Mamlakatimizda bola huquqlari himoyasi yanada mustahkamlanishi taʼminlanmoqda

    Ta'lim 16 Avgust 2024 780

    Senatning 55-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Muhokama jarayonida taʼkidlanganidek, keyingi yillarda voyaga yetmagan bolalarni qonunga xilof diniy taʼlim olishga aynan ota-onalarning oʻzi olib borishi holatlari koʻpayib boryapti.

    Huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra 2021-2023-yillar mobaynida noqonuniy diniy taʼlimotdan saboq berish bilan bogʻliq 2 457 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlangan. Ularning 1 479 tasi “hujra” sharoitida tashkil etilgan boʻlib, ularda tahsil olayotganlarning 60 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.

    Bolaning qonunga xilof diniy faoliyat bilan shugʻullanuvchi hech qanday roʻyxatdan oʻtmagan, norasmiy markazlar va shaxslardan diniy taʼlim olishi natijasida ularning diniy ekstremistik gʻoyalarining qurboniga aylanib qolmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Soʻnggi 3-yilda diniy ekstremizm va terrorizm bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortilgan voyaga yetmagan shaxslar soni 4 baravarga oshgan.

    Qolaversa, bunday noqonuniy taʼlim jarayonida bolalarga nisbatan turli ogʻir jinoyatlar sodir etilishi kuzatilyapti. Bolaning erkin harakatlanishini cheklash hamda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan bino va xonalarda saqlash, unga jismoniy azob berish yoki ruhiy bosim oʻtkazish holatlarini, hatto jinsiy zoʻravonlik qurboni boʻlayotganligini bunga yaqqol misollar sifatida keltirib oʻtish mumkin.

    Mamlakatimizda diniy taʼlim masalasi amaldagi qonunchilikda aniq belgilab qoʻyilgan. Jumladan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunda va undan oldingi qonunlarda diniy professional taʼlimning huquqiy asoslari qatʼiy belgilangan. Xususiy tartibda diniy taʼlim bilan shugʻullanish qonunga xilof hisoblanadi.

    Muhokama etilayotgan qonun yuqorida qayd etilgan salbiy holatlarning oldini olish, ota-onalar hamda ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning bolalarni oʻqitish, taʼlim va tarbiya berishga doir majburiyatlarini bajarish borasidagi masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek bolalarning bilim olish huquqi kafolatlarini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilganligi alohida taʼkidlandi.

    Mazkur Qonun bilan “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olishga jalb etishga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek ushbu qonunchilik talabiga rioya etmaganligi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

    Shu bilan birga Qonunda ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning oʻz bolalarini shaxsiy eʼtiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqi aniq bayon qilingan. Mazkur norma Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 18-moddasida belgilangan qoidalar asosida kiritilyapti.

    Qonunda mazkur jarayonlarda ota-onaning masʼuliyati va javobgarligi yanada kuchaytiriladi. Chunki yosh bola oʻzi noqonuniy hujraga borib qolmaydi va aynan mana shu jihat qonunda tartibga solingan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.