Tabiatga zarar keltiruvchilarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilmoqda

    Senatning ellik toʻqqizinchi yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va oʻsimlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.

    Bugungi kunda noqonuniy ov qilish, brakonyerlik tufayli hayvonot va nabotot turlari soni tobora kamayib bormoqda. Natijada ekologik vaziyat keskinlashyapti, bu esa jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

    Qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirishda kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda qasddan daraxtlarni quritish holatlari uchrayotganini OAV orqali koʻrib guvohi boʻlmoqdamiz.

    Shuningdek, suv havzalarida turli noqonuniy usullar yordamida, xususan, elektr toki, portlovchi va kimyoviy moddalar hamda biologik preparatlarni qoʻllagan holda baliq ovlash ortib bormoqda. Bu baliq zaxiralari qirilib ketishiga, turlarini yoʻq boʻlib ketishiga sabab boʻlmoqda.

    Amaldagi qonunchiligimizda bunday qilmishlar uchun jazo choralarining yengilligi esa brakonyerlarga juda qoʻl kelmoqda.

    Boz ustiga, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik, koʻrsatmalarini bajarmaslik uchun belgilangan sanksiya mazkur yoʻnalishdagi huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini taʼminlash imkonini bermayapti.

    Taʼkidlanganidek, taklif etilayotgan Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 2 ta qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

    Jumladan, Jinoyat kodeksiga hayvonot yoki oʻsimlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Xususan, elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qoʻllagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima belgilanmoqda yoki muayyan huquqdan mahrum qilinmoqda, 3-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Ogʻirlashtiruvchi holatlarda qoʻshimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ham kiritilmoqda.

    Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun koʻzda tutilgan jarimalar miqdori ikki baravarga oshirilmoqda.

    Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa obyektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish yoxud oʻz hududida qoʻshimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital taʼmirlash vaqtida daraxtlarga, butalarga yoki boshqa oʻsimliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilish huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilanib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 60 baravaridan 75 baravarigacha jarima nazarda tutilmoqda.

    Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik esa 2 baravarga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, Ekologiya davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik, koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima belgilanmoqda.

    “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunlar normalari oʻzaro muvofiqlashtirilib, ushbu qonunlardagi ov quroli, shu jumladan baliq ovlash quroli bilan bogʻliq huquqiy boʻshliqlar bartaraf etilmoqda.

    Qayd etilganidek, Qonunning qabul qilinishi noqonuniy ov qilish holatlarining oldini olish orqali biologik resurslarni muhofaza qilishga, daraxt va butalar nobud qilinishining oldini olishga, davlat ekologik nazorati instituti samaradorligini oshirishga, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlash, tabiiy resurslarni kafolatlangan himoya qilishga xizmat qiladi.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.