"O‘zbekiston – Ozarbayjon: hamkorlikning yangi ufqlari" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

    Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Ozarbayjon xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi tomonidan tashkil etildi.

    Forumda ikki davlatning yetakchi tahliliy va tadqiqot tuzilmalaridan 30 dan ortiq mutaxassis va siyosatshunoslar, diplomatik korpus vakillari, Ozarbayjon Milliy Majlisi deputatlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

    Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi boshqaruvi rahbari F. Shafiyev o‘z nutqida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik holatiga yuqori baho berib, Prezident Ilhom Aliyevning o‘tgan yili Toshkentga tashrifi chog‘ida qo‘yilgan "yaxshi poydevor"ni qayd etdi.

    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga bo‘lajak davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlariga yangi sur’at bag‘ishlashi, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

    Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o‘rinbosari Sh.Fayziyev O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligi izchil mustahkamlanib, kengayib borayotganini, bunga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning o‘tgan yili mamlakatimizga tarixiy tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralari turtki bo‘lganini ta’kidladi.

    Prezidentlar tomonidan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni turli darajalarda mustahkamlash va rivojlantirishga tayyor ekanliklarini namoyon etgani muhim natijalardan biri bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

    O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Markaziy Osiyoda erishilayotgan ijobiy o‘zgarishlar barcha sohalarda o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligini, jumladan, hududlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoit yaratayotgani ta’kidlandi.

    Ozarbayjon ekspert doiralari vakillari ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollarini, shuningdek, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini yuqori baholadi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonning yangi mintaqaviy yo‘nalishi tufayli Markaziy Osiyoda qulay siyosiy muhit yaratilgani o‘zaro ishonchni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Mintaqada shakllangan jarayonlar Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar ochayotgani e’tirof etildi.

    Uchrashuvda Ozarbayjon tomoni ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollariga ham alohida e’tibor qaratdi. Transport, sanoat kooperatsiyasi, energetika, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika va kimyo sanoati kabi sohalardagi hamkorlikka katta qiziqish bildirildi.

    Muhokamalar doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston bilan Ozarbayjon hamkorligining holati va istiqbollarini atroflicha tahlil qildi, rivojlanish va izchil rivojlantirishni talab qiladigan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldi, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan takliflar bildirildi.

    Tadbir ishtirokchilari o‘zaro fikr almashishning dolzarbligini ta’kidlab, shu kabi formatdagi yaqin aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.

    Ozarbayjon tahliliy tuzilmalari bilan o‘tkazilgan qo‘shma davra suhbati natijasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) Ozarbayjon xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi (XMTM) bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.

    Ushbu shartnoma MOXI va XMTM o‘rtasidagi hamkorlikka tizimli tus berishga mo‘ljallangan bo‘lib, unda qo‘shma “davra suhbatlari”, seminarlar, konferensiyalar, ilmiy tadqiqotlar va h.k. o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

    Ma’lumot uchun: XMTM Ozarbayjon Prezidentining farmoni bilan 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi Ozarbayjonda va jahonda ro‘y berayotgan muhim xalqaro jarayonlarni tahlil qilish, xalqaro muammolar bo‘yicha tadqiqot materiallari va ma’ruzalarni tayyorlash, Ozarbayjon bo‘yicha tadqiqotlarni kengaytirish, xavfsizlik jarayonlari va muammolarini o‘rganishdan iborat.