Oʻzbekiston-Germaniya: hamkorligining yangi bosqichi

    Jahonning yetakchi mamlakatlaridan biri Germaniya bugun Oʻzbekiston bilan aloqalarni rivojlantirish tarafdori boʻlgan mamlakatlardan biridir.

    Mamlakatimizga xorijiy mamlakatlar yetakchilarining har qanday tashrifi tashqi siyosatimizda yangi tarixiy sahifa ochish bilan bir qatorda hamkorlikning yangi davrini ham boshlab bermoqda. Davlatimiz rahbarining faol, progmatik, amaliy va odil siyosati natijasida dunyo biz bilan hamkorlikka intilmoqda. Jahonning yetakchi mamlakatlaridan biri Germaniya bugun Oʻzbekiston bilan aloqalarni rivojlantirish tarafdori boʻlgan mamlakatlardan biridir.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Sholsning 15-16-sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan rasmiy tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga hizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi.

    Tarixga nazar tashlasak Oʻzbekiston-Germaniya oʻrtasida soʻnggi 5-yilda 4 marotaba oliy darajadagi uchrashuvlar oʻtkazilgan boʻlib, bu Oʻzbekistonning yildan yilga dunyoning siyosiy sahnasida faol davlatlardan biriga aylanib borayotganligining dalilidir.

    Taʼkidlash joizki, bu davr davomida ikki mamlakat oʻrtasida barcha darajalardagi aloqalar faollashdi. Oʻtgan yili tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard yevrodan oshdi. Yil boshidan buyon mamlakatimiz iqtisodiyotiga Germaniya kompaniyalarining 800 million yevrolik investitsiyalari kiritildi.

    Shu yil yozda Samarqand shahrida Ibn Sino va Genrix Shipperges nomidagi Tibbiyot fanlari oliy maktabi ochilgani, shuningdek, oʻtgan yili Berlin shahridagi Yangi muzeyda Oʻzbekiston madaniy merosi koʻrgazmasining oʻtkazilishi madaniy sohada muhim voqea boʻlgani va unga Germaniya poytaxtining yarim milliondan ortiq aholisi tashrif buyurgani ham ikki davlat oʻrtasida nafaqat iqtisodiy-siyosiy balki ilmiy-madaniy aloqalar ham qalinlashib borayotganliginig dalilidir.

    Tashrif davomida Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilib, unda Oʻzbekiston-Germaniya koʻp qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Sammit doirasida “yashil” energetika, kimyo sanoati, oʻta muhim xomashyoni oʻzlashtirish, mashinasozlik, toʻqimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa koʻplab yoʻnalishlarni qamrab olgan bugungi kundagi ahamiyatli yoʻnalishlardan biri Sanoat va texnologiyalar boʻyicha strategik sheriklik dasturi yuzasidan kelishuvlar olib borildi. Jumladan, “Linde Group” kompaniyasi bilan “metanol oroli” barpo etish va “yashil” ammiak ishlab chiqarish, “Giga Fiber” bilan mis qazib olish va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish, “Siemens Energy” kompaniyasi bilan mamlakatimiz hududlarida bugʻ-gaz elektr stansiyalarini qurish, “KfW Ipex-Bank” ishtirokida yirik mis konini oʻzlashtirish, “AMK Global” bilan uglerod tolasi, “Guesscon” bilan qora qurum va vodorod ishlab chiqarish va boshqa koʻplab loyihalar eng muhim loyihalardandir. Shuningdek, oʻta muhim xomashyo resurslari va iqlim oʻzgarishi sohasidagi hamkorlik boʻyicha imzolanadigan bitimlarning ahamiyati taʼkidlandi.

    Tashrif davomida mehnat migratsiyasi sohasida shaffof va tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Masʼul idoralar darajasida talab yuqori boʻlgan oʻzbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash va Germaniyaga yuborish boʻyicha amaliy hamkorlik “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi. Germaniyaning dual taʼlim tizimini Oʻzbekiston hududlarida keng joriy etishga qiziqish bildirildi. Yetakchi universitetlar oʻrtasida taʼlim va ilmiy aloqalarni rivojlantirish uchun ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Oʻzbekiston tomoni qoʻshma dasturlarni amalga oshirish, Germaniya oliy taʼlim muassasalarining fakultetlari va filiallarini ochish uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.

    Umummy olganda, rasmiy tashrif doirasida 8 ta ikki tomonlama mamlakatimiz taraqqiyotiga hizmat qilishi koʻzda tutilgan hujjatlar imzolandi, shu jumladan:

    - Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik toʻgʻrisida hukumatlararo bitim. Maʼlumki migratsiya masalalari ayniqsa mehnat migratsiyasini huquqiy doirada toʻgʻri tashkil etish bugunning dolzarb muammolaridan biridir. Ushbu bitimning tuzilishi ikki davlat uchun ham teng manfaatli boʻlib hisoblanadi.

    - Veterinariya va chorvachilik sohasida hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo deklaratsiya. Taʼkidlash joizki Veterinariya sohadasida Germaniya rivojlangan mamlakatlardan boʻlib, mamlakatimizda ushbu sohani xalqaro standartlarga javob beruvchi darajaga olib chiqilishida ushbu deklaratsiya muhim oʻrin tutadi.

    - “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida suv resurslaridan barqaror foydalanish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo deklaratsiya. Markaziy Osiyodagi iqlim oʻzgarishi, shu jumladan, baland togʻlarda joylashgan muzliklarning erishi, suv zaxiralari va tuproqqa juda kuchli taʼsir koʻrsatmoqda. “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusida iqlim oʻzgarishi oqibatlari, suv resurslaridan oqilona foydalanish va u bilan bogʻliq tahlikalar borasidagi mintaqaviy muloqotlar hamda amaliy tashabbuslar rejalashtirilgan.

    - Oʻta muhim minerallar sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiya.

    - Transport sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim.

    - Parij bitimi doirasida iqlim oʻzgarishi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum oʻz navbatida Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyaga aʼzo davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

    Bundan tashqari, sammit doirasida 2024-2026-yillarga moʻljallangan Texnologik sheriklik va sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinganligi shuningdek, Oʻzbekiston va Germaniyaning yetakchi korxonalari darajasida bir qator bitim va shartnomalar tuzilganligi ushbu sammitning naqadar ahamiyatli va natijaviy ekanligining yaqqol dalilidir.

    Samarqandda Oʻzbekiston va Germaniya rahbarlarining ikki mamlakat biznes doiralari bilan uchrashuvi doirasida yetakchilar tomonidan qoʻshma Boshqaruv kadrlarini tayyorlash maktabini ochilishi kadrlar tayyorlash siyosatida ham muhim islohotlarning boshlanishi deb taʼkidlash mumkin.

    Sammit yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols Kongress markazidagi xiyobonda birgalikda daraxt ekdilar. Bu esa oʻz navbatida ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamda doʻstona munosabatlarda hamkorlik rishtalari mustahkamlanib borayotganining ramzi boʻldi.

    Muhayyo ISMAILOVA,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Toshkent shahar boʻlimi rahbari