Qizlarning kosmik tadqiqotlarga qiziqishini oshirishga qaratilgan ushbu dastur UNICEFning Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi vakolatxonalari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
“Dunyoning boshqa mamlakatlarida boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham turli sabablarga koʻra oʻgʻil bolalar va qizlar oʻrtasida kompyuter savodxonligi, texnik taʼlim va kasb-hunar boʻyicha sezilarli farq saqlanib qolyapti. UniSat taʼlim dasturi bu tafovutni qisqartirishga, qizlarni tegishli fan va texnologiyalarga ragʻbatlantirib, tegishli koʻnikmalariga ega boʻlishlariga yordam beradi”, — dedi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. “UniSat Oʻzbekiston yoshlari oʻrtasida texnologik sohalarda gender masalasiga keng jamoatchilik eʼtiborini qaratishga yordam beradi”, — deya taʼkidladi u.

Dastur davomida Oʻzbekistonning barcha viloyatlaridan tanlovdan oʻtgan 15-24 yoshli qizlar dasturlash va muhandislik boʻyicha bilimlarini oshirish, shuningdek, jamoada ishlash va loyihalarni boshqarish koʻnikmalarini yaxshilash imkoniyatlariga ega boʻladilar. Ishtirokchilar nano sunʼiy yoʻldoshni loyihalashtirib uni yigʻadilar hamda stratosferaga uchiradilar. Bunda qizlarga professional muhandislar va dasturchilar jamoasi yordam beradi, deb xabar beradi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.