Oʻzbekiston va Janubiy Koreya hamkorlik koʻlamini kengaytiradi

    Xalqaro hamkorlik 26 Mart 2024 1093

    Joriy yil 25-martda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Chung Byon Von bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Suhbat oʻzaro munosabatlarning turli yoʻnalishlaridagi ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikning dolzarb masalalariga bagʻishlandi.

    Savdo va sarmoyaviy hamkorlikda erishilgan koʻrsatkichlar alohida taʼkidlandi. Savdo aylanmasi 2017-yildagi 1,3 milliard dollardan 2023-yilda 2,3 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning dastlabki ikki oyida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga oshdi. Oxirgi besh yil ichida Oʻzbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga oshib, 983 taga yetdi, ularning yarmidan koʻpi, yaʼni 605 tasi – 100 foiz xorijiy kapitalga asoslangan. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish boʻyicha ishlarni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

    Suhbat chogʻida ikki davlatning alohida strategik sherikligi nuqtai nazaridan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish va oliy darajadagi sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etildi. Shu nuqtai nazardan, Koreya tomoni Koreya hukumatining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy va texnik yordamni oshirishga hamda Oʻzbekistonda metallurgiya, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida yirik investitsiya loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.

    Oʻzbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni mustahkamlash istiqbollari alohida tahlil etildi. Hududlararo forumlarni ishlab chiqish va oʻtkazish mexanizmlari kelishib olindi, ular davomida biznes vakillari qoʻshma imkoniyatlarni muhokama qilishlari, bitim va shartnomalar tuzishlari mumkin boʻladi.

    Suhbat yakunida oʻzaro savdo hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha qoʻshma yoʻl xaritasini ishlab chiqish, shuningdek, yirik Koreya kompaniyalarini mamlakatimizda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.