баннер
27 Apr 2025
00:52

    Oʻzbekistonning bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga oid milliy mexanizmlar

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining parlament saylovidan keyingi ilk yigʻilishida davlatimiz rahbari alohida eʼtibor qaratgan masalalardan biri – yosh avlod himoyasi boʻldi. Prezidentimiz jamiyatda bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlari kuzatilayotganini taʼkidlab, bunday milliy qadriyatlarimizga zid illatlarga qarshi murosasiz kurash olib borish zarurligini qatʼiy belgilab berdi. Davlatimiz rahbarining ushbu masalani shaxsan oʻz nazoratiga olishi – Oʻzbekistonda bola huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligining yaqqol ifodasidir.

    Joriy yil 11-fevralda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari uyida oʻz ishini boshlagan “Oʻzbekiston Respublikasining bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish va ushbu majburiyatlarni bajarishning milliy mexanizmlari” mavzusidagi ikki kunlik seminarda shu haqda coʻz bordi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

    Seminar Oʻzbekistonning bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokamasiga bagʻishlangan. Shuningdek, BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi tavsiyalarini amalga oshirish va Milliy harakatlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni yanada samarali amalga oshirish yoʻllari atroflicha koʻrib chiqiladi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Mavludaxon Xodjayeva, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio va BMTning Inson huquqlari boʻyicha jliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy boʻlimining inson huquqlari boʻyicha maslahatchisi Omer Fisher oʻz tabrik soʻzlari bilan seminarni ochib berdi.

    Xususan, A.Saidov taʼkidlaganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonda 18 yoshgacha boʻlgan bolalar 13 mln nafarni, yaʼni jami aholining qariyb 35 foizini tashkil etadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston uchun bola huquqlarini taʼminlash masalasi prinsipial ahamiyatga ega hisoblanadi.

    Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng, 1992-yil 9-dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar qatorida birinchi boʻlib Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilgan. Mamlakatimiz 2008-yil 11-dekabrda Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga doir “Bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokol”ni, 2008-yil 12-dekabrda Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga doir “Bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokol”ni ratifikatsiya qildi.

    Hozirgi kunda BMT Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasining murojaat qilish jarayonlariga taalluqli 3-Fakultativ protokoliga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi masalasi ekspertlar darajasida oʻrganib chiqilmoqda. Mazkur hujjatning mamlakatimiz parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishi boʻyicha tayyorgarlik koʻrilmoqda.

    Mavluda Xodjayeva eʼtirof etganidek, Konstitutsiyaning 78-moddasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi belgilab qoʻyilganligi eʼtiborga molik.

    Oʻzbekiston oʻtgan davr ichida 80 dan ziyod xalqaro shartnomaga qoʻshilgan. Oʻzbekiston xalqaro majburiyatlarga soʻzsiz amal qilishga, bolalarning huquqlarini himoya qilishga katta ahamiyat qaratgan davlatlardan biridir. Bu majburiyatlarning ijrosi yuzasidan milliy maʼruzalar BMTning va boshqa xalqaro tashkilotlarning tegishli qoʻmitalariga taqdim etib kelinmoqda.

    YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Regina Kastijio soʻzlariga koʻra, parlamentning roli mamlakat qonunchilik bazasi va siyosatining BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi kabi xalqaro inson huquqlari shartnomalari doirasidagi majburiyatlarga muvofiqligini taʼminlashdan iborat. Qonunchilik, byudjet va himoya sohasidagi parlament nazorati bolalar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish uchun sharoit yaratishga yordam beradi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola eʼtibordan chetda qolmaydi” tamoyiliga amal qilmoqda. Mamlakatda bolalar huquqlarini taʼminlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilinib, ular asosida bolalarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashishning huquqiy mexanizmi yaratildi.

    Muhimi, qabul qilinayotgan qonunlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy etishga xizmat qilmoqda. Mamlakat oʻzining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlarga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT konvensiyaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    Oʻzbekiston BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasiga Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning bajarilishi toʻgʻrisida doimiy ravishda hisobotlar taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan BMT Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasiga 5 ta davriy hisobot taqdim etildi.

    Shuni taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bola huquqlariga oid xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, mavjud qonunlarni takomillashtirish va yangi qonunlar qabul qilish orqali huquqiy asosni mustahkamlamoqda. Jumladan, 2024-yil 14-noyabrda “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”, 2024-yil 29-fevralda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilingani buning yaqqol namunasidir.

    Tadbirda soʻzga chiqqan ekspertlar Yangi Oʻzbekistonda bola huquqlari sohasidagi islohotlar qatʼiy, uzviy va izchil tarzda davom ettirilayotganiga eʼtiborni qaratdilar. Bu boradagi samarali saʼy-harakatlar milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda keng qoʻllab-quvvatlanayotgani eʼtirof etildi.

    Xususan, BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sofi Kiladze eʼtiroficha, Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya va uning fakultativ protokollarida mustahkamlab qoʻyilgan huquqlarni himoya qilish va ragʻbatlantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhim oʻrin tutadi.

    Tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasining bola huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari, Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning asosiy qoidalari, BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi tavsiyalari yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berildi. Parlament nazoratining samarali mexanizmlari orqali bolalar manfaatlarini himoya qilish, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida muhim natijalarga erishilayotgani haqida ham batafsil soʻz yuritildi.

    Seminar oʻz ishini 12-fevralda davom ettiradi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech