Oʻzbekistonda taʼlim islohoti nega birinchi oʻringa qoʻyildi?

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 22-sentyabr sonida jurnalist Bahodir Jovliyevning xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov bilan “Oʻzbekistonda taʼlim islohoti nega birinchi oʻringa qoʻyildi?” nomli suhbati chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Yosh avlod taʼlimtarbiyasi, istiqboli bilan bogʻliq har qanday masala bugun jamiyatni qiziqtiradi. Zero, farzandi kelajagi, oilasi farovonligini oʻylagan ota-ona oʻgʻil-qizini barkamol voyaga yetkazish tashvishi bilan yashaydi. Bu Vatani hurligi va taraqqiyoti, xalqining farovonligi hamda istiqbolini koʻzlagan har bir davlat va jamiyatning ham oliy maqsadi.

    Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida Taraqqiyot strategiyasi doirasida 2026-yilgacha bajariladigan 5 ta asosiy vazifaning eng birinchisi taʼlim tizimi boʻlishini taʼkidladi. KOMIL INSON gʻoyasi qadimdan nafaqat xalqimiz, balki taraqqiyotga intilgan barcha jamiyatlarni harakatlantiruvchi kuch boʻlgan. Bunda birdamlik, hamfikrlik, adolat va shaffoflik, hatto doʻstona raqobat kabi koʻplab omillar zarur. Xoʻsh, bu borada Xalq taʼlimi vazirligi oldida qanday vazifalar turibdi? Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor SAIDOV bilan suhbatimiz shu va sohaga taalluqli boshqa muhim masalalar xususida boʻldi.

    — Milliy mustaqillik, xalqning hurligi — eng ulugʻ neʼmat. Uning qadr iga yetish, koʻz qorachigʻidek asrab­ avaylash, kelgusi avlodlarga bekamu koʻst yetkazish asosiy burchimiz! Ana shu tushunchani xalqimiz, ayniqsa, bugun maktab partasida kamol topayotgan oʻquvchilarimiz teran anglab olishini istardim. Yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish davlat va jamiyatimiz oldidagi eng ustuvor vazifa. Bugun dunyo shiddat bilan rivojlanmoqda, ilm­fan, texnika doimiy takomillashib bormoqda. Taraqqiyotdan ortda qolish mamlakat istiqboli, xalq erkinligiga ham raxna solishi tabiiy.

    Bugun dunyo keskin raqobat va zimdan kurash maydoniga aylangan. Avvalgi davrlardagi raqobat va kurashlarda zavod-­fabrikalarning turli uskunalari ortidan gʻalaba qozonilgan boʻlsa, hozirgi kurashlardagi muvaffaqiyatda maktablardagi bilim sifati muhim oʻrin tutadi. Bu haqiqatni unutmagan holda, farzandlarimizning kelgusi gʻalabalari uchun mustahkam poydevor qurmogʻimiz lozim.

    Shu bois, bugun maktab partasida harf oʻrganib, bilimlar olamiga kirib borayotgan har bir oʻgʻil­-qizni yurtimiz istiqboli, yorugʻ kelajagiga daxldor SHAXS deb qabul qilishimiz shart! Shunday ekan, mamlakatimizda yosh avlod taʼlim-­tarbiyasini davlat va jamiyat oldidagi eng birinchi vazifa deyish har jihatdan tabiiy va asosli.

    — Taʼlim islohotlari samarasi oʻquvchining bilim va salohiyatida namoyon boʻladi. Shu maʼnoda, bugun maktab taʼlimini rivojlantirish va oʻqituvchilar faoliyati samaradorligini oshirish borasida qanday yangiliklar qilinmoqda?

    — Yangi oʻquv yilida yurtimizdagi oʻn mingdan ziyod maktabda 500 mingdan ortiq pedagog taʼlim-­tarbiya bermoqda. Ular orasida tajribali, oʻziga xos uslub va yondashuvga ega muallimlar juda koʻp. Zotan, mahoratli va bilimli oʻqituvchi maktab jamoasi, oʻquvchilar va ota-­onalar hurmatiga sazovor boʻladi.

    Hozir oʻqituvchilar mehnatini munosib ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish, ragʻbat va mukofot tayinlashda adolat va shaffoflikni taʼminlash borasida bir qancha yangiliklar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Pedagog kadrlarning malaka toifasiga ega boʻlishi muhim jihat. Chunki muallimning kasbiy mahorati va ilmiy salohiyati aniq mezonlarda baholanadi.

    Biroq hech bir tizim oʻziga oʻzi baho berishi mumkin emas. Chunki bunday yondashuvda xolislik yoʻqoladi. Aynan shu tamoyil asosida mazkur jarayon Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan mustaqil amalga oshiriladi. Biz bu jarayonda oʻqituvchilar uchun adolatli va shaffof sinov oʻtkazilishini talab etamiz, xolos. Taʼlim tizimidagi izchil islohotlar bois, pedagog kadrlarning malaka toifasini oshirish tizimida ham ortiqcha byurokratiya va qogʻozbozlikka chek qoʻyildi.

    Bu oʻz kasbini sevuvchi, fidoyi va mahoratli pedagoglarimiz uchun yana bir imkoniyat, desak adashmaymiz. Zotan, bugungi kunda pedagoglar bir yilda ikki marotaba attestatsiya orqali malaka toifasini oshirishi mumkin. Bu orqali oʻqituvchining oylik maoshini koʻtarishiga imkoniyat berilmoqda. Mazkur tizim natijasida joriy yilda muallimlarimizning sifat tarkibi keskin oshdi.

    Bunda dastlab pedagoglar tarkibi (maʼlumoti, toifasi, ish staji) tahlil qilinib, natijalariga koʻra, tajribasi yetarli boʻlmagan, metodik yordamga muhtojlarning navbatdan tashqari malaka oshirish kurslariga jalb etilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Tahlillarga koʻra, oʻtgan bir yilda malaka toifasiga ega boʻlgan oʻqituvchilar soni qariyb 303 ming nafarga yetib, bu jami pedagoglarning 62,5 foizini tashkil etmoqda.

    Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 45,2 foizni tashkil qilgan boʻlsa, uch yil oldin 30 foizga ham yetmagan. Shuningdek, joriy yilda oliy va birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar soni salkam 143 ming nafarga, yaʼni 30,1 foizga yetgani holda oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar ulushi 9,1 foizni tashkil etmoqda. 2021-yilda bu koʻrsatkich 5,7 foiz boʻlgan, xolos. Oʻz navbatida, xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritayotgan oʻrta maʼlumotli oʻqituvchilar ulushi ham 9,5 foizdan 7,3 foizga kamaygan.

    Bu ham maktablarda oliy maʼlumotli oʻqituvchilar safi yildan­-yilga kengayib, pedagog kasbining nufuzi oshib borayotganiga dalildir. 2021-yildan xorijiy tillar oʻqituvchilariga xalqaro sertifikat berish tizimi joriy qilinib, ularning oʻz bilimini isbotlashi asosida shaffof tarzda oylik maoshini qoʻshimcha oshirish imkoni berildi. Bu esa oʻtgan qisqa davrda xalqaro standartlarga javob beradigan chet til oʻqituvchilari soni deyarli uch barobar oshishiga turtki boʻldi.

    Bugungi kunda har bir oʻquvchining sifatli bilim olishi, taʼlimda tenglik tamoyili ustuvor boʻlishi borasidagi saʼy-­harakatlar samarasi oʻlaroq, hatto eng chekka hududlardagi maktablar ham bilimli va mahoratli pedagoglar bilan taʼminlanmoqda. Bu jarayonda olis hududlardagi maktablarda faoliyat koʻrsatayotgan fidoyi va jonkuyar oʻqituvchilar oylik maoshiga qoʻshimcha 100 foiz ustama toʻlash tartibi joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

    Hozir yuqori malaka toifasiga ega 400 nafar fidoyi ustoz eng chekka hududdagi maktablarda farzandlarimizga taʼlim­tarbiya berib kelayotgani uchun 1000 AQSH dollariga teng miqdorda maosh olmoqda. Bunday ijobiy tajribadan kelib chiqqan holda, joriy yil aprel oyida davlatimiz rahbari boshqa fan oʻqituvchilariga ham xalqaro sertifikat berish tizimini joriy qilish va inson qadrini ulugʻlash tamoyiliga asosan, ular mehnatiga munosib haq toʻlash tizimini tatbiq etishni topshirgandi.

