“Oʻzbekiston” soʻzining qaysi shakli toʻgʻri? — Saida Mirziyoyeva

    Madaniyat 11 Dekabr 2023 773

    Toshkentdagi “Tashkent City Congress Hall”da boʻlib oʻtayotgan “Jadidlar milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzuida xalqaro konferensiyada Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva alifbodagi ayrim oʻzgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qatʼiy nuqta qoʻyishimiz zarur, deya taʼkidladi.

    Saida Mirziyoyeva Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan oynai hayoti – til va adabiyotidir. Milliy tilni yoʻqotmoq millatning ruhini yoʻqotmoqdir”, degan soʻzlaridan iqtibos keltirib, konferensiya ishtirokchilari eʼtiborini muhim bir masalaga qaratdi.

    Bugun “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya ochilishida nutq soʻzlar ekanman, tilimizga bevosita aloqador boʻlgan milliy alifbomizni isloh qilishdek juda dolzarb masalaga toʻxtaldim.

    Misol uchun, bir qarashda oddiy tuyulgan imlo belgisi butun boshli Davlat va Millatning nomi xato yozilishiga sabab boʻlmoqda. Biz bunday masalalarda hadeb bahslashavermay, tezroq qaror qabul qilishimiz muhim. Chunki, gap bizning Millatimiz, gʻururimiz, yurtimiz nomi haqida ketyapti.

    Toʻgʻri, alifbo islohoti yangi bahslar, tortishuvlar, koʻzda tutilmagan moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Lekin yana bir bor taʼkidlayman, gap Vatan va Millat nomini toʻgʻri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim oʻzgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qatʼiy nuqta qoʻyishimiz zarur, deb hisoblayman!