O'zbekistonlik professor tibbiyot telekanali ochishni taklif qilmoqda

    Salomatlik 13 May 2020 1699

    Koronavirus infektsiyasi tufayli dunyoda yuz berayotgan alg'ov-dalg'ov ishlar jamiki odamzodni tashvishga solmoqda.

    Jahon ommaviy axborot vositalari orqali berilayotgan kundalik axborotlar xuddi urush maydonida yuz berayotgan talofatlarni eslatadi. Faqatgina unda qancha samolyot yoki tanklar yakson qilindi, deyilmayapti. Aksincha karantin holatlari tahlil qilinayapti, sun'iy nafas oldirish apparatlarining miqdori hisoblanayapti. Koronavirus tufayli qurbon bo'lganlar soni hisob-kitob ro'yxatining asosiy ma'lumotiga aylandi.

    Atom asrida yashab bitta mittigina virusning kasofatiga qoldik. Uning kuchi shunchalik «zo'r» ekanki, hammamizni to'rt devorning ichiga qamab qo'ydi. Bitta mard yo'qki, ey odamlar, texnika, tibbiyot, iqtisod shunchalik cho'qqiga chiqqan bir davrda zarrachadek keladigan virus bilan olishishga holimiz yo'q deydigan. Hatto o'z kuchining salohiyatiga ishonib, ko'kragiga musht urgan katta va ulkan davlatlar ham virus bilan yuzma-yuz olisha olmay qoldi. Katta maydonga chiqmasdan, uyda qamalib o'tirishni taklif qilmoqda. CHunki, boshqa yo'li yo'q.

    Koronavirus bilan olishishning chorasi faqat karantin bo'lib qoldi. Ustiga-ustak hali maxsus davosi ishlab chiqilmagan. Profilaktikani ta'minlash maqsadida qanchadan-qancha chet ellik hamkasblarimiz laboratoriyalardan chiqmay, kunu-tun vaktsina ustida ishlashmoqda.

    Xo'sh, bu ma'lumotlarning hammasi nima uchun kerak? Aslida kasallik bitta, virus bitta. Lekin unga qarshi kurashish bo'yicha fikrlar har xil. Dunyoning turli burchaklarida turfa fikrlarni eshitish mumkin.

    «QARI ODAMLAR» eMAS, «YOSHI ULUG'LAR»

    Keyingi masala koronavirus «yoshi o'tganlarni», «qari odamlar»ni og'ir jarohatlaydi, ularning immuniteti past, shuning uchun ham kasallik yoshi o'tganlarda asoratli kechmoqda», degan iboralar teleko'rsatuvlarda deyarli har kuni ko'p marotaba takrorlanmoqda.

    Xo'sh, biz qachondan beri o'z ota-onamizni «yoshi o'tgan» yoki «qari odam» deydigan bo'ldik? Axir o'zbek tilida «yoshi katta» yoki «keksa odamlar» degan chiroyli iboralar bor-ku. Keyin aytingchi, nechta «keksa» odam koronavirusga chalindi? Axir kasallik, asosan, chet eldan qaytib kelgan yoki qaytarib olib kelingan yurtdoshlarimiz orasidan topilmoqda, deb har kuni o'zimiz jar solmoqdamizku. Migrantlar orasida «yoshi o'tganlar» deyarli yo'q. SHu joyda aytib o'tish kerakki, ichki ishlar xodimlari karantin tufayli kechasi bilan ketidan quvlab yurganlarning deyarli hammasi 30 yosh atrofidagi navqiron yigit-qizlarku. Ular orasida «qari odamlar» yo'q.

    To'g'ri, biz keksa odamlarda koronavirus infektsiyasi og'ir kechadi, hatto o'limga olib keladi deb, oldindan profilaktik ishlarni eslatib o'tmoqdamiz. Lekin hadeb «yoshi o'tgan» odamlarni ehtiyot qilishimiz kerak, degan ma'noda ularning xayolini, tinchligini, qolaversa, erkinligini buzmayapmizmi? YAratganga ming shukrki, bizning sharoitimizda birorta yoshi ulug' va keksa insonlar davlatimiz tomonidan belgilangan karantinni har qanday vaziyatda hech qachon buzmaydilar. Bunga hammamizning ishonchimiz komil. Lekin qo'lida gazli ichimlik ko'tarib, qorong'u tushishi bilan izg'ib yurgan navqiron yigit-qizlarimizni tibbiyot ilmiga o'rgatishimiz kerak.

    TIBBIY MADANIYAT BARCHAGA KERAK

    Respublikamizda radio va telekanallar soni shunchalik ko'payib ketdiki, uning qaysi birini eshitishni yoki ko'rishni ham bilmaysan kishi. Ularni sanab o'tirishning hojati ham yo'q. Lekin bitta narsaga xayronman – deyarli hamma radio va telekanallar tibbiyotga bag'ishlangan oz-oz materiallarni berib borishadi. eshittirishni tashkil qilganlar esa aksariyat hollarda o'zining yoshiga mos ravishda yosh shifokorlarni studiyaga taklif qiladi yoki ulardan interv`yu oladi. Tayyorlangan eshittirish yoki teleko'rsatuv ham shunga yarasha chiqadi. Zo'r bo'lsa internetdan olingan ma'lumotlarni yoki bironta jurnal yoki gazeta sahifalarida avval chiqqan va yozilgan so'zlarni qaytarib aytishadi. YAngicha talqin yoki mushohada yo'q. Hattoki, ilgari xalqlar boshiga tushgan yuqumli kasalliklar tarixini ham gapirib berolmaydi. To'g'rirog'i, uni bilishmaydi.

    Men o'zimning salkam qirq yillik tibbiy, ilmiy faoliyatimda juda ko'p bor qo'limga qalam oldim, darsliklar, maqolalar yozdim. Bir fikr ko'p yillardan buyon tinchlik bermaydi. O'zimizda, vatanimizda tibbiyot ilmiga o'z hissasini qo'shgan zabardast olimlar ijodi to'g'risida, tibbiyot ilmi, tibbiyot madaniyati haqidagi davlat telekanali bo'lishini orzu qilganman. Axir o'ylang, ilonlar, sherlar, xullas, jamiki hayvonot olami to'g'risida har kuni beriladigan ko'rsatuvlarning sanog'i yo'q. ertadan kechgacha ashula va raqslarni tinglab, tomosha qilamiz. Ammo tibbiyot haqida mukammal loyiha yo'q.

    Tibbiyot kanali, nazarimda bugun havodek zarur. Axir mittidek keladigan viruslar ko'zimizni ochmadimi? Hali vatanimiz bag'rida tibbiyotning millionlab «yoshi ulug'» vafodor shifokorlari bor. Ular shunday qarab turishmaydi. Tibbiyot kanalining ravnaq topishida o'zlarining katta hissalarini qo'shadilar. Tibbiyotni, uning tarixini, tibbiyot madaniyati va gigienasini bilmas ekanmiz, to'rt devor ichidan chiqib keta olmaymiz. O'ylaymizki, «Tibbiyot» telekanali ish boshlasa, xalqimizga tibbiyot ilmi sirlarini o'rgatib borish imkoniyati oshadi.

    egamberdi eSHBOEV,

    tibbiyot fanlari doktori, professor.