    Shunga koʻra, Xalq taʼlimi hamda Moliya vazirliklarining tegishli qoʻshma qarori bilan 2022-yil 1-sentyabrdan xalqaro va milliy baholash tizimi sertifikatiga ega pedagog kadrlarga qoʻshimcha ustama haq toʻlash tizimi ishlab chiqildi. Bu orqali endi nafaqat chet til oʻqituvchilari, balki ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), matematika, kimyo, fizika, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlari boʻyicha sertifikat sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan pedagoglar ham ustama olish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Shu oʻrinda mashhur bir hikmatni tilga olmoqchiman: “Turgʻunlik va erksizlik zaif insonlarni shakllantiradi. Zaif insonlar qiyin davrlarga sabab boʻladi. Murakkab davrlar kuchli insonlarni yaratadi. Kuchli va matonatli kishilar farovon davrlarni bunyod etadi”. Afsuski, sobiq totalitar tuzumning turgʻunlik davri va bundan 20–25 yil avval taʼlimga eʼtibor hozirgidek kuchli boʻlmagani, aksincha, talab nuqtayi nazaridan ilm va maʼrifat oʻrniga oʻqituvchining vazifasiga kirmagan turli qishloq xoʻjaligi yoki boshqa jamoat ishlariga jalb etilgan davrlar zaif pedagoglar qatlami shakllanishiga sabab boʻldi.

    Ushbu qatlam esa taʼlimdagi bugungi muammolar qarshisida ojiz qolmoqda. Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish islohotida faollikka intilayotgan pedagog kadrlar oldida taʼlimni inqirozdan olib chiqish va farzandlarimiz kelajagi uchun yorqin davrlarni yaratishdek murakkab va muqaddas vazifa turibdi. Ishonamanki, fidoyi ustozlarimiz bilan birgalikda, albatta, bu maqsadga yetamiz!

    — Bugun muallim mehnatini ragʻbatlantirish borasida amaldagi direktor jamgʻarmasiga qoʻshimcha ravishda vazir jamgʻarmasi tashkil etildi. Ayting-chi, mazkur ragʻbatlantirish tizimlarining oʻzaro uygʻun va farqli jihatlari nimada? Umuman, oʻqituvchi mehnatiga munosib haq toʻlash, faoliyatini toʻgʻri tashkil etishda yana qanday ishlar bajarilishi zarur deb oʻylaysiz?

    — Haqiqatan ham, oʻqituvchilik kasbining mashaqqati koʻp. Buni oʻzim hali maktabda, keyinchalik oliy taʼlim muassasalarida oʻqib yurgan, ilmiy faoliyat bilan mashgʻul boʻlgan davrimdayoq anglaganman. Qolaversa, oʻz davrida onam oʻqituvchi, buvim maktab direktori boʻlib ishlagani bois, bu soha mashaqqatini yaxshi bilaman, desam xato boʻlmaydi. Oʻqituvchining ish vaqti va bergan taʼlimini hech bir mezon bilan baholab boʻlmaydi.

    Ammo mahorati bilan tajribasiz, oʻz fanining bilimdoni hamda endi sohaga kirib kelayotgan oʻqituvchini ajratish va ular mehnatiga munosib baho berish dunyo miqyosida ham dolzarb masala. Zero, har bir sohadagi noaniqlik yoki umumiy qolipga solish tendensiyasi xatoliklarga olib borishi haqiqat. Shu nuqtayi nazardan, 2022-yil 2-avgustda Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi vaziri jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, oʻqituvchi mehnatini munosib ragʻbatlantirish mexanizmi takomillashtirildi.

    Mazkur qaror ayrim hududlardagi taʼlim muassasalarida yoʻl qoʻyilayotgan korrupsion holatlar, shuningdek, moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olishga qaratilgan boʻlib, direktor jamgʻarmasi mablagʻlarini toʻgʻri va aniq maqsadga yoʻnaltirishga xizmat qiladi. Mazkur tizim, eng avvalo, munosib oʻqituvchini ragʻbatlantirishni kafolatlaydi. Bu jarayonda mablagʻlar “barcha uchun tenglik” tamoyili asosida va aniq mezonlar boʻyicha ustama haq olishga munosib oʻqituvchilarni moddiy qoʻllab­-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noxolis ekspertlar talqin qilganidek, yangi tizim hech qachon direktor jamgʻarmasi mablagʻlari miqdori yoki oliy toifaga ega oʻqituvchilar oylik ish haqining pasayishiga olib kelmaydi. Agar mazkur qaror va Xalq taʼlimi vazirining jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom sogʻlom dunyoqarash bilan oʻqilsa, yangi tizim, eng avvalo, direktor jamgʻarmasidan beriladigan mukofot va moddiy yordam pulining tasarruf etilishini tartibga solishni anglatadi.

