Unda keltirilishcha, Markaziy Osiyoda suvning 80 foizdan ortigʻi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ishlatiladi.
BMTning Butunjahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash boʻyicha bayonotiga koʻra, 2050-yilga kelib qurgʻoqchilik dunyo aholisining toʻrtdan uch qismidan koʻprogʻiga taʼsir qiladi. Jahon tabiiy resurslar instituti va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti tadqiqotlariga koʻra esa, 2040-yilga borib suv tanqisligiga eng koʻp uchrashi taxmin qilinayotgan 33 davlat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston ham bor. Oʻzbekiston Respublikasining asosiy suv manbai Amudaryo va Sirdaryo daryolari, shuningdek, ichki daryo va soylar hamda yer osti suvlaridir. Orol dengizi havzasidagi barcha manbalarning oʻrtacha koʻp yillik suv oqimi 116 milliard metr kubni tashkil etadi, shundan 67,4 foizi Amudaryo havzasida va 32,6 foizi Sirdaryo havzasida shakllanadi.
Mintaqada soʻnggi yillarda global iqlim oʻzgarishi, qor va yomgʻirlar kam boʻlayotgani, muzliklar va yirik daryolar havzalarida, kichik daryo hamda soylarda suv sarfining kamayib borayotgani natijasida oxirgi 30 yilda aholi jon boshiga suv taʼminoti 3 ming 48 metr kubdan 1 ming 438 metr kubga yoki 53 foizga qisqargan.
Sugʻoriladigan ekin maydonlarini suv bilan taʼminlash uchun har bir ekinning sugʻorish meʼyorlariga koʻra talab etiladigan respublika boʻyicha yillik suv hajmi 54,4 milliard metr kub boʻlib, 2030-yilda mavjud suv miqdori 47,4 milliard metr kubni tashkil etishi hisob-kitob qilingan. Talabga nisbatan yetishmaydigan suvning 7 milliard metr kub qismini suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish (3 milliard metr kub), irrigatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash-tiklash (2,2 milliard mektr kub), suv xoʻjaligini raqamlashtirish (0,6 milliard metr kub), ekin maydonlarida qoʻshimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish hamda suvsizlikka chidamli ekinlar ulushini koʻpaytirish (2,2 milliard metr kub) hisobiga qoplash imkoniyati mavjud.
Bugungi kunda respublikada suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bunda Turkiya, Ispaniya, Yaponiya va Xitoy kabi xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrgangan holda qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini suv bilan taʼminlashda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
2018-yilgacha respublika boʻyicha suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar 28 ming gektarni tashkil qilgan boʻlsa, bugunga kelib bu koʻrsatkich 1 million gektarga yetgan, bu jami sugʻoriladigan maydonlarning 27 foizini tashkil etadi.
Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar hisobi boʻyicha Oʻzbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda esa yettinchi oʻrinda turibdi.
Tahlillarga koʻra, 2025-yilga borib respublikamiz boʻyicha 2 million gektarda yoki jami sugʻoriladigan yerlarning 54 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Bunday natijalarga erishishda koʻp jihatdan Oʻzbekistonda mavjud suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanishni davlat tomonidan ragʻbatlantirish hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tizimli choralar koʻrilayotgani sabab boʻlmoqda.
Jumladan, 2019-yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni subsidiyalash hamda imtiyoz va preferensiyalar berish yoʻlga qoʻyilib, 2019–2022-yillarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi korxonalariga jami 1 trillion 465 milliard soʻm subsidiya ajratilgan.
Bundan tashqari, respublikada suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari uskunalari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish boʻyicha 2019-yilgacha bor-yoʻgʻi 3 ta korxona faoliyat olib borgan boʻlsa, bugungi kunda ular soni 50 taga yetgan. Ushbu texnologiyalar joriy qilingan maydonlarda suv 50 foizgacha, mineral oʻgʻitlar 30 foizgacha, yonilgʻi-moylash materiallari 35 foizgacha, ish haqi 25 foizgacha kamayishi barobarida, hosildorlikni oshirishga ham zamin yaratildi. Jumladan, bunday usulda paxtadan 30 foizgacha koʻp hosil olish mumkin.
