Oʻzbekiston uchun yangi istiqbolli eksport bozorlari aniqlandi

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Oʻzbekiston uchun yangi istiqbolli eksport bozorlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot oʻtkazdi.

    Tadqiqot uchun go4worldbusiness.com saytidan yanvar-mart oylaridagi jami 26 mingdan ortiq maʼlumot veb skreping (Web Scraping) usulida olindi. Oʻzbekiston eksport qilishda nisbiy ustunlikka ega boʻlgan tovarlarni aniqlash uchun RCA (revealed comparative advantage - aniqlangan qiyosiy ustunlik) indeksi hisoblandi va asosan xususiy sektor tomonidan ishlab chiqariladigan 25 xil mahsulot turi tanlab olindi. Ular uchun hududlarning alohida RCA indekslari ham hisoblandi. Natijada hududlarimiz va dunyoning turli mintaqalarida joylashgan potensial bozorlarni bir-biri bilan bogʻlash boʻyicha aniq tavsiyalar berish imkoniyati paydo boʻldi.

    Tahlil natijasida Fransiya, Gollandiya, Polsha, Ispaniya, Avstriya, Shvetsiya, Italiya, Belgiya, Bangladesh, Xitoy Syangani, Yaponiya, Singapur, Quvayt, BAA, Turkiya, Tailand, Qatar, Janubiy Koreya, Misr, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda meva-sabzavotlar, quritilgan mevalar, turli xil meva sharbatlari, yongʻoq kabi mahsulotlarga boʻlgan talab yuqori ekanligi aniqlandi. Ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha Namangan, Jizzax, Xorazm, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari yaxshi imkoniyatga ega.

    AQSH, Fransiya, Germaniya, Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni va BAA kabi mamlakatlarda boshoqli ekinlar, gʻalla, un, ziravorlarga talab yuqori. Ushbu mahsulotlarni eksport qilishda esa Buxoro, Surxondaryo, Fargʻona, Samarqand va Xorazm viloyatlari tadbirkorlari nisbiy ustunlikka ega.

    Erkaklar va ayollar kiyimi, toʻqimachilik mahsulotlari, sintetik tola va turli xil tekstil mahsulotlariga boʻlgan talab AQSH, Italiya, Fransiya, Ispaniya, Belgiya, Gollandiya, Daniya, Gretsiya, Germaniya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, BAA, Janubiy Koreya, Hindiston, Livan, Quvayt, Malayziya, Singapur, Bangladesh va Tailand davlatlarida yuqori ekanligi aniqlandi. Ushbu tovarlarni eksport qilishda nisbiy ustunlikka ega boʻlgan Namangan, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Andijon, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahridagi tadbirkorlar yetkazib berishi mumkin.

    Paxtadan yigirilgan ip, turli xil matolar, sintetik tola, ipak, gilam, teri va charm mahsulotlariga boʻlgan talab Germaniya, Italiya, Gollandiya, Fransiya, Belgiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Isroil, Qatar, Yaponiya, Xitoy Syangani, Tailand, Indoneziya, Malayziya, Hindiston va BAA kabi mamlakatlarda yuqori ekanligi maʼlum boʻldi. Hududiy RCA indeksiga koʻra, ushbu mahsulotlarni eksport qilishda Samarqand, Qashqadaryo, Andijon, Fargʻona, Buxoro viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar yaxshi imkoniyatga ega.

    Shuningdek, Oʻzbekiston turli xil oʻgʻitlar va oʻgʻit mahsulotlarini ishlab chiqarishda ham nisbiy ustunlikka ega boʻlib, ushbu mahsulotlarga asosan AQSH, Braziliya, Germaniya, Polsha, Bangladesh, Hindiston va Vyetnam davlatlarida talab yuqori. Bu mahsulotlarni eksport qilishda esa Fargʻona viloyati va Toshkent shahri tadbirkorlari nisbiy ustunlikka ega.

    Aytib oʻtish lozimki, hududlarda transport va eksport infratuzilmasining ushbu potensial bozorlarga chiqish uchun moslashtirilishi, eksportchi korxonalarga yaqindan konsultativ va moliyaviy koʻmak berilishi eksport koʻlamining oshishi, samaradorlikning yaxshilanishi, innovatsion faoliyatning jadallashishi va aholi turmush darajasining oshishiga olib keladi.