    2022-yil avgust oyiga qadar amalda boʻlgan tartibga koʻra, direktor jamgʻarmasi mablagʻlaridan maktabning eng ilgʻor va taʼlim samaradorligiga erishgan oʻqituvchilari oylik maoshiga qoʻshimcha 40 foizgacha ustama hamda xodimlarga moddiy yordam va mukofot puli berilishi nazarda tutilgan edi. Biroq tahlillar koʻrsatdiki, joylarda baʼzi maktablar rahbari direktor jamgʻarmasi mablagʻlarini oʻqituvchilarning taʼlim sifatini oshirishga qoʻshgan hissasi uchun toʻlashdan koʻra, ayrim xodimlarga faqat moddiy yordam hamda mukofot puli tarzida tarqatishni odatga aylantirgan.

    Bu amaliyot natijasida ustama haq olishga munosib oʻqituvchilar soni va ularga toʻlanadigan ustama haq miqdori yildan-­yilga kamayib, moddiy yordam hamda mukofot puli foizi muttasil oshib borgan. 2021-yilda bir maktabda direktor jamgʻarmasi mablagʻlarining faqatgina 55 foizi pedagog xodimlarga taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga qoʻshgan hissasi uchun har oylik ustamalarga ajratilgani holda, qolgan 45 foizi mukofot va moddiy yordam koʻrsatishga yoʻnaltirilgani ham fikrimizni dalillaydi.

    Holbuki, davlat byudjetidan ajratilayotgan direktor jamgʻarmasi mablagʻlari, birinchi galda, taʼlim sifatini oshirishga qoʻshgan hissasiga koʻra, ilgʻor oʻqituvchilarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilishi lozim. Yuqoridagi kabi salbiy holatlar koʻpaygani bois, lavozimiga nomunosib ayrim maktab rahbarlari direktor jamgʻarmasi hisobidan surunkali ravishda aynan bir guruh tanishbilish lariga takror­takror moddiy yordam va mukofot puli yozib kelgan.

    Bu kabi salbiy holatlar kelib chiqishiga, avvalo, direktor jamgʻarmasi mablagʻlarini tasarruf etishga oid nizomda xodimlarga moddiy yordam koʻrsatish tartibi va miqdori aniq mezonlarda belgilanmagani sabab boʻlgan, desak toʻgʻri boʻladi. Bu holat esa aksariyat hollarda direktor jamgʻarmasi mablagʻlari notoʻgʻri sarflanishiga olib kelgan. Misol uchun, 2021-yilda bir maktabning ish haqi fondiga 787,5 million soʻm va direktor jamgʻarmasiga 175,5 million soʻm ajratilgan.

    Direktor jamgʻarmasi mablagʻlarining faqatgina 20 foizi pedagog xodimlarga har oylik ustama uchun yoʻnaltirilgani holda, qolgan 80 foizi faqat ayrim xodimlarni mukofotlash va moddiy yordam koʻrsatishga sarflab yuborilgan. Shu kabi holatlarga yoʻl qoʻygan taʼlim muassasasi mutasaddilari faoliyatiga huquqiy baho berish maqsadida tegishli materiallar huquq-­tartibot organlariga taqdim etilgan. Nizomning yangi tahririda direktor jamgʻarmasidan moddiy yordam koʻrsatish miqdori va holati aniq belgilab qoʻyildi.

    Mukofot va moddiy yordam pulini sababsiz berish holatlari cheklandi, lekin maktab doirasida oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish uchun ajratiladigan jami summa saqlab qolindi. Mablagʻlarni oʻqituvchilar ish natijasiga koʻra, ustama haqi toʻlashga yoʻnaltirish, moddiy yordam koʻrsatishning aniq holatlarini belgilash (xodimning oʻzi va yaqin qarindoshi vafot etganda, ogʻir kasallikka chalinganda, tabiiy ofatdan zarar koʻrganda) hamda mukofot pulini aniq maqsadda va barchaga teng miqdorda berish tartibi ishlab chiqildi.

    Shuningdek, vazir jamgʻarmasi orqali yagona tamoyil asosida mamlakat boʻyicha malakali pedagog xodimlar uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 5,5 barobari (hozir 5,1 million soʻm) hisobida har oylik ustamalar belgilash, shuningdek, xuddi shuncha miqdorda ilgʻor xodimlarga bir martalik pul mukofotini toʻlash amaliyoti joriy etilmoqda. Fidoyi oʻqituvchilarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan maqsadli vazir jamgʻarmasi hech bir tizimda yoʻq. Shuning oʻzi ham Prezidentimizning oʻqituvchi kasbini nechogʻliq ulugʻlashi va taʼlimga yuksak eʼtiborining yaqqol dalilidir.

