OIVni toʻliq davolash mumkinmi?

    Oʻzbekistonda soʻngi maʼlumotlarga koʻra, 51 mingga yaqin OIV infeksiyasi bilan kasallanganlar aniqlangan. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollardir. Aksariyati 30-49 yoshdagi insonlardan iborat (55 foiz).

    Odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV), orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) hamon koʻplab mamlakatlarda aholi salomatligi uchun jiddiy tahdid boʻlib qolmoqda. Kasallikni davolash borasida erishilayotgan yutuqlarga qaramay, muammo toʻliq hal qilinmagan.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, 1983-yildan boshlab dunyoda 85,6 millionga yaqin odam OIV/OITS bilan kasallangan va ulardan 40,4 millionga yaqini ushbu virus keltirib chiqaradigan kasalliklardan vafot etgan. 39,9 million dan ortiq OIV bilan yashovchi shaxslarning 53 foizini ayollar (qizlar) tashkil etgan.

    Afsuski, Oʻzbekistonda ham soʻngi maʼlumotlarga koʻra, 51 mingga yaqin OIV infeksiyasi bilan kasallanganlar aniqlangan. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollardir. Aksariyati 30-49 yoshdagi insonlardan iborat (55 foiz). Tahlillarga koʻra, bugungi kunda 75-80 foiz holatda jinsiy muloqot orqali OIVni yuqtirib olish qayd etilmoqda.

    Ushbu virus bilan yashovchilarga qanday davo muolajalari qoʻllaniladi? Ularning ijtimoiy himoyasi taminlanganmi? OIV va OITS oʻrtasidagi farq nimada? Respublika OITSga qarshi kurashish markazi boʻlim boshligʻi Shoakbar Anvarovdan shu kabi savollarga javob oldik.

    – OIV – Odam immuntanqisligi virusi boʻlib, u inson immunitet tizimiga hujum qiluvchi virusdir. Ushbu virus immunitet tizimining pasayishiga olib keladi, natijada organizmda immunitet tanqisligi paydo boʻladi hamda odam organizmining infeksiyalar va kasalliklarga qarshi kurashishi zaiflashadi.

    Immun tanqisligi holati – bu immun tizimining kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati pasaygan va zaiflashgan holati. Bunday holatdagi odamlar turli xil infeksiyalar va saraton kasalliklariga nisbatan ancha sezgir boʻlib, bu kasalliklar odatda immun tizimi kuchli odamlarda deyarli uchramaydi. Ushbu kasalliklar “opportunistik infeksiyalar” (qoʻshimcha, yondosh, ikkilamchi tarzda rivojlanuvchi) deb ataladi, chunki ular zaiflashgan immun tizimi hisobiga rivojlanish imkoniyatini topadi.

    OITS — Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi, bu OIV infeksiyasining oxirgi bosqichidir. OITS yuqmaydi. “OITS” atamasi OIV infeksiyasining oxirgi bosqichlariga nisbatan ishlatiladi. Davolanmaslik (dori preparatlarini oʻz vaqtida muntazam qabul qilmaslik va dori vositalariga sodiq boʻlmaslik) oqibatida koʻpchilik OIV yuqtirib olgan odamlarda OITS belgilari 8-10-yil davomida yuzaga keladi, baʼzida bu muddat uzoqroq yoki qisqaroq boʻlishi ham mumkin. Retrovirusga qarshi davo esa infeksiyani nazorat qilib, OITS bosqichiga oʻtishning oldini oladi hamda virus yuklamasini pasaytiradi. Immunitetni himoyalaydi.

    – OIV qanday yuqadi?

    – OIV virusi qon, jinsiy suyuqliklar va ona suti kabi biologik suyuqliklarda uchraydi. OIV uch xil yoʻl bilan yuqadi. Himoyalanmagan jinsiy aloqa orqali. Qon orqali – OIV bilan yashaydigan odamning qonini quyish, giyohvand moddalarni inyeksiya orqali umumiy shprislar orqali qabul qilishda yoki teri butunligi buziladigan tibbiy yoki notibbiy muolajalarda nostril buyumlardan foydalanganda, yaʼni dezinfeksiya va sterilizatsiya talablariga rioya etmaganda. Onadan bolaga – homiladorlik, tugʻuruq yoki koʻkrak suti bilan emizish orqali.

    – Qaysi holatlarda OIV yuqmaydi?

    – OIV ish, oʻqish va jamoat joylarida hamda quyidagi holatlarda yuqmaydi: havo-tomchi yoʻli orqali; quchoqlashish yoki qoʻl berib salomlashganda; oʻpishish, yoʻtal va aksirish orqali; chivin va boshqa hasharotlar chaqishi orqali; umumiy hojatxona, basseyn va hammomlarda; ovqatlanish uchun bitta idishlar va boshqa umumiy uy-roʻzgʻor buyumlaridan foydalanganda.

    – OIVni yuqtirib olgan odam qancha vaqt yashay oladi?

