Tadbirga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Botir Atdayev hamraislik qildi. Unda ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Konstruktiv fikr almashish chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, mavjud kelishuvlarni amalga oshirishning borishi muhokama etildi, koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda yaxshi natijalarga erishilganligi qayd etildi. Oxirgi 5-yil ichida tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar koʻpayib, oʻtgan yil oxiriga kelib 1 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, bor imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, jumladan, Oʻzbekiston -Turkmaniston chegarasidagi savdo zonalarini ishga tushirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Tomonlar kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika sanoatida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning dolzarb masalalarini, shuningdek, hududlararo forumi, Oʻzbekiston-Turkmaniston ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari hamda savdo-sanoat koʻrgazmalari kabi hamkorlik formatlarini rivojlantirish choralarini koʻrib chiqdilar.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi transport aloqalarini kengaytirishni nazarda tutgan holda, transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari alohida muhokama etildi. Turkmaniston tomonini amaldagi va rejalashtirilayotgan multimodal transport yoʻlaklariga qoʻshish hamda ikki davlat hududi orqali xalqaro tashishlar ishtirokchilari uchun viza tartib-taomillarini soddalashtirish masalalarini hal etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ham koʻrib chiqdilar. Bu borada qoʻshma taʼlim dasturlarini yaratish, qishloq va suv xoʻjaligi sohasida kadrlar tayyorlash, oʻqituvchi va talabalar almashinuvi, shuningdek, turizmni rivojlantirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar Qoʻshma komissiyaning 18-yigʻilishining yakuniy bayonnomasini hamda talabga ega boʻlgan tovarlar va xizmatlarni oʻzaro yetkazib berish uchun yangi imkoniyatlar ochuvchi kelishuvlarni imzoladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.