Ushbu tashkilot mamlakatda qator yoʻnalishlar, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasida innovatsiyalarga asoslangan loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Oxirgi bir necha yilda hamkorlik portfeli uch barobar kengaygani oʻzaro ishonch va global masalalardan biri boʻlgan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi umumiy manfaatlarning yanada birlashib borayotganidan dalolatdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Italiyaga tashrifining birinchi kunida FAO ofisiga tashrif buyurganini kuzatish asnosida oʻzaro hamkorlikning rivojlanish tendensiyasi va bugungi holati haqidagi tahlillar yana bir karra xayolimdan oʻtdi.
Bu hamkorlik Oʻzbekiston 2011-yil 2-oktyabrda Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti aʼzosiga aylanganidan boshlangan. 2014-yilda Toshkentda FAO vakolatxonasi ish boshladi va bugungi kunda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelyapti. Xalqaro tashkilot bilan hamkorlik boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakolatli organ etib belgilangani ham uning maqsad va vazifalari, asosiy yoʻnalishi shu tarmoqni rivojlantirishga koʻmaklashishdan iboratligi bilan bogʻliq. Ana shu maqsadda oʻtgan yillar davomida mamlakatda FAO bilan hamkorlikda 15,3 million dollarlik 33 loyiha amalga oshirildi. Ular orasida Podshoota daryosi transchegaraviy basseyni suv kam hududida suvni tejash texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirish, Oʻzbekistonda organik qishloq xoʻjaligini rivojlantirish hamda tegishli qishloq xoʻjaligi amaliyoti (GAP)ni ilgarilatish uchun institutsional salohiyatni shakllantirish, Oʻrmon yerlari va oʻtin resurslarini kompleks baholash singari yirik loyihalar koʻp.
Ammo soʻnggi bir necha yildagi hamkorlik haqida gap borganida, koʻlam ancha kengayib borayotgani koʻzga tashlanadi. Bu bir tomondan Oʻzbekistonning dunyo davlatlari uchun ochilib, xalqaro hamkorliklar koʻlamini kengaytirishga faol kirishgani bilan, ikkinchi tomondan, mamlakatning global masalalarda oʻz pozitsiyasi, jahon maydonida oʻz takliflarini ilgari sura boshlagani bilan bogʻliq ekani koʻzga tashlanadi.
Oʻzaro hamkorlikdagi loyihalar soni va qiymati 2018-yildan buyon muntazam oʻsib borgani ham buning isboti. Eng koʻp oʻsish 2020 va 2021-yillar — Oʻzbekistonning ilk bor FAO Mintaqaviy konferensiyasida raislik qilgan davrlarga toʻgʻri keladi. Bu vaqtda umumiy qiymati 32 million dollarga teng 26 ta mintaqaviy va milliy grant loyihalari yoʻlga qoʻyildi. Mintaqaviy miqyosda amalga oshirilayotgan MHD loyihalarining asosiy donorlari Global ekologik fond, Yashil iqlim fondi, Jahon banki, Turkiya, XXR, Koreya Respublikasi, Yaponiya hukumatlari va boshqalar boʻldi.
Bugungi kundagi loyihalar ham salmoq jihatidan avvalgi yillardagidan aslo kam emas. Xususan, hozirgi kunda Oʻzbekistonda FAO tomonidan jami 55,14 million dollarlik 33 loyiha amalga oshirilyapti. Ularning 12 tasi milliy loyiha boʻlsa, 21 tasi mintaqaviy ahamiyatdagi harakatlardir. Milliy loyihalarda koʻproq yerdan foydalanish, oʻsimlikshunoslik, tuproq resurslarini boshqarish, iqlim oʻzgarishi kabi yoʻnalishlar eʼtiborga olingan boʻlib, mintaqaviy loyihalar tabiat resurslaridan foydalanish, zararkunandalarga qarshi kurashish, chorvachilik hamda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning keng koʻlamli jihatlarini qamrab oladi.