    – Oʻz vaqtida va muntazam Retrovirusga qarshi terapiya qabul qilish orqali OIV bilan yashayotgan odamlar uzoq va sogʻlom hayot kechirishi mumkin. Bugungi kunda 70-80 yoshdan oshganlar bor.

    – Odamda OIV borligini tashqi koʻrinish orqali aniqlash mumkinmi?

    – Yoʻq, tashqi koʻrinishga qarab odam OIV yuqtirib olganligini aniqlab boʻlmaydi (erta bosqichlarda alohida klinik belgilar kuzatilmaydi). Organizmda OIV borligini aniqlashning yagona yoʻli – OIVga test topshirishdir.

    OIVning kech bosqichlaridagina alohida klinik belgilar namoyon boʻladi, bular: sababsiz haftalab, hatto oylab ich ketishi — diareya, haftalab tana haroratining koʻtarilishi, ogʻiz boʻshligʻi va jinsiy aʼzolar atrofida turli zamburugʻli va gerpetik toshmalar paydo boʻlishi, oʻpkada sil va pnevmosist pnevmoniya rivojlanishi — OIVning kech bosqichlarida immun tizim zaiflashishi va erta bosqichda OIVga qon namunasi topshirmaslik hisobiga rivojlanadi.

    – OIV-testi nima? Undan qachon, qanday hollarda foydalanish mumkin?

    – OIV testi – odam OIV yuqtirib olganligini aniqlash uchun olib boriladigan tahlildir. OIV virusini qon yoki soʻlak orqali namuna topshirish orqali aniqlash mumkin.

    OIVga test topshirishning afzalliklari shundaki, agar odam OIVni yuqtirib olgan boʻlsa, virusni ertaroq aniqlash va oʻz vaqtida retrovirusga qarshi terapiyani boshlash – immunitetni yaxshilashga imkon beradi. Shuningdek, boshqalarga yuqtirmaslik uchun choralarni qoʻllaydi hamda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini oladi.

    Oʻzbekistonda OIVga namuna testini Respublika va viloyat OITSga qarshi kurashish markazlarida, markazlardagi Doʻstona xonalarda, Respublika boʻylab barcha Ishonch xonalarda bepul va anonim tarzda hamda tuman tibbiyot birlashmalarida bepul tarzda namuna (analiz) topshirish mumkin.

    Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida faoliyat olib borayotgan Mobil laboratoriyada OIVga hamda gepatit C va zaxmga bepul, anonim tarzda tezkor testdan oʻtish mumkin.

    – OIVni toʻliq davolash mumkinmi?

    – Bugungi kunda OIVni toʻliq davolash imkonsiz. Biroq samarali davolash usullari mavjud boʻlib, davoni oʻz vaqtida boshlab, muntazam amalga oshirish orqali OIV bilan yashaydigan odamlar sifatli va uzoq umr koʻrish imkoniga ega.

    Retrovirusga qarshi terapiya – OIV infeksiyasini davolash uchun qoʻllaniladi. Bu terapiya odam tanasida virusning koʻpayishini toʻxtatish orqali OIV infeksiyasiga qarshi kurashadi. Natijada virusning tanada tarqalishi sekinlashadi, koʻpayishini toʻxtatadi, virusni sogʻlom immun hujayralarga kirishini bloklaydi va OIVning boshqa odamga yuqishining oldini oladi.

    Agar OIV bilan yashaydigan odam oʻz vaqtida va muntazam terapiyani qabul qilsa, uning organizmidagi OIV virusi yuklamasi kamayib boradi va aniqlanmaydigan darajaga yetadi. Aniqlanmaydigan darajadagi virus yuklamasiga ega OIV bilan yashaydigan odamlar OIVni boshqalarga yuqtirmaydi.

    OIV bilan yashaydigan odamlar kundalik hayotini davom ettirishi, oʻqishi, ishlashi va boshqalar bilan aloqada boʻlishi mumkin.

    Shu bilan birga, OIV bilan yashovchi odamlar Sogʻliqni saqlash vazirligining 2024-yil 10-yanvardagi 1-sonli buyrugʻi koʻra, ishlash man etilgan kasbiy faoliyat turlari ham bor.

    – 95-95-95 strategiyasi nima va bu raqamlar nimani anglatadi?

    – 2030-yilga qadar butun dunyoda OITS epidemiyasini tugatish uchun 95-95-95 maqsadli strategiyasi jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllaniladi.

    Bu OIV bilan yashaydigan odamlarning 95 foizi oʻz statusi haqida xabardor, oʻz statusi haqida xabardor OIV bilan yashaydigan odamlarning 95 foizi doimiy retrovirusga qarshi terapiya qabul qiladi, retrovirusga qarshi terapiya qabul qiladigan 95 foiz odamlarning organizmida OIV infeksiyasi kuchi eng past darajada deganidir. Ushbu strategiyadagi koʻrsatkichlarga erishish orqali OIV infeksiyasi tarqalishning oldini olish va butun dunyoda OITS epidemiyasiga barham berish mumkin.