Mustaqillik yillarida O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi strategik hamkorlikning huquqiy asosi sifatida qator tarixiy hujjatlar imzolandi. Do'stona munosabatlarni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish, o'zaro yordamni ayamaslik mazmunidagi 1996 yil 16 yanvar, 2004 yil 19 noyabr va 2007 yil 18 oktyabrdagi kelishuv hujjatlari – shartnomalar shular jumlasidan.
Bugun O'zbekistonning yaqin strategik hamkorlaridan biri – Turkmaniston bilan amalga oshirilayotgan va tobora yangi bosqichga ko'tarilayotgan o'zaro do'stlik aloqalari haqida so'z yuritish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ikki do'st davlatlar o'rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish, hamkorlikning yangi yo'nalishlari va istiqbollarini belgilagan holda o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirildi. Birgina 2017 yilda O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 177 million dollarni tashkil qilib, bu o'tgan davrdagiga nisbatan 3 barobar ko'p demakdir.
Shu o'rinda aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari orasida 206 mingdan ziyod turkman birodarlarimiz jonajon yurtimiz taraqqiyoti yo'lida mehnat qilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda turkmanlarning milliy madaniyati, tili, an'analari va urf-odatlarini asrash hamda rivojlantirish maqsadida Respublika turkman madaniy markazi faoliyati uchun barcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratilgan.
O'zbekiston va Turkmanistonning o'zaro do'stona va strategik hamkorligi uch muhim jihati bilan ajralib turadi.
Birinchidan, hamkorlik aniq tarmoq, soha va yo'nalishlar kesimida amalga oshirilmoqda. Xususan, ikki davlat o'rtasidagi aloqalar, ayniqsa, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda yanada kengaytirildi.
Ikkinchidan, strategik sheriklik munosabatlari shartnomaviy-huquqiy jihatdan mustahkamlanib, o'zaro majburiyatlarni ta'minlash borasidagi yuksak mas'uliyatni anglash va samarali bajarish uchun turtki bo'lmoqda.
Uchinchidan, o'zaro manfaatli hamkorlik muhim strategik masalalar yuzasidan yagona va to'g'ri bo'lgan qarashlarning shakllanishiga sabab bo'lmoqda. Xususan, mintaqada ekologik vaziyatni sog'lomlashtirish, Markaziy Osiyo suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish, ishonchli va xavfsiz transport yo'laklarini yaratish, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona to'g'risidagi Shartnoma doirasida hamkorlik kabi masalalar shular jumlasidan.
Shuningdek, O'zbekiston – Turkmaniston o'rtasidagi hamkorlikning quyidagi muhim jihatlari va yo'nalishlariga alohida e'tibor qaratmoq lozim.
Birinchidan, O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga ko'tarildi.
Xususan, 2017 yil 1 iyun kuni O'zbekiston Respublikasining “O'zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o'rtasida strategik sheriklik to'g'risida shartnomani (Ashxobod, 2017 yil 6 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur shartnoma do'stona munosabatlarning mantiqiy davomi sifatida xalqlarimiz hamkorligi yangi bosqichga ko'tarilishi, pozitsiyalarni o'zaro kelishish asnosida strategik sheriklik mustahkamlanishi, o'rta va uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik dasturlari ishlab chiqilishi, tadbirkorlar o'rtasida hamkorlik izchil rivojlanishi, o'zaro tovar aylanmasi, mahsulot va xizmatlar etkazib berish hajmi oshishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, xavfsizlikka yangi tahdid va xurujlarlarga qarshi birgalikda kurashish uchun muhim huquqiy asoslarni belgilab bergani bilan ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari va muzokaralarida ko'tarilgan muhim masalalar o'zbek va turkman xalqlarining hayotida o'z ifodasini topmoqda.
Gap shu haqda ketganida, birgina 2017 yilda O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga 3 marta davlat va amaliy tashrifi amalga oshirilganini ta'kidlash o'rinli.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 6–7 mart kunlari Turkmanistonga ilk davlat tashrifi ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik sohasida tub burilish yasadi. Tashrif yakuniga ko'ra, ikki davlat rahbarlari Qo'shma bayonotni, O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida strategik sheriklik to'g'risidagi shartnomani imzoladi. Tegishli vazirlik va idoralar o'rtasida iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik dasturlari, O'zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo'jaligi texnikalari va kimyo mahsulotlari etkazib berish to'g'risidagi shartnomalar, Xorazm viloyati bilan Dashovuz viloyati, Buxoro viloyati bilan Lebap viloyati hokimliklari o'rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik to'g'risida bitimlar imzolandi.