Birgina CACILM-2 harakatini oladigan boʻlsak, mazkur mintaqaviy loyiha qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida yerdan foydalanishni yaxshilash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni kompleks boshqarish boʻyicha amaliyotlar koʻlamini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani koʻrinadi. Bu boʻyicha mutaxassislar tavsiyalar ishlab chiqib, hududlarda innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni qoʻllamoqda. “Gʻuzor” qorakoʻlchilik xoʻjaligi MCHJ hududida atrofi oʻralgan yaylov oʻsimliklari urugʻlik maydoni bunga misol. 30 gektar maydonga yaylov oʻsimliklari urugʻlari belbogʻ usulida ekilib, keyinchalik xoʻjalik ehtiyojlari va sotish uchun urugʻlik yetishtirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida Buxoro va Qamashi tumanlari qishloq aholisini qoʻllab-quvvatlash borasida ham qator ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, oʻtgan yili fermerlar va aholi daromadlarini oshirish maqsadida qishloq xoʻjaligi texnikalari, issiqxonalar, qurgʻoqchilik va shoʻrga chidamli ekinlar urugʻlari begʻaraz yetkazib berildi.
FAO hamda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamkorligidagi “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi esa issiqxonachilikni rivojlantirishga qaratilgan. Yaʼni, qishloq joylardagi kichik issiqxonalarni zamonaviy usulda modernizatsiya qilib, ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash hisobiga mahsulot yetishtirishda yuqori sifat va hosildorlikka erishish maqsad qilingan. Loyiha Oʻzbekistonda 2020—2024-yillar davomida amalga oshiriladi. Jarayonda asosan kichik hajmdagi issiqxonalar tanlandi. Ilk bosqichi 2021-yilda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida boshlandi. Oʻshanda 20 xonadon tanlab olinib, ularning issiqxonalari loyiha grand mablagʻlari hisobidan oxirgi texnologiyalar asosida qayta taʼmirlandi. Barchasiga nasoslar, filtrlar, suv idishlari va shlanglardan iborat zamonaviy tomchilatib sugʻorish tizimlari oʻrnatildi. Xullas, ishtirokchilarning zamonaviy texnologiyalar asosida bir necha barobar yuqori hosil olishiga erishildi.
Umuman, FAO Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishdan tortib uni amalga oshirishni ham qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Ikki tomon oʻrtasida umumiy qiymati 17 million dollarga teng 2021—2025-yillarga moʻljallangan yangi Mamlakat hadli dasturi (MHD) ham imzolangan. Dastur ikkita muhim strategik yoʻnalish — salomatlik, farovonlik va barqaror gullab-yashnashga olib boruvchi inson kapitalining inklyuziv taraqqiyoti hamda iqlim oʻzgarishini hisobga olgan holda barqaror taraqqiyotga qaratilgan harakatlarni belgilab beradi.
Bundan tashqari, qiymati 41,3 million dollarga teng 4 ta loyiha ishlab chiqilmoqda. Ular Oʻzbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlab qolish, xavfli kimyoviy moddalar bilan oqilona muomala qilish sohasidagi texnik yordam, FAO Texnik koʻmak dasturi boʻyicha loyihalar, shuningdek, Pandemiya fondi uchun “Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” yondashuvlari yordamida pandemiyaga tayyorlik va javob choralari mintaqaviy loyiha”si kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Hozirda FAOning texnik koʻmagida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, uning qishloq xoʻjaligiga taʼsirini yumshatish va moslashtirish uchun qiymati 6,5 million dollarga teng Global ekologik fondining grantini jalb qilish ustida ham ish olib borilyapti. Mamlakat bilan birgalikda doimiy ravishda xalqaro tadbirlar, konferensiyalar oʻtkazilib, global masalalar koʻtarilibgina qolmay, xorijlik mutaxassislar bilan ularning yechimlari izlanmoqda.
Joriy yil sentyabr oyida Samarqandda FAO shafeligida oziq-ovqat xavfsizligiga bagʻishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Unda yana bir karra oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun import inflyatsiya darajasini pasaytirish choralarini koʻrish va sohadagi boshqa global masalalar oʻrtaga tashlanadi. Yirik tadbir ushbu masalalar boʻyicha xalqaro miqyosda, oʻzaro hamkorlikda aniq chora-tadbirlar belgilanishiga yoʻl ochadi.
FAOning Oʻzbekiston bilan hamkorligi esa bundan keyin ham faol davom etadi. Zero, hamkorlikdagi loyihalar qishloq xoʻjaligi sohasida mahsulot yetishtirish va qayta ishlash, qoʻshimcha qiymatni yaratish, yuqori hosildorlik, aholi bandligini taʼminlash hajmlarining oshishiga xizmat qilmoqda.
Sherzod UMAROV,
BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti
(FAO)ning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari