Bundan atigi olti-yetti yil avval haj kvotasi 5200 tani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu raqam 7200 ta, 2022-yilda esa 12000 taga yetdi. Joriy yilda mamlakatimiz fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15000 etib belgilandi. Albatta, haj kvotasining yildan yilga oshib borishi ham yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami naqadar kengligidan darak beradi. Eng muhimi, xalqimiz bu kabi oʻzgarishlarni katta xursandlik va quvonch bilan qabul qilmoqda.
Har bir moʻmin-musulmon borki, Allohning baytini umrida bir bor boʻlsa-da tavof qilishni, Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak Ravzai shariflarini ziyorat etishni orzu qiladi. Chunki bu muqaddas zaminlarda Qurʼoni karim oyatlari nozil boʻlgan, islom tarixiga oid koʻplab voqea-hodisalar yuz bergan va savobli amallarning ajru mukofoti bir necha baravar koʻpaytirib beriladi.
Shu bilan birga, Kaʼbatullohda ibodat qilishning, Nabiy alahissalomning masjidlarida namoz oʻqishning savobi juda ulugʻ. Masjidul Haramda bir rakat namozga yuz ming rakat, Masjidi Nabaviyda esa ming rakat namozning savobi beriladi. Bunday ulkan imkoniyatga erishishga barchaning talpinishi tabiiy hol.
Yurtimiz ziyoratchilari shu yilning 4-iyunidan 19-iyun kuniga qadar yurtimizdagi 10 ta xalqaro aeroport (Toshkent, Namangan, Fargʻona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari) orqali Madina shahriga parvoz qiladilar.
Bir umr Kaʼbai muazzama, Ravzai sharifni sogʻinib yashab oʻtib ketgan ajdodlarimizning orzulari bu yil 15 ming hoji timsolida roʻyobga chiqmoqda. Bunday buyuk sharafga va baxtga noil boʻlib turgan hamyurtlarimiz odamning havasini keltiradigan sharoitlarda haj safarini ado etish uchun ayni kunlarda Madinai munavvara va Makkai mukarrama shaharlarida boʻlib turishibdi.
Munavvar shahar ogʻushida
Hojilarimiz azaliy anʼanaga muvofiq dastlab Madina shahriga kelib, Ravzai sharifni ziyorat qilishyapti. Ziyoratchilarimiz ayni paytda Madina shahridagi Masjidi Nabaviydan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Avvalgi nomi Yasrib boʻlgan bu shahar Rasul alayhissalomning tashriflari bilan nurli va munavvar shaharga aylangan. Masjidi Nabaviyga kirgan odam bu muazzam maskandan chiqqisi kelmaydi: toʻyib-toʻyib ibodat qilishni xohlaydi. Nabiy alayhissalomning bu masjidlarida namoz oʻqiyotgan, duolar, zikrlar qilayotgan hojilarimiz chinakam baxtu saodatga erishmoqdalar.
Masjidi Nabaviy hovlisida turib bu goʻzal manzarani kuzatishning zavqi boʻlakcha: egnilariga Oʻzbekiston bayrogʻi ramzi tushirilgan nimchalarni kiyib olgancha ibodatlarga shoshayotgan boʻlgʻusi hoji ota, hoji onalarimiz yuz-koʻzlaridagi quvonch ularning naqadar baxtiyor ekanidan nishona. Ayniqsa, Ravzai sharifga kirgan kishi oʻzini oʻzgacha his etadi. Chunonchi, Nabiy alayhissalom muborak hadislarida: “Uyim va minbarim oʻrtasida jannat bogʻlaridan bir bogʻ bor”, deganlar.
Yurtdoshlarimiz munavvar shahardagi uch kunlik safarlari davomida Paygʻambar alayhissalom ravzalarini ziyorat qilib, Uhud togʻi, islom olamida birinchi qurilgan masjid – Quboda boʻlyaptilar. Asosiy vaqtlarini Masjidi Nabaviyda toat-ibodat bilan oʻtkazmoqdalar.
Boʻlgʻusi hojilarimiz ibodatlardan soʻng jannatmonand yurtimiz tinch-osuda, xalqimiz turmushi bundan-da farovon boʻlishini, bu kabi xayrli ishlarning boshida turganlarning tani joni sogʻ boʻlishini Yaratgandan chin dildan soʻrab iltijo qilmoqdalar.
Allohning mehmonlariga xizmat qilish — katta sharaf
Haj qiluvchi kishi Alloh taoloning mehmonidir. Haj amalini bajarayotgan kishiga koʻmak bergan, uning ogʻirini yengil qilgan inson ulugʻ savoblarga noil boʻlishi haqida koʻplab dalillar bor. Shu maʼnoda, “Haj–2023” tashkilotchilari va ishchi guruh aʼzolari ana shunday ulugʻ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga sidqidildan xizmat koʻrsatmoqdalar. Xususan, “Haj–2023” delegatsiyasi, ishchi guruhlar, ellikboshilar doimo hojilarning yonida, shifokorlar sogʻliqlaridan xabardor boʻlib turishibdi. Oshpazlar esa ibodatga quvvat boʻladigan milliy taomlardan tayyorlab beryaptilar.
Ulamolarimiz, ahli ilmlarimiz va ellikboshilar ziyoratchilar bilan doimiy suhbatlar oʻtkazib, ibodatlarini chiroyli ado etishlariga yaqindan koʻmakchi boʻldilar. Hojilarga sifatli transport xizmatlari koʻrsatish, ularni belgilangan manzilga kechiktirmasdan yetkazib qoʻyish maqsadida avtobuslar ham jalb etildi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu muborak zaminda ziyoratchilarimiz yuksak eʼtibor va davlatimiz koʻmagini har qadamda his etmoqdalar. Ulardan har birining yuz-koʻziyu soʻzlarida bu imkoniyat-sharoitlardan mamnunlik, shukronalikni yaqqol koʻrish mumkin. Boʻlgʻusi hojilarimiz muqaddas zamindagi ibodatlar chogʻida jonajon yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimizga farovonlik va dasturxonimizga toʻkinlik tilab duolar qilishmoqda.
Muqaddas zaminga kelish har kimga ham nasib etavermaydi. Alloh chaqirgan bandagina Rahmonning mehmoni boʻladi. Shunday ekan, har bir ziyoratchi haj mavsumini gʻanimat bilib, har soniyadan unumli foydalanish harakatida boʻlishi kerak.
Alloh taolo ibodatlarimizni qabul, hajlarimizni mabrur aylasin.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati