Kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda fuqarolik jamiyati institutlari beqiyos ahamiyat kasb etadi. Respublikamizda so'nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini tashkiliy-huquqiy jihatdan takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu jihat respublikamizdagi NNTlar faoliyatida ham yaqqol ko'zga tashlanadi. Xususan, 2010-yillarda O'zbekistonda 5431 ta nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritgan bo'lsa, hozirgi vaqtda 8240 ta tashkilot ro'yxatga olingan.
Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 20-avgustda imzolangan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni bu boradagi islohotlarning uzviy davomi bo'ldi. Mazkur farmon nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy sheriklikni mustahkamlashga muhim asos bo'ldi. endilikda, Parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy bo'linmalari tashkil etilib, ijtimoiy loyihalarning manzilliligi ta'minlanadi, byurokratiyaga chek qo'yiladi.
Yanada ahamiyatli jihati, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bog'liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta'minlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.
Farmonga ko'ra, har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o'tkazadi; davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini BHMning 1 000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi beriladi; Hukumat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish bo'yicha dastur qabul qiladi.
Shu bilan birga, ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni ommalashtirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga bir qator imtiyozlar berilmoqda. Ya'ni, davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalari doirasida daromad solig'i va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50 foizga kamaytiriladi; 2025-yil 1-yanvardan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazish uchun undiriladigan davlat boji 2 baravarga kamaytiriladi; homiylik tashkilotlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga xayriya pulining soliq solinmaydigan miqdori amaldagi 15 mln so'mdan 34 million so'mgacha (BHMning 100 baravari) oshiriladi.
Hujjatning qabul qilinishi respublikamizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan iliq qabul qilindi. Unga ko'ra, har yili dekabr` oyida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida Oliy Majlis, Adliya vazirligida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar, fuqarolik jamiyati institutlarini rag'batlantirish bo'yicha tadbirlar o'tkazilishi; “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun” ko'krak nishoni; har ikki yilda “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti bilan taqdirlash belgilab berilgani jamoatchilik vakillari tomonidan katta ishonch bilan e'tirof etildi.
Manzura Rustamova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Toshkent viloyati hududiy bo'linmasi yetakchi mutaxassisi