Oʻzbekiston mintaqa musaffoligi uchun qaygʻuradi

Bevosita Seul sammiti tafsilotlariga oʻtishdan oldin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh minbaridagi qator tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanganini alohida mamnuniyat bilan tilga olishni joiz, deb bilamiz.

Bu Markaziy Osiyoda doʻstona muhitni shakllantirish, Afgʻonistonda barqaror muhitni yaratish, shu orqali mintaqa davlatlarida xavfsiz, osoyishta hayotni taʼminlash, pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy, transport-logistika, turizm va boshqa koʻplab sohalarda xalqaro munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, yangi transport yoʻlaklarini ochish, kambagʻallikni tugatish, yoshlar siyosati borasida Oʻzbekiston yetakchisining ilgʻor gʻoyalari, tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanganida oʻz aksini topadi.

Albatta, bularning har biri alohida muhim mavzu. Shu bois, biz mavridi kelganda, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida yaqinda Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish toʻgʻrisida ­BMTning maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinganini alohida mamnuniyat bilan qayd etmoqchimiz.

Mazkur rezolyutsiyaning mintaqaviy ahamiyati haqida qisqacha aytadigan boʻlsak, koʻz oldimizda quyidagi manzara jonlanadi.

Orolning chekinishi mintaqada tahlikali vaziyatni yuzaga keltirdi. Iqlimning salbiy oʻzgarishlari ekologiyaga, iqtisodiyotga, ijtimoiy hayotga, MDH davlatlari oʻrtasidagi savdo aloqalariga jiddiy putur yetkazdi.

Keyingi 3-4 yilda Oʻzbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev ana shu global muammoga uzoqni koʻzlab, gʻoyat toʻgʻri, ilmiy asoslangan yoʻl bilan yondashib hal qilishga kirishgani bugun barchaning koʻz oʻngida namoyon. Minglab gektar maydonda saksovulzor, oʻrmonlar tashkil qilinmoqda, Orolboʻyidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati qayta tiklanyapti. Hududga investitsiya kiritish, innovatsion gʻoyalarni tatbiq etish borasida ham katta ishlar qilindi.

BMTning maxsus rezolyutsiyasi esa bu boradagi saʼy-harakatlarga xalqaro akademik doiralarni, ilmiy tadqiqotchilarni jalb qilish imkonini beradi. Taʼbir joiz boʻlsa, endilikda Orolboʻyi mintaqasi dunyoni ekoxavflardan saqlash, nafaqat saqlash, balki bunday tahlikali sharoitda qanday yoʻl tutish, ekologik innovatsiyalarni qanday qoʻllash va zamonaviy texnologiyalar asosida vaziyatdan unumli foydalanish borasida katta tajriba maydoniga aylanadi.

Muhim jihatlaridan yana biri — inson va tabiat oʻrtasidagi muvozanatni saqlash, tabiiy atrof-muhitga toʻgʻri yondashuvni shakllantirish yoʻlida dunyo xalqlarini ogohlikka chorlab turadi.

Ogohlik qoʻngʻirogʻi

Davlatimiz rahbarining Seul shahrida oʻtgan “Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik — 2030” ikkinchi xalqaro sammitidagi nutqi xalqaro hamjamiyatni yana bir bor ona tabiatga buyuk mehr, juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish, tabiiy boyliklardan unumli, asrab-avaylab foydalanishga chorladi, deyishga asoslarimiz bor.

Prezident nutqidan: “Bugungi kunda “yashil taraqqiyot” borasidagi maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarning harakatlari yana-da faol va samarali boʻlishi kerakligiga hech kim shubha qilmayapti. Boshqa choramiz ham yoʻq”.

Shu kunlarda, hali may oyidanoq havo harorati yuqorilab borayotganiga oʻzimiz guvohmiz.

Bunga sabab nima? Insonning tabiatga nisbatan shafqatsiz muomalasi.

Natijada bioxilma-xillik qisqarib bor­yapti. Bu daryolar suvi kamayishi, suv havzalari qurishi, oʻrmonlar yoʻqolib ketishiga olib keladi.

Tabiiylik chekinmoqda. Bugʻlanish darajasini oshiradigan gazlarga, atmosferaning ifloslanishiga eʼtiborsiz boʻlib qoldik. Bu ham koʻplab yangi va jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi: bugʻlanish darajasi pasayadi, oʻsimlik va hayvonot olami zarar koʻradi. Shu tariqa inson va tabiat oʻrtasidagi azaliy muvozanat buziladi.

Shu bois, Shavkat Mirziyoyev “yashil taraqqiyot” borasidagi maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarning harakatlari yana-da faol va samarali boʻlishi kerakligiga eʼtibor qaratgani hech kimni beeʼtibor qoldirmadi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bugungi kunda ona tabiatning oʻzi bizga yoʻllayotgan ogohlik qoʻngʻirogʻiga beparvo boʻlmasligimiz kerak.

Prezident nutqidagi muhim ­yoʻnalishlar:

Birinchidan, “yashil texnologiyalar”ni keng joriy etish hisobidan Orol dengizi halokatining global oqibatlarini bartaraf etish.

Bu tashabbusni xalqaro hamjamiyat yuqori baholadi.

