O'zbekistonning Qirg'iziston bilan chegaradosh hududlaridagi aholi FAO tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda

    Benefitsiarlarning umumiy soni 500 dan ortiq kishini tashkil etdi.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekistonda Qirg'iziston bilan chegaradosh hududlarda yashovchi qishloq aholisiga daromadlarni yanada oshirish uchun yangi qishloq xo'jaligi texnikalari va zaruriy jihozlarni topshirdi. Bu yordam BMT Bosh kotibining Tinchlik qurish jamg'armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan FAO va BMT Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA)ning “O'zaro hamkorlik orqali O'zbekiston va Qirg'izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qo'shma loyihasi doirasida amalga oshirildi.

    Loyiha qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish orqali Farg'ona vodiysi orqali o'tadigan chegaraning har ikki tomonida yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan bo'lib, Qirg'iziston va O'zbekistonning chegaradosh hududlarida ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e'tibor qaratilgan.

    Xususan, Andijon viloyatining Marhamat tumani va Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo'rg'on tumanlari qishloq aholisi qo'llab-quvvatlandi. 2023-yil avgust oyida FAO uy xo'jaliklariga va loyiha doirasida tashkil etilgan o'zaro yordam guruhlariga sut mahsulotlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun zarur uskunalar — sutni qayta ishlash uchun 27 ta separator va 5 ta muzlatgich topshirildi.

    Umuman, loyiha doirasida FAO tomonidan 39 ta sut separatori, 15 ta motokultivator, 5 ta muzlatgich, 1 ta purkagich va 1 ta sanoat go'sht qiymalagichi, shuningdek, 5850 dona sertifikatlangan mevali daraxt ko'chatlari, 10 tonna urug'lik kartoshka va 24000 dona sabzavot ekinlari ko'chatlari qishloq aholisiga topshirildi. Benefitsiarlarning umumiy soni 500 dan ortiq kishini tashkil etdi.

    Eslatib o'tamiz, loyiha doirasida benefitsiarlar uchun maxsus o'quv mashg'ulotlari ham tashkil etilib, ular olingan asbob-uskunalar va qishloq xo'jaligi mahsulotlaridan keyinchalik samarali foydalanish uchun zarur bilim va ko'nikmalarga ega bo'ldilar.