    — Shu kunlarda “15 yil davomida oliy toifali oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritgan pedagoglarning oliy malaka toifasi umrbod saqlanib qolish-qolmasligi hamda oylik ish haqi miqdoridagi oʻzgarish xavotiri ortidan koʻplab fikr-mulohazalar bildirildi. Shu bois, mazkur masalaga ham alohida izoh berib oʻtsangiz, maqsadga muvofiq boʻlardi.

    — Mahoratli, oʻz kasbini sevadigan oʻqituvchi doim taʼlim beradigan faniga oid yangiliklarni izlab yuradi. Muallimning jamiyatdagi mavqei bois, yurtimiz va dunyo ilm­fanidagi oʻzgarishlar, ijtimoiy­siyosiy rivojlanishdagi yangiliklar ham fidoyi va faol oʻqituvchi uchun hamisha qizgʻin muhokama hamda fikr-­mulohaza mavzusi boʻlishiga ishonchim komil.

    Binobarin, pedagoglik kasbini hayotining mazmuni, shogirdlari yutugʻini oʻz quvonchi deb bilgan oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchi har qanday sinovlarga doim tayyor. Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridagi yangilik va oʻzgarishlar haqiqiy fidoyi oʻqituvchilarimizda zarracha savol tugʻdirmaganiga ishonaman.

    Mazkur qaror asosida tasdiqlangan nizomning yangi tartibiga koʻra, oliy malaka toifasiga ega boʻlganidan soʻng uni 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga (shu jumladan, dekret taʼtili davrida ham) ega boʻlgan pedagog kadrlar majburiy attestatsiyaga jalb qilinmasligi belgilandi. Hozirgi tahrirga asosan, pedagoglar oliy toifali boʻlib, oʻz darajasini 3-marta majburiy attestatsiyada tasdiqlaganidan soʻng umrbod oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchi maqomida faoliyat yuritishi mumkin.

    Misol uchun, 2022-yilda oliy taʼlim muassasasini bitirgan yosh pedagog navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtish imkoniyatidan foydalanib, 2024-yilda oliy malaka toifasi talabini bajarishi mumkin. Shundan boshlab 15 yil davomida 3 marotaba (yaʼni har besh yilda — 2029, 2034 va 2039-yillarda) Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oʻtkazgan sinovlarda oliy malaka toifasini himoya qilishi talab etiladi.

    Shundan soʻng mazkur oʻqituvchiga keyingi pedagogik faoliyatida hech qanday sinovlarsiz oliy malaka toifasida mehnat qilish hamda uning imtiyozlaridan foydalanish imkoniyati beriladi. Bunday holatda pedagog 39 yoshidan mehnat faoliyati yakuniga qadar oliy toifani saqlab qolishi mumkin.

    Mazkur nizomning oldingi tahririda gʻalizlik va noaniqlik mavjud edi. Yaʼni oʻqituvchi dastlabki 10–12 yillik pedagogik faoliyati davomida ikkinchi yoki birinchi malaka toifasiga ega boʻlib, oxirgi yilda oliy malaka toifasiga sazovor boʻlsa, yuqoridagi qoida unga ham taalluqli, degan yanglish fikr yuzaga kelishi mumkin edi. Umuman olganda, nizomdagi yuqoridagi kabi juzʼiy oʻzgartirishlar orqali pedagoglarga toʻlanadigan umumiy mablagʻning kamayishi borasidagi xavotirga aslo oʻrin yoʻq.

    — Shu oʻrinda muhokamaga sabab boʻlgan yana bir mavzu — maktab direktori va uning oʻrinbosarlari ish yuklamasi hamda ularga belgilangan dars soatlarining toʻgʻri ajratilishiga ham izoh berib oʻtsangiz.

    — Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktyabrdagi “Taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarga malakali oʻqituvchi­pedagoglarni jalb qilish chora­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining avvalgi tahririda ham xalq taʼlimi muassasasi rahbar xodimi asosiy lavozimini bir haftada 10 soatgacha hajmda oʻqituvchi lavozimi bilan qoʻshib olib borish imkoniyatiga ega edi.

    Yangi tahrirda ushbu jarayon yanada aniqlashtirildi. Bunga sabab shuki, ayrim taʼlim muassasasida rahbar xodimlarga egallab turgan shtat birligiga qaramasdan 10 soatdan ortiqcha dars berganlik holati koʻplab uchradi. Bu esa, huquqiy nuqtayi nazardan xato boʻlgani sababli ish yuklamasidan tashqari 10 soatdan koʻp dars olgan rahbar xodimlar ortiqcha ish haqi miqdorini davlat gʻaznasiga qaytarib toʻlashga majbur boʻldi.

    Shu bois, bunday tushunmovchilik, moliyaviy xato va kamchiliklar boʻlmasligi uchun yuqoridagi qarorning yangi tahrirdagi nizomida “... rahbar xodimlarning egallab turgan shtat birligidan qatʼi nazar, ularga faqatgina 10 soatgacha dars berish mumkin”ligi aniq belgilab qoʻyildi.

    — Demak, taʼlim sifatini taʼminlashda oʻqituvchi faoliyati, kasbidan eʼzoz topishi qanchalik muhim boʻlsa, uning mehnatiga haqqoniy baho beradigan rahbar kadrlarning lavozimiga munosib boʻlishi ham alohida ahamiyatga ega ekan. Shundan kelib chiqib, yosh pedagog kadrlarni tayyorlash hamda maktab rahbariga qoʻyiladigan yangi talablarni ishlab chiqish borasida qanday ishlar qilinmoqda?

    — Soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalarida pedagog kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqish borasida sohaga xalqaro amaliyotga doir koʻplab yangiliklar tatbiq etilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, Urganch, Namangan, Guliston davlat universitetlariga “davlat pedagogika institutlari” maqomi berildi.

    Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston­-Finlyandiya pedagogika instituti negizida Oʻzbekiston-­Finlyandiya pedagogika instituti tashkil etildi. Andijon, Buxoro, Termiz, Qarshi davlat universitetlari Pedagogika institutlari negizida davlat pedagogika institutlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Chirchiq va Jizzax davlat pedagogika institutlari Chirchiq va Jizzax davlat pedagogika universitetlari sifatida tashkil etilmoqda.

    Bundan tashqari, yangi oʻquv yilidan pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar 2-­kursdan boshlab kasbiy mahoratini oshirishi uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlari “4+2” tartibida olib boriladi. Yaʼni darslarning 4 kuni oliy taʼlim muassasasida, 2 kuni maktabda amaliyot oʻtash asosida tashkil etiladi. Eʼtiborlisi, 2023/2024 oʻquv yili qabulidan boshlab pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining 14 ta taʼlim yoʻnalishi sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydi.

    Shu bilan birga, ushbu 14 tadan boshqa yoʻnalishlarning sirtqi taʼlim shakliga kamida 5 yillik pedagogik ish stajiga ega shaxslar, shu jumladan, maktablarda faoliyat koʻrsatayotgan oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar qabul qilinadi. Maktablarda taʼlim sifatini oshirish, avvalo, pedagoglar salohiyati, qolaversa, sogʻlom va barqaror maʼnaviy muhitni yaratuvchi zamonaviy rahbarlarga koʻp jihatdan bogʻliq. Bugun maktab direktorlari ochiq tanlovlar asosida dastlabki saralashdan oʻtkazilib, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanmoqda.

    Davlatimiz rahbarining “2022–2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan boshlab maktab direktori lavozimiga nomzodlar faqat menejerlik sertifikatiga ega shaxslar orasidan tanlab olinadi va kelishish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) kengashiga taqdim etiladi.

    Hozir Abdulla Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy tadqiqot instituti tuzilmasida Xalq taʼlimi xodimlarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash markazi tashkil etildi. Endi ushbu markaz tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarga maxsus dasturlar asosida jamoada ishlash va ota-­onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob­kitoblar hamda axborot texnologiyalarini oʻrgatish, bilim va koʻnikmalarini baholash asosida menejerlik sertifikatini berish tartibi ishlab chiqildi.

    Zamonaviy maktab direktori oʻqituvchi va tashkilotchi, huquqshunos va iqtisodchi boʻlishi kerak. Yangi tizim bu boradagi faoliyatimizni muvofiqlashtirish hamda zamonaviy rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim omil boʻlishiga ishonaman. Bugun shiddat bilan yangilanib, takomillashib borayotgan dunyoda faqat va faqat ilm­fan, taʼlim va tarbiyagina davlatni, xalqni taraqqiyotga boshlashi haqiqat.

    Atoqli maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning bundan 100-yil oldin “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur”, degan oʻgiti har bir vatandoshimiz ongu shuurida boʻlishini istardim. Zero, maʼrifat va maʼnaviyatga tashna inson, oila va jamiyatda ustoz­muallimning qadri ham baland boʻladi.