Bu borada oʻziga xos tajribaga egamiz
Oʻzbekiston bu borada oʻziga xos tajribaga ega. Yurtimizda bu tajriba, avvalo, tabiiy-iqlim sharoitimizdan kelib chiqib toʻplangani aniq. Yaʼni, respublikamiz daryolar boshida emas, ular qoʻshni davlatlarda boshlanib, yurtimiz hududidan oqib oʻtadi.
Maqolada ana shu tajribaga urgʻu berilib, Oʻzbekistonda suvni tejash va undan samarali foydalanishga yuqori darajada eʼtibor qaratilayotgani natijasida qisqa fursat ichida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar kuzatilayotgani qayd etiladi.
Chindan ham, raqamlar, dalillar, qilingan ishlar shundan dalolat beradi. Suvchi-yu tomorqachi, fermeru klaster rahbari bugun suvni behudaga oqizib qoʻyadigan payt emasligini, allaqachon anglab yetgan. Uning har tomchisi qadrli ekanligini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Binobarin, mamlakatimiz suv xoʻjaligi sohasida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar, saʼy-harakatlar shunga qaratilgan.
Yuqorida qayd etib oʻtganimizdek, agar 2018-yilgacha respublika boʻyicha suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 28 ming gektarni tashkil qilgan boʻlsa, bugunga kelib bu koʻrsatkich 1 million gektarga yetdi.
Jumladan, 2021–2023-yillar davomida respublika boʻyicha jami 361,1 ming gektarda tomchilatib, 39,1 ming gektarda yomgʻirlatib, 11,8 ming gektarda diskret sugʻorish texnologiyalari joriy qilindi hamda 563,1 ming gektar maydon lazer uskunasi yordamida tekislandi.
Shu bilan birga, 10,9 ming gektarda egiluvchan quvurlar, 14 ming gektarda egatga plyonka toʻshab sugʻorish ishlari amalga oshirilgan. Bu esa yer egalariga bir qator yengillik va qulayliklar bermoqda. Ular tejab daromad olishga oʻz faoliyati misolida guvoh boʻlmoqda.
Aytaylik, Sayxunobod tumanidagi “Shomirzaboy” fermer xoʻjaligi ham 2020–2021-yillarda jami 100 gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllab, hosildorlikni 25 sentnerdan 35 sentnerga oshirishga erishgan boʻlsa, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Dil Alisher” fermer xoʻjaligi tomonidan 2021-yilda 14 gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish orqali oʻsha yili 44 sentner, 2022-yilda esa 61 sentner hosil olishga erishgan. Bular — soʻnggi yillarda mavjud suv resurslaridan maqsadli foydalanish yuzasidan tizimli choralar koʻrilayotgani samarasi, albatta.
Xususan, 2019-yilgacha suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga hech qanday imtiyozlar berilmasdi. Bu boʻyicha hech qanday tartib yoki huquqiy asos yoʻq edi. 2019-yildan boshlab esa bunday texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim – subsidiya ajratish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan tadbirkorlarga davlat tomonidan bir qator imtiyozlar taqdim etilgan. Xususan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga xarajatlarning bir qismini qoplash maqsadida tomchilatib sugʻorish texnologiyalari joriy qilingan paxta maydonlari uchun 8–12 million, yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan maydonlarga 6–9 million, diskretli sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan maydonlarga esa 4 million soʻmgacha subsidiya ajratilmoqda.
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga 10 gektardan kam boʻlmagan, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan paxta va boshoqli don ekin maydonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalaridan foydalanilsa, sotib olish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 100 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdori hamda koʻchma generatorlar uskunalarini sotib olish xarajatlarining 30 foizigacha, biroq 30 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda subsidiya ajratish tizimi joriy qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (367-modda)ga asosan, tomchilatib sugʻorish tizimi joriy qilingan yer maydonlari 5 yil muddatga yer soligʻidan ozod etilgan.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarga suv hisoblagich oʻrnatilganda suv soligʻidan 30 foiz imtiyoz qoʻllaniladi.
Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan maydonlar 5 yil mobaynida maqbullashtirilmasligi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga esa faqatgina yerdan foydalanuvchining roziligi asosida sarf etilgan mablagʻlar oʻrni toʻliq qoplanganidan soʻnggina ruxsat etilishi belgilandi.
Tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi hamda mazkur maqsadlar uchun avval berilgan kreditlar ham ushbu muddatga qayta rasmiylashtirilmoqda. Texnologiyani joriy qilish maqsadida olingan kreditlarning maʼlum bir qismi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan toʻlab beriladi.
Qishloq xoʻjaligi korxonalariga 2019-yilda 137,9 milliard soʻm, 2020-yilda 251,6 milliard soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan boʻlsa, 2021-yildan boshlab davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish miqdori texnologiyaning sifat koʻrsatkichidan kelib chiqib hisoblanish tartibi belgilandi. 2021-yilning oʻzida 899,4 milliard soʻm subsidiya ajratilgani ushbu yoʻnalishdagi ishlar qanchalik ommalashayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, 2022-yil mart oyida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun axborot almashinuvining shaffof mexanizmini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Tomchi-reyestr” platformasi ishga tushirildi. Hozir mazkur platformaga belgilangan mezonlar asosida pudrat korxonalarining indikator koʻrsatkichlari tahlil qilinib, mobil ilovada eʼlon qilib borilmoqda. Natijada tejamkor sugʻorish texnologiyalarini joriy etadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari quruvchi-pudrat korxonalarining indikator koʻrsatkichlari bilan tanishish va shaffof ish olib borish tizimi yaratildi.
Bundan tashqari, subsidiya berish tizimining oshkoralik va shaffof mexanizmini taʼminlash maqsadida “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi faoliyat yuritmoqdaki, u ortiqcha qogʻozbozlikni kamaytirish bilan birga, onlayn topshirilgan arizalarning holatini kunlik nazorat qilib borish imkonini yaratmoqda.
Mutaxassislar soni oshdi
Qishloq xoʻjaligi sohasidagi bu kabi yangiliklar, tabiiyki, mutaxassislarga ham talabni oshirdi. Ochigʻi, 2019-yilgacha bizda bu boʻyicha mutaxassislar yetarli emasdi. Yaʼni, ushbu yoʻnalish boʻyicha bor-yoʻgʻi 10 nafardan ortiq mutaxassis faoliyat olib borgan boʻlsa, hozirgacha tayyorlangan mutaxassislar soni 1 ming 400 nafarga yetdi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universitetida “Suv tejamkor sugʻorish texnologiyalari” boʻyicha magistratura mutaxassisligi hamda “Suv xoʻjaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” bakalavr taʼlim yoʻnalishlari tashkil etildi. Pirovardida, har bir hududda oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlar zaxirasi yaratildi.
2020-yilda Xorazm viloyatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, 2021-yilda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati takomillashtirilib, institutning Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Namangan, Samarqand va Surxondaryo mintaqaviy markazlari tashkil etildi.
2018–2022-yillarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha respublikada 50 dan ortiq tajriba, ilmiy-tadqiqot poligonlari, koʻrgazmali uchastkalari tashkil etildi. Barcha hududlarda oʻtkazilgan tadqiqotlar asosida turli qishloq xoʻjaligi ekinlarini suv tejovchi texnologiya yordamida sugʻorishning meʼyoriy tavsiyalari ishlab chiqildi.
Uskunalar nimaning hisobiga arzon boʻladi?
Respublikamizda zamonaviy sugʻorish uskunalari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish boʻyicha 2019-yilgacha bor-yoʻgʻi 3 ta korxona faoliyat yuritardi va ularda faqat polietilen quvur hamda shlanglar ishlab chiqarilardi. Bu, tabiiyki, talabga nisbatan juda kam. Shu bois, keyingi paytlarda bunday korxonalar sonini koʻpaytirishga katta eʼtibor qaratildi. Natijada tarmoq korxonalari soni 50 taga yetkazildi. Mahsulot tannarxi boshqa davlatdan tashish xarajatlarini tejash hisobiga 15–20 foizgacha pasaydi yoki gektariga 5–7 million soʻmga arzonlashtirildi.
Qorakoʻl tumanidagi “Merganteks”, “Qorakoʻl kumush kalava” Vobkentda “Buxoro agro klaster” va Oqqoʻrgʻonda “ABS Oqqoʻrgʻon” paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan tomchilatib sugʻorish tizimlari ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, hududlarda savdo shoxobchalari tashkil etilib, foydalanishdan chiqqan shlanglarni utilizatsiya qilish yoʻlga qoʻyildi.
— Bu ishlarga kirishilgan yillarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratilgani, soliq borasidagi yengilliklar suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirib yubordi, — deydi Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Rustam Qarshiyev. — Bundan besh-oʻn yil ilgari kimdadir bunday uskunalarni oʻrnatish istagi tugʻilsa, ularni topishning oʻzi amrimahol edi. Mana shunday eʼtibor va imkoniyatlar tufayli ularni oʻzimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Qolaversa, jarayonni ilmiy tomondan asoslash uchun ilm-fanga ham katta eʼtibor qaratilib, olimlarimiz ekin turlari va tuproq tarkibi asosida koʻplab ilmiy izlanishlar olib borishdi. Bularning bari bugungi erishilayotgan natijalarda namoyon boʻlmoqda.
2030-yilgacha suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlari “Bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Bu nima degani? Kanalning boshida va oxirida joylashgan fermer xoʻjaliklari bor. Mazkur tamoyil asosida kanalning qaysi hududida boʻlishidan qatʼi nazar, barcha suv isteʼmolchilari ushbu texnologiyaga oʻtkaziladi. Natijada oʻz-oʻzidan kanalning suv sarfi 50 foizga kamayib, yerni bir tekis sugʻorish imkoniyati yaratiladi. Hozirgi kunda ushbu loyiha Qarshi tumanining “Choʻl ota” massivida qoʻllanilayotgan boʻlsa, tizim bosqima-bosqich respublikamizning barcha kanal va nasos stansiyalarida tatbiq etiladi. Shu maqsadda “Suvchilar maktab”lari tashkil qilinib, faol targʻibot ishlari olib borilyapti.
Qayd etganimizdek, dunyoda kuzatilayotgan keskin oʻzgarishlar, jumladan, global iqlim oʻzgarishlari, aholi sonining oʻsishi va iqtisodiyot tarmoqlarining rivoji suvga boʻlgan talabni yildan-yilga oshirmoqda. Suv resurslari taqchilligi birinchi galda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday holatlar obi-hayotdan oqilona foydalanish, uni samarali boshqarishni taqozo qiladi, albatta. Shu bois, Oʻzbekistonda 2024–2026-yillarda jami 953,5 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 225 ming gektarda tomchilatib, 75 ming gektarda yomgʻirlatib, 53,5 ming gektarda boshqa turdagi sugʻorish tizimlarini qoʻllash hamda 600 ming gektar qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini lazer uskunasi yordamida tekislash rejalashtirilgan. Buning uchun jami 2,8 trillion soʻm mablagʻ talab etiladi.
2027–2030-yilgacha boʻlgan davr uchun belgilanadigan vazifalar keng koʻlamli. Jumladan, 2030-yilga qadar respublika boʻyicha suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarni 3,2 million gektarga yoki qishloq xoʻjaligi ekin maydonlariga nisbatan 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun shu uch yil ichida jami 1,3 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanadi.
Koʻryapsizmi, keyingi uch-toʻrt yil davomida yurtimizda mazkur yoʻnalishdagi ishlarga qaratilayotgan eʼtibor ham, qoʻyilgan maqsad ham, ajratilayotgan mablagʻ ham faqat yuqorilagan. Kelgusi ishlar marrasi esa bundan-da baland. Demak, masala jiddiy. Unga hozirdan ahamiyat bermasak, bor imkoniyatni ishga solmasak, ertaga qiynalib qolishimiz mumkin. Suvning har tomchisi tillaga teng, degan ibora tobora hayotiy masalaga aylanib borayotgani ayni haqiqatdir. Keyingi yillarda mamlakatimizda, umuman, mintaqada suvga munosabat tubdan oʻzgarib, suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllashga qaratilayotgan ishlar koʻlami tobora kengayib, jadallashib borayotgani esa kelgusida duch kelishimiz mumkin boʻlgan muammolarni kamaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri












