Oʻzbekistondagi ilk bioarxeologiya laboratoriyasi

    Fan 22 Sentabr 2020 2945

    Kishilik sivilizatsiyasi oʻchoqlaridan biri boʻlgan Markaziy Osiyo doimo turli madaniyatlar kesishgan mintaqa boʻlib kelgan. Ushbu mintaqaning qoq oʻrtasida joylashgan Oʻzbekistonning boy oʻtmishi oʻtgan davr davomida arxeologlar tomonidan keng oʻrganilib, yurtimiz va mintaqada kechgan tarixiy jarayonlarni qayta tiklashda sezilarli yutuqlar qoʻlga kiritildi. Xususan, tosh davridanoq oʻzlashtirila boshlagan Markaziy Osiyo ilk shaharlar va davlatchilik shakllangan mintaqalardan biri boʻlgani ilmiy asoslandi.

    Keyingi yillarda fan, taʼlim va iqtisodiyotning integratsiyalashuviga qaratilgan yangi oʻzgarishlar yurtimizdagi arxeologik izlanishlarni yana-da chuqurlashtirish, yirik arxeologik yodgorliklarda keng koʻlamli qazishmalarni olib borish, ochib oʻrganilgan arxeologik obyektlarda ochiq osmon ostidagi muzeylarni tashkil etish hamda boy oʻtmishimiz va madaniyatimizni mintaqa yurtdoshlarimiz, qolaversa, jahon hamjamiyatiga koʻrsatish uchun 2019-yil 21-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” Qarori chiqarildi. Ushbu Qarorda respublika boʻylab olib borilayotgan arxeologik izlanishlarni ilmiy-uslubiy tomondan yoʻnaltirish va tabiiy fanlarning zamonaviy tadqiqot uslublarini arxeologik izlanishlarda keng qoʻllashni koʻzda tutib, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Milliy arxeologiya markazi tashkil etildi.

    Qarorda Milliy arxeologiya markazida 2019-yili Oʻzbekistonda ilk bor «Bioarxeologiya» yoʻnalishida izlanishlar olib boradigan zamonaviy asbob‑uskunalar bilan jihozlangan Bioarxeologiya laboratoriyasi tashkil etilishi koʻzda tutildi. Unda ilmiy izlanishlar arxeologiya va tabiiy fanlar bilan uygʻunlikda olib boriladi. Bugungi kunda ushbu laboratoriyani tashkiliy jihatlari, yaʼni laboratoriya uchun uskuna va jihozlar roʻyxatini tuzish, ularni sotib olish xarajatlar smetasini ishlab chiqish va eng muhimi ana shu asboblarni oʻz izlanishlarida qoʻllay oladigan ilmiy xodimlar, laborantlarni jalb etish va tayyorlash ustida ishlar olib borilmoqda.

    Laboratoriyada “Biologik (organik) artefaktlar tahlili yordamida tarixiy jarayonlarni tiklash” mavzusida ilk izlanishlar boshlab yuborildi. Ingliz tilidagi bioarxeologiya boʻyicha adabiyotlarning koʻpchiligi aniq bir tadqiqot muammosiga, biror‑bir geografik oʻlkaga yoki nazariy perspektivaga qaratilganini koʻrsatdi. Bu yoʻnalishda amerikalik antropolog olim K. Larsenning talabadan koʻra koʻproq amaliyotchiga moʻljallangan Bioarchaeology: Interpreting Behavior from the Human Skeleton” (Cambridge: Cambridge University Press, 1999) hamda talabalar va mutaxassis boʻlmaganlarga atab yozgan “Skeletons in our closet: Revealing our past through bioarchaeology” (Princeton: Princeton University Press, 2000) darsliklarini keltirsa boʻladi. Umuman, bioarxeologiya fanining yuzaga kelishi, jahondagi yirik bioarxeologiya ilmiy tadqiqot laboratoriyalari hamda ularda olib borilayotgan izlanishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplandi. Amerika, Buyuk Britaniya va Rossiya kabi davlatlarda bioarxeologiya boʻyicha ishlayotgan antropologlarning metodologik ahamiyatga ega izlanishlari oʻrganilib, bioarxeologiyada fanlararo yondashuv ustuvorlik qilishi toʻgʻrisida xulosaga kelindi. Shuning uchun K.S. Larsen bioarxeologiyaning kuchi uning fanlararo keng qamrab olinganida deb uqtirgan edi.

