Soʻrovda 720 kishi — hududlarda tashkil etilgan mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhlari aʼzolari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari va faollari, biznes, akademik hamjamiyat va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Ularning 397 nafarini (55,2 foizi) erkaklar, 323 nafarini (44,8 foizi) ayollar tashkil etdi. Ishtirokchilar Oʻzbekistonning barcha hududlaridan birdek qamrab olindi.
Natijalar tahlili shuni koʻrsatdiki, harbiy harakatlar oʻzbekistonliklarda qaygʻu va qoʻrquvni uygʻotadi. Jumladan, “Boshqa mamlakatlar hududidagi harbiy harakatlar sizda qanday his-tuygʻu uygʻotadi?” savoliga 359 kishi yoki soʻralganlarning 49,9 foizi “qaygʻu” deb javob bergan.
Javoblar orasida ikkinchi oʻrinda “qoʻrquv” (110 kishi yoki 15,3 foiz), uchinchi oʻrinda “nafrat” (105 kishi yoki 14,6 foiz) belgilangan. Bunda “nafrat” degan javobni ayollarga qaraganda koʻproq erkaklar tanlagan (27 foiz ayollar, 73 foiz erkaklar). Harbiy harakatlar ayollarda ham, erkaklarda ham teng miqdorda qoʻrquv va qaygʻu his-tuygʻularini uygʻotishi maʼlum boʻldi. Respondentlarning 10 foizga yaqini bu qaysi mamlakatda sodir boʻlayotganiga bogʻliqligini, 9,2 foizi esa vahimaga tushishini bildirgan. Bironta respondent “xursandchilik” javobini tanlamagan.

Oʻzbekistonning faol jamoatchiligi nafaqat oʻz yurtida, balki butun dunyoda tinchlik boʻlishini yoqlaydi. Soʻrovning aksariyat ishtirokchilari, yaʼni 672 nafari yoki 93,3 foizi “Men butun dunyoda tinchlik boʻlishini istayman” javobiga toʻliq qoʻshilgan. Qatnashchilarning 27 nafari (3,8 foiz) Oʻzbekistonda, 21 nafari (2,9 foiz) Markaziy Osiyoda tinchlik boʻlishini istaydi.

Kecha, 17-mart kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senatining yalpi majlisidagi chiqishida Ukraina atrofidagi vaziyat mamlakatimizda jiddiy xavotir uygʻotayotganini taʼkidladi. Oʻzbekiston harbiy harakatlar, zoʻravonliklar zudlik bilan toʻxtatilishi, vaziyatga tinch yoʻl bilan yechim topish va mojaroni siyosiy-diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori. Shuningdek, fuqarolar ham Oʻzbekistonning ushbu tamoyiliga, neytral pozitsiyasiga sodiq. Jamoatchilik faollari jabrlanganlarga gumanitar yordam koʻrsatishni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Ekspertlik soʻrovi natijasiga koʻra, 664 nafar respondent (92,2 foiz) Oʻzbekistonning tashqi siyosat prinsiplarini toʻliq, 48 nafari (6,7 foizi) qisman qoʻllab-quvvatlaydi.
Fuqarolar mamlakatimizning tashqi siyosat konsepsiyasiga asosan, bloklarga qoʻshilmaslik maqomini saqlab qolish muhimligini qayd etmoqda. Oʻzbekistonning harbiy-siyosiy bloklarga qoʻshilmaslik siyosatiga 621 nafar respondent (86,3 foizi) qoʻshiladi va toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi, 74 nafari (10,3 foizi) bunga neytral munosabatda, 25 nafari (3,4 foizi) esa harbiy bloklarga qoʻshilish kerak, deb hisoblaydi. Ekspertlar Oʻzbekistonning “oʻtkir masalalardan qochmasdan, oqilona murosa yoʻlini izlash” tamoyiliga asoslangan mintaqaviy siyosatini, tinchlik va taraqqiyot, barqaror rivojlanish va yaxshi qoʻshnichilik yoʻlida BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorligini qoʻllab-quvvatlaydi.

Global/mintaqaviy muammolarni faqat xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT ishtirokida diplomatiya yoʻli bilan hal qilish maqsadga muvofiq. Soʻrovning 440 nafar qatnashchisi (61,1 foizi) shunday hisoblaydi. Respondentlarning beshdan bir qismining fikricha, global va mintaqaviy muammolarni faqat dunyo yetakchilari bilan hamkorlikda hal qilish kerak. 18,6 foiz respondentga koʻra, bu masalaga faqat ikki tomon – mojaro qilayotgan davlatlar ishtirokida yechim topish mumkin. Bir nafar soʻrov ishtirokchisi “harbiy kuchlarni ishlatgan holda” degan javobni bergan.
Global dunyo jiddiy transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Biz butunlay yangi tarixiy voqeliklarda yashayapmiz. Iqtisodiyot, odatiy turmush tarzi oʻzgarmoqda, texnologiyalar faol rivojlanmoqda. Odamlar yangiliklarga va oʻzgarishlarga moslashmoqda. Biroq oʻzbekistonliklar uchun jamiyatdagi, mintaqadagi, butun dunyodagi tinchlik va totuvlik asosiy qadriyat boʻlib qoladi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati