Davlatimiz rahbari mazkur rezolyutsiyani qabul qilishni 2020-yili BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida qilgan maʼruzasida ilgari surgan edi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2015-yilda qabul qilingan boʻlib, 2030-yilgacha boʻlgan 15 yillik davrni oʻz ichiga oladi. BRM 17 ta global maqsaddan iborat. Oʻzbekiston ana shu maqsadlar boʻyicha milliy koʻrsatkichlarini ishlab chiqdi. Mamlakatimiz rahbari ana shu maqsadlarni amalga oshirishda nafaqat hukumat, balki parlamentlarning rolini ham kuchaytirish kerakligi tashabbusini ilgari surdi.
Pandemiya jahon, jumladan, mamlakatlar iqtisodiyoti rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Iqtisodiy koʻrsatkichlar keskin tushib ketdi, ayrim sanaot va ishlab chiqarish sohalari tanazzulga yuz tutdi. Dunyoda kambagʻallik va qashshoqlik hajmi ortdi.
Bir soʻz bilan aytganda, pandemiya tufayli jahon iqtisodiyoti manzarasi butkul oʻzgarib ketdi. Ahamiyatli jihati shundaki, BMT qabul qilgan rezolyutsiyada ana shu masalalarga ham alohida eʼtibor qaratilgan. “COVID-19” pandemiyasidan keyingi davrda hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslikni taʼminlash, keng koʻlamli, barqaror va izchil tiklanishni qoʻllab-quvvatlash, hamjihatlik, birdamlik va har tomonlama hamkorlikka sodiqlikni mustahkamlash jarayonida parlamentlar muhim oʻrni tutishi va ular ishtirokini yanada oshirish lozimligi qayd etilgan.
Rezolyutsiyada yoshlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. 2030-yilgacha moʻljallangan davrdagi Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) kun tartibining muvaffaqiyatli amalga oshirilishida yoshlarning oʻrni va hissasi muhimligi, ularning parlament ishi jarayonida toʻliq, teng huquqli va taʼsirchan ishtirokini taʼminlash zarurligi eʼtirof etilgan. Bu, albatta, bejiz emas. Chunki yoshlar, oʻz navbatida, har qanday davlat va jamiyatning kelajagi, boshlangan keng koʻlamli va ulkan islohotlarning davomchisi va garovi sanaladi.
Rezolyutsiyada BMT Bosh Assambleyasi aʼzo davlatlarni milliy parlamentlarni qoʻllab-quvvatlashga, ularni Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish yoʻlidagi faoliyat va buni nazorat qilish jarayonlari, ayniqsa, ixtiyoriy milliy maʼruzalarni tayyorlashga jalb qilish, shuningdek, hisobdorlikni taʼminlash va kuchaytirish uchun ularga yordam berishga chaqiradi.
Rezolyutsiyada gender tengligini taʼminlash masalasi xam eʼtibordan chetda qolmagan. Xotin-qizlarni milliy parlamentlarning asosiy faoliyati sanalagan qonun chiqaruvchi organlar ishida teng huquqli, toʻliq va taʼsirchan ishtiroki BRMga erishishni jadallashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning markaziy omili sifatida eʼtirof etilgan.
Shuningdek, aʼzo davlatlarni nogironlarni siyosiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga ragʻbatlantirish va bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirishni qonunlar vositasida inklyuziv va qulay boʻlishini taʼminlashga chaqiradi.
Eng muhimi, rezolyutsiyani dunyoning 80 ta davlati, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari hammualliflari boʻldi. Bundan tashqari hujjatni BMT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar olqishladilar. Rezolyutsiya parlamentlar uchun oʻziga xos dasturilamal boʻlishi, BRMni jadal amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni faollashtirishi qayd etildi.
Shu oʻrinda, Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning mamlakatimiz xalqi va Prezidentimizni rezolyutsiya qabul qilingani bilan samimiy tabriklab, Prezidentimizga oʻrinli va muhim taklif uchun minnatdorlik bildirganini alohida taʼkidlash joiz.
Maʼlumki, 2023-yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi Oliy darajadagi haftasi doirasida BRM sammiti ham boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Parlamentlararo ittifoq ushbu rezolyutsiyaga mazkur sammitga tayyorgarlik yoʻlidagi muhim qadam sifatida baho berdi.
Muxtasar aytganda, ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi Yangi Oʻzbekiston tomonidan bildirilayotgan dolzarb masalalar, aniq taklif va amaliy tashabbuslar xalqaro darajada eʼtirof etilayotgani, mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash yoʻlida amaliy qadamlar koʻyilayotgani, aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun barcha zarur imkoniyat va shart-sharoit yaratilayotganidan dalolat beradi.
Sevara MAHMUDOVA,
Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar Parlamenti
Ilm-fan, madaniyat va kitobxonlik masalalari komissiyasi raisi