O'zbekiston Prezidentining 2018 yil 24 avgustdagi, 2019 yil 10 oktyabrdagi, 2021 yil 29 apreldagi Turkmanistonga amaliy tashriflari davomida ham O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko'p qirrali hamkorlik va mintaqaviy sheriklikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Turkmaniston Prezidentining 2018 yil 23–24 aprel kunlari O'zbekistonga davlat tashrifi ham do'stlik munosabatlari va strategik sheriklikni rivojlantirishda muhim voqea bo'ldi. Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuxamedovning Qo'shma bayonoti imzolandi.
Bundan tashqari, tashrif davomida ikki davlat o'rtasida 17 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, shuningdek, umumiy qiymati 250 million AQSH dollaridan ortiq bo'lgan savdo shartnomalari va bitimlari paketi imzolandi. Ushbu hamkorlik xalqlarimiz hayotida o'z ifodasini topishi maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 oktyabrdagi “Turkmaniston Prezidentining O'zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi yakunlari bo'yicha imzolangan shartnomalar va bitimlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjatlar asosida amalga oshirilgan ishlarning natijasini bugun ikki davlat xalqlari o'z hayoti va taqdirida his etmoqda desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.
Mazkur hujjatlar misolida ham ko'rish mumkinki, O'zbekiston va Turkmaniston eng ishonchli hamkorlar sifatida tarixiy do'stlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan birdek manfaatdordir.
Uchinchidan, O'zbekiston va Turkmaniston parlamentlari o'rtasida hamkorlik aloqalari rivojlandi.
2020 yilning 10 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkmaniston Mejlisi bilan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo guruhini tashkil etish to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Hozirgi vaqtda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkmaniston Mejlisi bilan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo guruhi tomonidan faol amaliy harakatlar amalga oshirilmoqda.
To'rtinchidan, so'nggi yillarda savdo-iqtisodiy sohadagi o'zaro hamkorlik shartnomaviy-huquqiy jihatdan yanada mustahkamlandi.
Shu asosda ikki tomonlama imtiyozlar va savdo sohasida ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi tartiblar joriy etildi. Aytish kerakki, Turkmaniston erkin savdo rejimini yaratgan holda savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi bitimlar imzolangan 10 ta davlat sirasiga kiradi.
Beshinchidan, ikki buyuk xalq o'rtasidagi qadimiy tarix va madaniyatga e'tibor mutlaqo o'zgardi.
Bir makonda mushtarak maqsadlar asosida yashab kelgan o'zbek-turkman xalqlarining o'zaro uyg'unlikdagi etnografik madaniyatini targ'ib etish maqsadida O'zbekiston Respublikisi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 dekabrdagi “Xorazm viloyatidagi “O'zbek–Turkman do'stlik uyi” va “Ulli hovli” majmuasi” direktsiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida Urganch tumani G'oybu qishlog'i “Turkmanlar” mahallasi hududidagi “O'zbek–Turkman do'stlik uyi” va “Ulli hovli” majmuasida joylashgan bino va inshootlarni saqlash, kelajak avlodga etkazish bo'yicha ko'plab sa'y harakatlar amalga oshirildi.
2018 yil 23 aprel kuni Toshkent shahrida Ashxobod sayilgohi ochildi, 2016 yil noyabrda mamlakatimizda Turkmaniston madaniyati kunlari, 2017 yil noyabrda esa Turkmanistonda O'zbekiston madaniyati kunlari o'tkazildi.
Bu ham ikki qardosh xalqning mushtarak madaniyati va tarixiga qaratayotgan yuksak e'tibori namunasidir.
Oltinchidan, Turkmaniston bilan yaqin qo'shnichilik va oqilona tashqi siyosatni amalga oshirish masalasi yillik davlat dasturlari va strategik rejalarda alohida nazarda tutilmoqda.
Jumladan, “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining 97-bandiga asosan “mamlakatimiz transport-logistika tarmog'ini rivojlantirish va xalqaro koridorlarga integratsiyalash maqsadida Turkmaniston bilan yuk tashuvlarini tashkil etgan holda respublikaning tranzit salohiyatini oshirish” hamda “O'zbekiston — Turkmaniston — eron — O'mon” yo'nalishidagi transport yo'laklarini rivojlantirish, 272-bandiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Turkmaniston bilan oliy va yuqori darajada o'zaro tashriflarni tashkil etish orqali yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo'lidagi mavjud to'siqlarni birgalikda hal etishga erishish ko'zda tutilgan.
Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga bu galgi rasmiy tashrifi yuqoridagi ustuvor maqsad va vazifalarni ro'yobga chiqarish barobarida, joriy yilning 6-7 avgust kunlari Turkmanistonning Avaza shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvida ko'tarilgan ikki qardosh xalqning hayoti va taqdiri uchun muhim bo'lgan ustuvor masalalarni yana bir bor muhokama qilishga, asrlar mobaynida shakllanib kelgan do'stlik rishtalari mustahkamlanishiga, xalqaro siyosat maydonida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar yuzasidan fikrlar almashishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Akbarshoh TESHABOEV,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament
tadqiqotlari instituti bo'lim boshlig'i