Davra suhbatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochdi va olib bordi.
Tadbirda qayd etilganidek, O‘zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarlari birgalikda olib borayotgan istiqbolli strategik hamkorlik siyosati tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda, shu jumladan inson huquqlari sohasida ham o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi va yanada yuqori bosqichlarga ko‘tarildi.
Tadbirda Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish jamiyati doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Szyan Szyango va Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro munosabatlar faollashib, ko‘p tomonlama muloqotlar mustahkamlanib borayotganiga e'tibor qaratildi. Mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida e’tirof etildi.
Tadbirda xitoylik mehmonlarga mamlakatimizda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar, shuningdek, «O‘zbekiston-2030» strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari to‘g‘risida atroflicha axborot taqdim etildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.
Davra suhbatida Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi Akademiyalari, Toshkent Davlat yuridik universiteti, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari, fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etdi. Tadbirda davlat organlari, ilmiy-ta’lim muassasalari va nodavlat tashkilotlardan jami 40 dan ortiq ekspert qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.