Oʻzbekiston va Jahon banki karbonat angidrid emissiyasini kamaytirish boʻyicha 46 mln dollarlik loyihani imzoladi

    Xalqaro hamkorlik 14 Oktabr 2023 956

    Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Marokashga oʻtkazilgan yillik yigʻilishlari doirasida Oʻzbekiston hukumati va Jahon banki vakillari 46,25 million dollar miqdoridagi moliyalashtirishga oid bitimni imzoladi.

    Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, ushbu mablagʻlar “Oʻzbekiston energetika sektorini transformatsiya qilish uchun innovatsion uglerodli moliyalashtirish” (iCRAFT) loyihasini amalga oshirish uchun ishlatiladi. Loyiha toza energiya ishlab chiqarishga, energiya samaradorligini oshirishga va energiya subsidiyalarini isloh qilishda koʻmak beradi.

    Jahon bankining Uglerod aktivlarini transformatsiya qilish jamgʻarmasi (TCAF) tomonidan moliyalashtirilgan iCRAFT loyihasi bankning energetika sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha birinchi global tashabbusi boʻlib, maʼlum bir sohadagi aniq natijalar uchun toʻlovlar orqali issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirishni ragʻbatlantiradi. Loyiha Oʻzbekistonga iqlim oʻzgarishi sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda va energiya resurslaridan samarali foydalanishda yordam beradi.

    “Prognozlarga koʻra, uni amalga oshirish davrida biz karbonat angidrid emissiyasini qariyb 60 million tonnaga kamaytira olamiz. Ushbu 60 million tonnadan loyiha doirasida mamlakatdan 2−2,5 million tonna karbonat angidrid sotib olinadi. Oʻzbekiston qolgan uglerod birliklarini loyiha davomida yaratilgan va sinovdan oʻtgan tizimlar, infratuzilma va mexanizmlardan foydalangan holda xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin boʻladi”, — deydi Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari va Jahon banki guruhi menejeri Jamshid Qoʻchqorov.

    Loyiha doirasida taqdim etilgan mablagʻlarning bir qismi aholining kam taʼminlangan xonadonlarni tariflarning koʻtarilishidan himoya qilish uchun sarflanadi. Jumladan, loyiha “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha davlat dasturini va energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni qoʻllab quvvatlaydi.