    Bioarxeolog keng turdagi metod va texnikalarni qoʻllagan holda oʻtmishda yashab oʻtgan kishilar turmushi toʻgʻrisida koʻproq maʼlumotlarni yigʻishga urinadi. Inson tanasi turmushi davomida tashqi taʼsirlarni oʻzida aks ettiradi. Inson skelet tizimi egiluvchan (plastik) va konservativ boʻlib, u hayot davomida boshdan kechirgan baʼzi salbiy epizodlarni qayd eta oladi. Masalan, bolaning oʻsishiga qadimda odamlar koʻpincha boshdan kechirgan qattiq ocharchilik yoki bolaning oʻsishi va rivojlanishini vaqtincha toʻxtatuvchi jiddiy biror kasallikka oʻxshash salbiy shart‑sharoit taʼsir qilgan boʻlishi mumkin. Keyinchalik bu fiziologik stress yoʻq qilinganiga qaramay, tish tuzilishida bu oʻsish davrlari stresslarni “emal qatlami gipoplaziyasi” deb ataluvchi izlar oʻlaroq qayd etiladi. Xuddi shunday rentgenogramma orqali suyaklarning «Garris liniyasi» deb nomlanuvchi kasallik tufayli oʻsishdan ortda qolganini bilsa boʻladi. Shunday qilib, qadimgi yoki hatto, qabrdan qazib olingan bugungi odamning skeletini oʻrgana turib, uning qanday yashagani va nima bilan ovqatlanganini bilsa boʻladi.

    Izlanuvchilar suyak toʻqimasining kimyoviy tarkibini tahlil qilishda izotop tahlili va atomli‑absorbsion tahlil kabi metodlarni qoʻllaydilar. Qadimda odamlarning asosan et yemas (vegetarian)lar boʻlganmi yoki etli ozuqalarni yoqtirishganmi, ular qanday kasalliklar bilan ogʻriganlar kabi koʻplab savollarga ilmiy javob topishda bu ikkala usul qoʻl keladi. Koʻpgina kasalliklarning kelib chiqishi, masalan, oʻtmishda infeksiyalarning tarqalishi borasida fikr yuritsa boʻladi. Bioarxeolog aniq tadqiqot savollariga javob topish uchun arxeologik qoldiqlarni tahlil qiladi. Bu tahlil davomida matematika, tibbiyot va kimyo fanlarida keng qoʻllaniladigan metodlarni koʻpincha birga qoʻllashga toʻgʻri keladi. Boshqacha aytganda, bioarxeologiyaning bugungi yutuqlari tibbiyot, fizika, kimyo kabi fanlarda amalga oshirilgan tajriba va sinovlar natijasi bilan uzviy bogʻliq.

    Shunday qilib, bioarxeologning bosh vazifasi sochilib ketgan va koʻpincha uzuq‑yuluq parchalar boʻlgan maʼlumotlarni toʻplash hamda ularni interpretatsiya qilishdir. Arxeologik qazishmalardan olingan bunday aralash maʼlumotlarni oʻrganish orqali ilk jamiyatlar va oʻtmishdagi aholining turmush tarzi toʻgʻrisida bir butun tasavvurga ega boʻlinadi. Yoki biror kishining osteobiografiyasini qayta tiklash orqali oʻtmishdagi kishilar jamoasi va ularning iqtisodiy‑ijtimoiy turmushini anglasa boʻladi.

    Qisqasi, endilikda berilgan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalangan holda zamonaviy tabiiy fanlarning soʻnggi yutuqlarini arxeologiya va umuman ijtimoiy fanlarga ham targʻib etgan holda izlanishlar olib borish kerak. Busiz har qanday mavzuda chiqarilgan ilmiy xulosalar bir tomonlama yondashilgan boʻlib qoladi. Zamonaviy bioarxeologiya fani antropologik izlanishlardagi koʻpgina eski qarashlarni oʻzgartirishga va yechimi topilmay kelayotgan muammolarni hal etishga sezilarli ulush qoʻshadi. Shunday ekan, ushbu laboratoriya Oʻzbekiston ilm‑faniga, xususan, arxeologiya sohasidagi izlanishlarga yana-da oydinlik kiritadi.

    Munira Xatamova,

    tarix fanlari boʻyicha falsafa fanlari doktori (PhD),

    katta ilmiy xodim, OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi.