Muzokarada mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston bilan YETTB oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Taʼkidlandiki, Oʻzbekiston jalb qilingan mablagʻlar boʻyicha ketma-ket ikkinchi yil Bankning Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik hamkoriga aylanyapti. Birgina 2021-yilda YETTB muqobil energetika, infratuzilmaviy rivojlanish hamda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash sohalarida 22 investitsiyaviy loyihani amalga oshirish doirasida mamlakatga qariyb 700 mln. dollar investitsiya kiritdi. Shu bilan birga, oʻtgan yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston YETTBning investitsiyalar kiritilishi boʻyicha “top-5 mamlakatlariga” kirdi.
Bugungi kunga kelib YETTB koʻmagida amalga oshirilayotgan loyihalar portfeliga 838 million yevro qiymatidagi 11 ta loyiha kiradi. Mazkur loyihalarni hayotga joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama etilib, aniq muddatlar va kutilayotgan natijalar belgilab olindi.
Oʻzbekiston tomoni YETTB hamda Oʻzbekistonning xususiy kompaniyalar va tijorat banklari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlari oʻzaro rivojlanayotganligini olqishladi. Hamkorlik oʻrnatilganidan buyon YETTB 106 ta loyihani amalga oshirish uchun 2,8 milliard yevrodan ortiq mablagʻni olib kirdi. Bank investitsiyaviy portfelining 48 foizi xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash loyihalaridan iborat hamda mamlakatimiz tijorat banklariga kichik va oʻrta biznes uchun moʻljallangan kredit liniyalari shaklida ajratilgan umumiy moliyalashtirishning hajmi 450 million dollarni tashkil etadi.
Muloqot chogʻida tomonlar davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirishda texnik yordam koʻrsatish, investitsiyaviy muhitni yuksaltirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, aralash moliyalashtirish vositalarini joriy etish orqali kommunal xizmatlar va infratuzilmaviy rivojlanishning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, moliya bozorini rivojlantirish va mahalliy eksportyorlarni qoʻllab-quvvatlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni muhokama qildi.
Investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish vositalarini, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni oʻz ichiga oladigan Oʻzbekiston sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish borasida hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Hamkorlikning ushbu yoʻnalishi doirasida birgalikda ish olib borish va aniq takliflar ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish borasida YETTB koʻrsatayotgan moliyaviy va maslahat yordamining hajmini oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Oʻzbekistonda “yashil” loyihalar Markazini tashkil etish tashabbusi koʻrib chiqildi, bu esa rivojlanish boʻyicha hamkorlar va xususiy investorlarning “yashil” texnologiyalarni ilgari surish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga imkon beradi.
Muzokaralar kun tartibida gender tengligini taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish va ularning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtirokini oshirish chora-tadbirlariga muhim oʻrin berildi. Mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Ayollar biznesda” dasturini yanada kengaytirish yoʻllari alohida muhokama qilindi.
Bundan tashqari, boshqa masalalar, jumladan, Oʻzbekiston hududlarida Bankning yangi ofislarini ochish istiqbollari, 2023-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan YETTB Boshqaruvchilar Kengashining Yillik yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish, shuningdek, joriy yilning mart oyida boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro investitsiyaviy forumida Bank rahbariyatining ishtirokini tashkil qilish imkoniyatlari muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.