Eng muhimi, mamlakatimizda insonparvarlik siyosatining amalga oshirilishi natijasida millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, shu zaminda yashab, mehnat qilayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklari yuksak qadr topdi.

Shu kunlarda Oʻzbekiston va uning koʻpmillatli xalqi muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi arafasida turibdi. Keksayu yosh – barcha birdek mamlakat taraqqiyoti, kelajagi uchun munosib, deb bilgan nomzodga ovoz berishga hozirlanmoqda. Demak, 24-oktyabr kuni xalqimiz oʻz siyosiy irodasini bildirib, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishga qodir, farovon hayot asoschisi boʻla oladigan oʻz yetakchisini saylaydi.

Bu jarayonda hamjihatlik, bagʻrikenglik tamoyillari ham gʻoyat muhim ahamiyat kasb etishi tabiiy. Shu maʼnoda taʼkidlash joizki, yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolar millatidan qatʼi nazar teng saylash va saylanish huquqiga ega. Konstitutsiyamiz va Saylov kodeksida Oʻzbekiston fuqarolari jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar saylash, shuningdek, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylanish huquqiga egaligi belgilab qoʻyilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat, qator diniy konfessiya vakillari doʻst boʻlib, hamjihatlikda yashab keladi. Yurtimizda millatlar doʻstligini yanada mustahkamlash, ularning emin-erkin hayot kechirishi va faoliyat yuritishini taʼminlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Eng muhimi, mamlakatimizda insonparvarlik siyosatining amalga oshirilishi natijasida millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, shu zaminda yashab, mehnat qilayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklari yuksak qadr topdi.

Saylov jarayonlarida ham bu borada qator sharoitlar yaratilgan. Jumladan, Saylov kodeksining 31-moddasiga muvofiq, Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining koʻpchiligi soʻzlashadigan tillarda nashr etiladi.

Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan turli millatlar manfaatlarini inobatga olgan holda, Prezidentlikka nomzodning tarjimayi holi hamda Saylovoldi dasturi oʻzbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillarida chop etiladi.

Respublika miqyosidagi gazetalar tomonidan nomzodlarga oʻzbek, rus, tojik va qozoq tillarida tashviqot uchun bepul nashr maydoni yaratib berilgan. Xususan, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan Prezidentlikka nomzodlar uchun saylovoldi tashviqoti davrida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublika va mahalliy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, “Yangi Oʻzbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo”, “Ovozi tojik”, “Nurli jol” gazetalarida hamda mahalliy gazetalarda bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylov kampaniyasida millatlararo tenglik, hamjihatlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Saylovni oʻtkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolari orasida turli millat vakillari borligi fikrimiz dalilidir.

Jumladan, okrug saylov komissiyalarida 232 nafar oʻzbek, 12 nafar qoraqalpoq, 3 nafar qozoq, 5 nafar rus, 2 nafardan tojik va koreys hamda boshqa millatga mansub 7 nafar vakillar bor. Uchastka saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning esa 126 ming 532 nafari oʻzbek, 4266 nafari qoraqalpoq, 3293 nafari qozoq, 664 nafari rus, 5017 nafari tojik, 55 nafar koreys, shuningdek, 2217 nafari boshqa millat vakillaridan tashkil topmoqda.

Albatta, bu raqamlar Oʻzbekistonda bagʻrikenglik va oʻzaro hamjihatlik muhiti barqarorligidan, qolaversa, Prezident saylovida munosib nomzodga ovoz berishga hech bir fuqaro befarq emasligidan dalolat.

Shuhrat Hotamov,

Oʻzbekiston Respublikasi

Jamoat xavfsizligi universiteti

dotsenti