Oʻzbekistonning yirik transmintaqaviy bogʻliqlikni yaratish strategiyasi

    Fikr 14 Iyul 2021 2464

    Mintaqaviy birdamlikdan mintaqalararo integratsiya sari

    Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan soʻng Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda oʻzaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makonini yaratish maqsadida ochiq, faol, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosat yoʻlini tanladi. Rasmiy Toshkentning yangicha yondashuvlari Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlanib, mintaqadagi ijobiy oʻzgarishlarga asos boʻlib xizmat qildi.

    Oʻzbekistonning tinchlikparvar, bagʻrikenglik, ahil qoʻshnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. Mintaqa davlatlari rahbarlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan tizimli siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyildi. 2018-yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam oʻtkazish amaliyoti joriy etilgani ham buning tasdigʻidir.

    Yana bir muhim jihat. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 2019-yil noyabrdagi ikkinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi. Unda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari boʻyicha davlatlar rahbarlarining muvofiqlashgan yondashuv va umumiy qarashlar tizimi oʻz aksini topgan.

    2018-yil iyunda BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilingani ham yuqori darajada konsolidatsiyaga erishilganidan hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy muammolarni hal qilish uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga tayyor ekanidan dalolat beradi.

    Mana shu ijobiy tendensiyalar tufayli ilgari mintaqaviy hamkorlikning ulkan salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilgan qator tizimli muammolar bugungi kunda oʻz yechimini topmoqda. Davlatlararo munosabatlarning bunday mustahkamlanishi Markaziy Osiyoni barqaror, ochiq va jadal rivojlanayotgan mintaqa, ishonchli xalqaro sherik, shuningdek, keng va jozibador bozor sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.

    Jumladan, yangi siyosiy muhit savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojlanishiga kuchli turtki berdi. Buni mintaqa ichida savdo-sotiq oʻsishi misolida ham koʻrish mumkin. Uning hajmi 2019-yil oxiriga kelib 5,2 milliard dollarga yetdi, bu esa 2016-yilga nisbatan 2,5 barobar koʻp degani.

    Shu bilan birga, 2016-2019-yillarda mintaqaning tashqi savdosi umumiy hajmi 56 foizga oshib, 168,2 milliard dollarga yetdi. Shu davr mobaynida mintaqaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi 40 foizga oshib, 37,6 milliard dollarni tashkil etdi.

    2019-yilning oʻzida sarmoyalar oqimi koʻlami mintaqada 10 foizga oshdi. Vaholanki, ushbu davrda dunyo davlatlaridagi investitsiyalar oqimi oʻsish surʼatlari bor-yoʻgʻi 3 foizni tashkil etgan.

    Keyingi yillarda mintaqaning turistik salohiyati yaxshilandi. 2016-2019-yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlariga sayohatchilar soni qariyb ikki baravar — 9,5 milliondan 18,4 million kishiga koʻpaydi. Natijada umumiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar ham yaxshilanmoqda. Xususan, mintaqa davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 2016-yildagi 253 milliard dollardan 2019-yilda 302,8 milliard dollargacha oʻsdi. Pandemiya sharoitida mazkur koʻrsatkich 2020-yil yakunlariga koʻra, atigi 2,5 foizga kamaydi.

    Jahon bankining iyul oyida chop etilgan prognoziga koʻra, 2021-yilda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari 3,7 foizni tashkil etadi. Eng yuqori oʻsish koʻrsatkichlar esa Oʻzbekiston (4,8 foiz) va Tojikistonga (5,3 foiz) toʻgʻri keladi.

    Bu omillar majmui Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi yangi pragmatik yondashuvlari transmintaqaviy xarakterdagi yirik iqtisodiy loyihalarni birgalikda ilgari surishga, qoʻshni mintaqalar bilan oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga hamda mintaqani koʻptomonlama aloqalar tizimini shakllantirish uchun faol jalb qilishga qulay sharoit yaratilganini koʻrsatmoqda.

    Bunday rejalar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 2019-yildagi Maslahat uchrashuvi yakunlari boʻyicha qabul qilingan Qoʻshma bayonotida ham mustahkamlab qoʻyilgan.

    Xususan, hujjatda mamlakatlarning tinchlikni mustahkamlash va mintaqani iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini kengaytirishga hamda ochiq iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va boshqa hamkor davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni diversifikatsiya qilish borasida kelgusida ham saʼy-harakatlarning davom etishi belgilangan.