Taʼbir joiz boʻlsa, davlatimiz rahbarining bu tashabbusi Orol fojiasining global oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha navbatdagi muhim qadam boʻldi.

Taʼkidlash joizki, uzoq yillar Orol dengizi suvi tortilishining salbiy oqibatlari haqida koʻp gapirildi, xalqaro hujjatlar, moliyaviy manbalar jalb etildi. Lekin birontasining amaliy natijasi koʻrinmadi, hudud aholisi ijobiy manzaralarni sezmadi.

Takror boʻlsa-da aytamiz, keyingi 3-4 yilda Orolboʻyi mintaqasida koʻp ijobiy ishlar boʻldiki, bugun harakatlar samarasi hammaning koʻz oldida namoyon.

Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida Shavkat Mirziyoyevning BMT qoshida tuzilgan maxsus Trast fondi hamda P4G doirasida faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklifi Seul sammitining muhim yutugʻi boʻlishi shubhasiz.

Ikkinchidan, “yashil energetika”ni rivojlantirish orqali uglerod yoqilgʻisiga bogʻliqlikdan qutulish.

Maʼlumki, Oʻzbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Aytaylik, mamlakatimizda umumiy quvvati 1 GVt. boʻlgan quyosh elektr stansiyalarini qurish milliy dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yaqinda umumiy quvvati 440 MVt. boʻlgan quyosh elektr stansiyalarini qurish boʻyicha ham tanlov gʻoliblari aniqlandi.

Bu va boshqa loyihalarning hayotga tatbigʻi yaqin oʻn yilda mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini uch barobar koʻpaytirish imkonini beradi.

Shu misollarning oʻziyoq Oʻzbekistonda “yashil energetika”dan unumli foydalanish borasida jiddiy qadamlar qoʻyilayotganidan dalolat.

Albatta, bu boradagi ishlarni keng qamrov bilan tashkil etish davlatlararo hamkorlikda tashkil etilsa, nur ustiga nur boʻladi. Shu nuqtayi nazardan, Shavkat Mirziyoyev sammitda yana bir muhim taklifini bildirdi.

Prezident nutqidan: “Kelgusi yili Oʻzbekistonda “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energetika” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazishga tayyormiz”.

Bu konferensiyaning ahamiyati haqida gapirganda Janubiy Koreya Xalqaro iqtisodiy siyosat instituti prezidenti Kim Xin Chonning kuni kecha bildirgan eʼtirofi yetarli, deb oʻylaymiz: “Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yilda Oʻzbekistonda “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energetika” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi, deb oʻylayman. Zero, “yashil” energiya mamlakatlarda turli loyihalarni ilgari surish uchun muhim ahamiyatga ega”.

Uchinchidan, “yashil iqtisodiyot”ni barpo etishda yoshlarni faol jalb qilish boʻyicha Maxsus dasturni amalga oshirishga kirishish.

Bu taklif ham gʻoyat sermazmunligi bilan ajralib turadi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “yashil iqtisodiyot”ni barpo etishga yoshlarni faol jalb etish “yashil”, yaʼni ekologik toza mahsulotlarni isteʼmol qilish madaniyatini shakllantirishga katta imkoniyat yaratadi.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan maʼlumki, bugun dunyoda tabiiy oziqlangan, ekologik toza va xavfsiz mahsulotlarga talab ortib bormoqda. Masalan, Germaniyada faqatgina tabiiy mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarini koʻplab uchratish mumkin.

Bizning mintaqada ekologik toza mahsulotlarni yetishtirish uchun qulay iqlim va yetarli sharoitlar borligini inobatga olganda, yoshlarni “yashil iqtisodiyot” bilimi bilan tarbiyalash kelajak avlodlar salomatligi uchun qanchalik muhim ahamiyatga egaligini anglash mushkul emas.

Toʻrtinchidan, moliya sektori va investorlarning “yashil texnologiyalar”ga tobora ortib borayotgan ishonchini ragʻbatlantirish niyatida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.

Aytish mumkinki, iqtisodiyot investorlarni, investorlar esa ishonchli, qulay va toza muhitni olqishlaydi.

Shu nuqtayi nazardan yondashganda, “yashil texnologiyalar” mamlakati innovatsion uslublarni oʻzlashtirgan investorlar uchun shubhasiz jozibador hudud sanaladi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston P4G yoʻnalishidagi sheriklikka qoʻshilish va uning toʻlaqonli ishtirokchisiga aylanishiga tay­yorligini bildirdi. Bu tashabbus ham yaqin kelajakdagi istiqbolli yoʻnalishlarni belgilab berishi bilan ahamiyatli.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston yetakchisining Seul shahrida oʻtgan “Yashil oʻsish va global maqsadlar uchun hamkorlik — 2030” ikkinchi xalqaro sammitidagi ishtiroki va nutqining mukammal izohi bor. Yaʼni Oʻzbekistonning xalqaro ekologik platformalarda faol ishtirokini yana-da kengaytiradi. Shu orqali mintaqada ekologik barqarorlikni taʼminlash, mamlakatga investitsiyalar oqimini kengaytirish, eng muhimi, xalqlarimizning tabiat bilan uygʻun yashashi uchun zamin yaratadi.

Sodiq SAFOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari