Oʻzbekiston maktablariga 200 ming kitob topshiriladi

    Kecha, poytaxtimizdagi barcha maktablarga “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumining 20 jildli kitob-albomlari yetkazib berildi,

    «Renessans» kino uyida «Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar: asrlar qaʼridan taralayotgan nur» media-tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbir doirasida «Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumidagi kitob-albomlarni bepul olish uchun Toshkent shahridagi 340 ta maktabga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi. Media-tadbir Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan Oʻzbekiston Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tarixiy obidalardagi bitiklarni oʻrganish va toʻliq shifrlash boʻyicha koʻp yillik mashaqqatli mehnat natijasida oʻzbek, rus, arab va ingliz tillaridagi maʼlumotlarga ega «Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumining 20 ta jildlari nashr etildi.

    – Mazkur loyiha Prezidentimizning mamlakatimiz madaniy-tarixiy merosini oʻrganish, asrab-avaylash va ommalashtirish borasidagi tashabbus va koʻrsatmalarini hayotga tatbiq etilishining yorqin namunasidir. Butunjahon jamiyati orqali birlashgan olimlar Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba qadimiy obidalarimizdagi epigrafik yozuvlarni ochishga muvaffaq boʻldi. Bugungi tadbir nafaqat Toshkent shahridagi 340 ta maktabga 20 jildlik kitob va albomlarni begʻaraz tarqatish uchun sertifikatlarni topshirishdan iborat edi. Bu, avvalam bor, maʼrifiy tadbir boʻlib, biz bu yerda tadqiqotimiz chuqurligini, Oʻzbekiston meʼmoriy yodgorliklarining ahamiyatini koʻrsatish maqsadida sharqshunos olimlarning hujjatli filmlari va maʼruzalarini taqdim etdik. Hukumatimiz tomonidan ajratilgan mablagʻ evaziga nashr etilgan ushbu kitoblar endilikda mamlakatimizdagi har bir taʼlim muassasasi kutubxonasi uchun bebaho manbaga aylanadi», — dedi loyiha muallifi, WOSCU boshqaruvi raisi doktor Firdavs Abduxoliqov.

    Oʻzbekiston boʻylab hali oʻrganilmagan obidalardagi bitiklarni oʻrganish va shifrlash boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini akademik Edvard Rtveladze, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, doktor Baxtiyor Bobojonov kabi oʻzbek va xorijiy olimlardan, hamda, boshqa koʻplab mutaxassislar va tadqiqotchilar iborat ijodiy guruh amalga oshirdi.

    – Bugun Toshkent shahridagi barcha maktablarga «Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumining 20 jildli kitob-albomlari yetkazib berildi, – deydi Toshkent shahar maktab va maktabgacha taʼlim boshqarmasi, darsliklar bilan taʼminlash va kutubxona faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Umid Umrzoqov. – Oʻzbekistonimiz Prezidentiga, loyiha mualliflariga, olimlarga, Maktab va maktabgacha taʼlimi vazirligiga, shuningdek, ushbu ajoyib kitoblarning yaratilishida ishtirok etgan barchaga chuqur minnatdorlik bildiraman. Bu kitoblar yoshlarimiz uchun mamlakatimizning tarixiy obidalari, madaniy merosi olamiga oʻz eshiklarini ochadi. Olingan bilimlar evaziga oʻquvchilar ertaga turizm, madaniyat va ilm-fan rivojiga hissa qoʻshishi, oʻz ona yurtining cheksiz tarixini faxr bilan boʻlishishini koʻrishimiz mumkin. Sizning mehnatingiz, shubhasiz, oʻz mevasini berib, Yangi Oʻzbekistonning ilmli avlodlarini voyaga yetkazadi!

    Shuningdek, maxsus maʼruzalar bilan fan doktorlari Salima Eshonova, Fayzxoʻja Mahmudov, Bobur Aminov, Shahlo Abdullayeva, Elmira Gyul qatnashishdi. Mehmonlar Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) faoliyati bilan tanishdi, «Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar» loyihasi qanday amalga oshirilayotgani haqida maʼlumotlar olishdi.

    – Samarqand viloyatida tugʻilib oʻsganman, yodgorliklarni koʻp marta koʻrganman, lekin ularning devoridagi goʻzal naqshlar maʼnosi haqida hech oʻylamagan ekanman, – deydi poytaxtimizdagi Uchtepa tumani 312-maktab direktori Ozoda Haydarova. – Oʻylaymanki, ushbu ajoyib taqdimot tashkilotchilari nafaqat biz, balki oʻquvchilarimiz uchun ham ushbu loyiha taqdimotini uyushtirishlari, maktablarga kelib, obidalarimizdagi bitiklarda nima yashiringanini haqida aytib berishlari kerak. Bu, albatta, yosh avlodni qiziqtiradi! Oʻquvchilarim uchun ushbu nashrlar yordamida men ham tarixga ekskursiyalarni amalga oshiraman.

    Media tadbiri xalq taʼlimi tizimi vakillariga «Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumidagi 20 jildlik kitob-albomlarni bepul olish uchun sertifikatlarni tantanali topshirish bilan yakunlandi.

    – Saʼy-harakati bilan ushbu ajoyib nashrni yaratishga oʻz hissasini qoʻshgan barcha olim va tadqiqotchilarga chin dildan minnatdorchilik bildiraman. Biz uni bugun Toshkentdagi maktablarimizda faxr bilan kutib olamiz. Bu kitoblarning har bir sahifasi ulkan mehnat samarasi ekanini anglash bizda alohida minnatdorchilik hissini uygʻotadi. Kitoblar oʻqituvchilarimiz uchun bebaho manba boʻlib, oʻquvchilarimizning darsdan tashqari taʼlim dasturlarini qiziqarli va maʼrifiy materiallar bilan boyitadi. Bugun biz yodgorliklar nafaqat tarix guvohi, balki hikmat manbalari ekanligini, har bir timsol chuqur muqaddas maʼnoga ega ekanligini bilib oldik. Bu sirlarni birgalikda kashf etishimiz, anglashimiz керак.Шу bilan, shubhasiz, madaniy-maʼrifiy tajribamizni boyitamiz, – deydi poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 111-maktab kutubxonachisi Sabohat Salimova.

    Aksiya mamlakatimizning barcha hududlarida davom ettiriladi. Oʻzbekiston maktablariga 200 ming kitob topshiriladi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    «Yangi Oʻzbekiston» muxbiri