    Aynan shu maqsadlarga Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning mustahkam arxitekturasini qurish gʻoyasini oʻzida ifodalovchi Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan oʻzaro bogʻliqlik siyosiy-iqtisodiy konsepsiyasi ham xizmat qiladi.

    Rasmiy Toshkentning ushbu saʼy-harakatlari har ikki mintaqadagi davlatlar yaqin munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdorligi, xavfsizlik boʻlinmasligi, iqtisodiyotning bir-birini toʻldiruvchi xususiyati hamda Markaziy va Janubiy Osiyodagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari oʻzaro bogʻliqligi bilan asoslanadi.

    Mazkur rejalarning amalga oshirilishi teng imkoniyatlar, oʻzaro manfaatli hamkorlik va barqaror rivojlanish makonini yaratadi.

    Shu kabi maqsadlarni koʻzlagan ­Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil iyul oyida Toshkentda mintaqalararo birlashuvning barqaror modeli konseptual asoslarini barpo etishda ikki mintaqa mamlakatlarini birlashtirish maqsadida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasini oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.

    Bu tashabbus Oʻzbekiston rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida ilk bor tilga olingandi. Shuningdek, bu mavzuga Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham katta eʼtibor qaratilib, unda Janubiy Osiyo mintaqasi mamlakat tashqi siyosatida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan.

    Darhaqiqat, Oʻzbekiston Janubiy Osiyo yoʻnalishidagi siyosiy va diplomatik faolligini sezilarli darajada oshirdi. Bu yuqori darajada oʻtgan “Oʻzbekiston — Hindiston” (2020-yil dekabr) va “Oʻzbekiston — Pokiston” (2021-yil aprel) virtual sammitlar seriyasida oʻz ifodasini topdi.

    Ikki mintaqa davlatlarini ishonchli transport tarmogʻi bilan bogʻlashni maqsad qilgan Transafgʻon transport yoʻlagini yaratish boʻyicha “Oʻzbekiston — Afgʻoniston — Pokiston” uchtomonlama bitimining imzolanishi ham muhim voqea boʻldi.

    Bu qadamlar Oʻzbekiston amalda ulkan transmintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni yaratish rejasini amalga oshirishga kirishganini koʻrsatadi. Yaqinda boʻlib oʻtadigan yuqori darajadagi konferensiya ham ushbu saʼy-harakatlarning tizimlashtiruvchi unsuri va oʻziga xos “oʻsish nuqtasi”ga aylanishi lozim.

    Shu munosabat bilan rejalashtirilayotgan tadbir mintaqa va xalqaro ekspertlarning qiziqishini kuchaytirmoqda, ular boʻlajak konferensiyaning ahamiyati va dolzarbligini taʼkidlamoqda. Jumladan, “Diplomat” (AQSH), “Project Syndicate” (AQSH), “Modern Diplomacy” (YEI), “Radio Free Europe” (YEI), “Nezavisimaya gazeta” (Rossiya), “Anadolu” (Turkiya) va “Tribune” (Pokiston) kabi nufuzli xalqaro nashrlar sharhlovchilari va tahlilchilari mintaqalararo konnektivlikni yaratish rejasini allaqachon sharhlay boshladi.

    Ularning taʼkidlashicha, kutilayotgan konferensiya jadal rivojlanayotgan, madaniyati va tamadduni yaqin ikki mintaqani jipslashtirishni nazarda tutuvchi olamshumul integratsion loyiha gʻoyasi amalga oshishiga tamal toshi qoʻyishi mumkin. Bunday istiqbol Markaziy va Janubiy Osiyo uchun iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtasiga asos soladi, makromintaqaning iqtisodiy manzarasini tubdan oʻzgartirishga va barqarorlikni taʼminlash uchun mintaqalararo muvofiqlashtirilgan harakatlar tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

    Afgʻoniston — ikki mintaqa integratsiyasini taʼminlashda asosiy boʻgʻin

    Strategik tarkibiy qismi Trans­afgʻon transport yoʻlagi boʻladigan transmintaqaviy oʻzaro aloqani yaratish Afgʻonistonni mintaqalararo munosabatlar tizimida markaziy oʻringa qoʻyadi va ikki mintaqa integratsiyasini taʼminlashda asosiy bogʻlovchi boʻgʻin sifatidagi ushbu mamlakatning boy berilgan tarixiy rolini tiklaydi.

