Suhbatda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari, Oʻzbekistonni Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonida qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari, shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.
Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligining rivojlanish dinamikasi alohida taʼkidlandi. Soʻnggi 5-yil ichida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 1,3 barobar oshib, 2023-yilda 3,1 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, har ikki davlat ham savdo aylanmasini oshirish uchun ulkan salohiyatga ega ekanligi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzaro savdo nomenklaturasini kengaytirish, standartlarni uygʻunlashtirish va oʻzaro tan olish, samarali tarif va notarif tartibga solish boʻyicha rejalar kelishib olindi. Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
Transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish, yuk tashish hajmlarini oshirish, narxlarni optimallashtirish, tranzit jarayonlarini soddalashtirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Investitsiyaviy hamkorlik faol rivojlanib boryapti. Oxirgi uch yilda qoʻshma korxonalar soni ikki barobarga oshib, 1900 taga yetdi. Investitsiyalar hajmi 2,5 barobar oshdi. Turkiya kompaniyalarining mamlakatimizdagi xususiylashtirish dasturlari va davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyihalarni amalga oshirishdagi ishtirokini yanada kengaytirishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladilar hamda muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga doir hamkorlik formatini ishlab chiqdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.