Anjuman Oʻzbekiston rahbariyatining tarixiy va madaniy meros, xususan, arxeologik yodgorliklarni oʻrganish, asrash, ulardan foydalanish, ommalashtirish va barqaror boshqarish boʻyicha yechim topishga intilishi maqsadida tashkil etilgan.

Xususan, anjuman doirasida Markaziy Osiyo arxeologiya merosini boshqarish tamoyillari deklaratsiyasi — arxeologiya merosini himoya qilish va uni targʻib qilish xususidagi milliy hukumatlar va ilmiy-akademik jamoatchiligining umumiy qarashlarini aks ettiruvchi, Markaziy Osiyoda ishlab chiqilgan oʻz nazdidagi ilk strategik hujjatni qabul qilish rejalashtirilgan.

“Mazkur anjuman butun Markaziy Osiyo uchun juda ahamiyatli voqea. Uchrashuv doirasida oʻta muhim hujjat — ʻMarkaziy Osiyo arxeologiya merosini boshqarish tamoyillari deklaratsiyasiʻni muhokama qilish va qabul qilish rejalashtirilgan. Bu esa mintaqa tarixida mazkur yoʻnalishdagi ilk tashabbus boʻlib, u barcha arxeologik merosni oʻrganish, asrash va uni eng yuqori xalqaro darajada ommalashtirish yoʻlida Markaziy Osiyo davlatlarini  birlashtirishga xizmat qiladi” — dedi bosh vazir oʻrinbosari turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.

Vazirning soʻzlariga koʻra, erishilgan yutuqlarga qaramasdan, YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga Oʻzbekistonning beshta obekti kiradi.

“Haqiqatni taʼkidlash joizki, YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga Oʻzbekiston Respublikasining beshta obyekti kiradi, bu esa yodgorliklarimizning umumiy sonining 0,4 foizini tashkil etadi. Bu muayyan koʻrsatkich yodgorliklarning soni va noyobligi emas, balki tamomila diqqat markazimizdagi merosni boshqarish muammosidan dalolat. Turizm va sport vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi bu boradagi faol ishlarni davom ettirdi.

Shunday qilib, 2021-yilda Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston olimlarining ʻBuyuk Ipak yoʻli: Zarafshon–Qoraqum yoʻlakchasiʻ turkum transmilliy nominatsiyasiga nomzodlik dosesini tayyorlash boʻyicha uzoq vaqt davom etgan uzluksiz hamkorlik ishlari yakunlandi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston hududida joylashgan tabiiy meros obyekti boʻlmish «Sovuq Turon choʻllariʻning turkum transmilliy nominatsiyasi faylini tayyorlash ishlari yakuniy bosqichga kelgan” — degan u.

Taʼkidlanishicha, bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimovning topshirigʻiga binoan 2021-yil aprel oxiri may oyi boshlarida Qoraqalpogʻistonda xalqaro ekspeditsiya ish boshlagan va u Qoraqalpogʻiston yodgorliklarini “Ipak yoʻli: Amudaryo yoʻlaklari”, “Qadimgi Xorazm merosi” va “Mizdoqxon uchtepasi” kabi nominatsiyalar doirasida YUNESKO Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritish strategiyasiga asos solgan.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda respublika hududida 4788 ta arxeologiya obyekti mavjud boʻlib, har yili 50 dan ortiq arxeologik tadqiqotlarni olib boruvchi ekspeditsiyalar amalga oshiriladi. Shu jumladan, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Rossiya, AQSH va Xitoy mutaxassislari bilan birga 15 dan ortiq xalqaro arxeologik tadqiqot olib borilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, ushbu tadbir Turizm va sport vazirligi, YUNESKO boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi va Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi koʻmagida tashkillashtirilgan.