Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.
Mazkur Qonun yangilangan Konstitutsiyaga mos ravishda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni toʻlaqonli taʼminlash va kuchaytirishni nazarda tutuvchi bir qator oʻzgarishlarni oʻz ichiga olgan.
Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlis palatalariga va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar koʻrishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim etishi belgilanmoqda.
Qonun bilan Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi joriy etilmoqda.
Shuningdek, Ombudsman va uning oʻrinbosari vakolatlari, daxlsizligining qoʻshimcha kafolatlari ham joriy etilib, ularga yuklatilgan vazifalarning muammosiz va samarali bajarilishi qonunda mustahkamlanmoqda.
Qonunda saylanish kuni oʻttiz yoshga toʻlgan, kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkinligini nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Qonunda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida “Ombudsman qutisi” tushunchasi kiritilib, unga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning murojaat qilishning huquqiy mexanizmi belgilanmoqda.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) institutining mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirib, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtiradi.
Uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlari kengayishiga va hududiy vakilliklari faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.