chinakam “ovoziga” aylantirish, mahalliy davlat hokimiyati ijro organlari faoliyatini transformasiya qilib, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyish, davlat xizmatlarini raqamlashtirishning koʻlamini kengaytirish orqali aholi uchun “Servis davlat” tizimini joriy qilish, fuqaro va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarga barham berish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “Xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida tashkil etish, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish, Konstitusiya va qonunlarning ustuvorligini hamda inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish hamda ma’muriy adliya tizimini yanada rivojlantirish, sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yoʻnaltirish, advokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, malakali huquqiy yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish hamda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish koʻzlangan.

Beshinchi yoʻnalish ““Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish deb nomlangan boʻlib, unda 11 ta maqsad jumladan, Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil amalga oshirish, Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, an’anaviy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, global ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlariga qoʻshilish, Jahon savdo tashkilotiga toʻlaqonli a’zo boʻlish, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish, tashqi mehnat migrasiyasi tizimini takomillashtirish, xorijda mehnat faoliyatini yuritayotgan fuqarolarga har tomonlama koʻmak koʻrsatish, fuqarolarning axborotni erkin izlash, olish va tarqatishga doir huquqlarini amalga oshirish kafolatlarini yanada kuchaytirish, jahonda sodir boʻlayotgan murakkab global jarayonlarni inobatga olgan holda Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirish, favqulodda vaziyatlar va global iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq aholi hayotiga xavf soluvchi ofatlarning oldini olish, chegaralar xavfsizligini mustahkamlash hamda jamiyatda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish kabi islohotlar oʻrin olgan.

O’z navbatida, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni 2024-yilda strategiyada rejalashtirilgan islohotlarni sifatli va oʻz vaqtida ta’minlashga qaratilgan. Shu bois, undagi yoʻnalishlarning barchasida xalq va mamlakat manfaatlari birinchi oʻringa qoʻyilgan.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi nafaqat yurtimizning kelgusi yetti yillik taraqqiyot yoʻlini, balki uning uzoq yillik rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi hujjatdir. Undagi maqsadlarning ijrosi oʻz vaqtida ta’minlanishi esa davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishida muhim omil boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

 

H.N.Oblomuradova,

TDYU dosenti,

falsafa fanlari boʻyicha
falsafa doktori (PhD)