    Bu maqsadlarni amalga oshirish Afgʻonistondan AQSH qoʻshinlarining olib chiqilishi asnosida, ayniqsa, zarur. Zotan, hodisalarning bunday yoʻsinda rivojlanishi ushbu mamlakat yangi tarixida keskin burilish bosqichini yaratmoqda.

    Bir tarafdan, Doxa kelishuvlarining asosiy sharti hisoblangan AQSHning chiqib ketishi qoʻshni mamlakatdagi tinchlik jarayonlariga kuchli turtki berib, Afgʻonistonning suveren va farovon davlatga aylanishiga hissa qoʻshishi mumkin.

    Boshqa tomondan, kuch boʻshligʻining vujudga kelishi hokimiyat uchun ichki qurolli kurashni kuchaytirishi va bu fuqarolik urushiga aylanib ketishi xavfi mavjud. Shusiz ham soʻnggi vaqtda “Tolibon” harakati va Afgʻoniston hukumat kuchlari oʻrtasida tez-tez toʻqnashuvlar sodir boʻlmoqda, bu esa ichki siyosiy konsensusga erishish istiqbollariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

    Yuqorida qayd etilgan Afgʻoniston ichkarisi va atrofida roʻy berayotgan barcha tektonik oʻzgarishlar boʻlajak anjumanning dolzarbligini yana-da oshirib, mintaqalararo yaqinlashish borasida Oʻzbekiston tanlagan yoʻl toʻgʻriligini namoyish etadi, negaki Afgʻonistondagi hozirgi voqeliklar ikki mintaqa oʻrtasidagi hamkorlikni hayotiy muhim zaruratga aylantirmoqda.

    Buni anglagan Oʻzbekiston Afgʻonistonda ikki mintaqa davlatlarining Amerikadan keyingi davrga moslashish jarayoniga start berish niyatida.

    Zero, AQSH kontingenti chiqib ketganidan keyingi istiqbol barcha qoʻshni davlatlarni Afgʻonistondagi iqtisodiy va harbiy-siyosiy vaziyat borasida katta masʼuliyat yukini zimmasiga olishiga undashi lozim. Chunki afgʻon zaminida vaziyatning yaxshilanishi makromintaqada uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlash kalitidir.

    Ushbu faktni inobatga olgan Oʻzbekiston barcha mintaqa davlatlari umumiy farovonligi uchun uzoq vaqt azob chekkan qoʻshni mamlakatda tezroq tinchlik oʻrnatish foydaliligini namoyish etish orqali Afgʻoniston masalasida keng mintaqaviy konsensusga erishishga harakat qilmoqda.

    Shu sabab rasmiy Toshkentning oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha rejalari Oʻzbekistonning ayni damdagi Afgʻoniston borasidagi siyosatini organik ravishda toʻldiradi. Uning doirasida Oʻzbekiston bugun barchani qoniqtiruvchi va maqbul boʻlgan tinchlik formulasini izlashga tushgan. Tinchlikning bunday holdagi ideal retsepti Afgʻonistonni jalb qilishni koʻzda tutuvchi mintaqalararo iqtisodiy integratsiyadir.

    Ekspertlarning keng doirasi ham xuddi shu fikrda. Xususan, Rossiyaning “Nezavisimaya gazeta” gazetasi sharhlovchilari fikricha, Toshkent tomonidan ilgari surilgan “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yoʻlini qurish loyihasi Afgʻoniston uchun “iqtisodiy tramplin”ga aylanishi mumkin, chunki yoʻnalish foydali qazilmalar — mis, qalay, granit, rux, temir rudalari konlari yonidan oʻtadi. Natijada ularni rivojlantirish boshlanadi, afgʻon aholisi uchun muqobil daromad manbai boʻladigan oʻn minglab ish oʻrinlari yaratiladi.

    Mintaqalararo savdo-sotiqni Afgʻoniston hududi orqali kengaytirish mamlakatga tranzit yigʻimlari shaklida iqtisodiy foyda keltiradi. Shu nuqtayi nazardan, Amerikaning “Project Syndicate” nashri sharhlovchilari fikricha, Transafgʻon temir yoʻli yiliga 20 million tonnagacha yuk tashishi mumkin va transport xarajatlari 30-35 foizga kamayadi.

    Turkiyaning “Anadolu” gazetasi sharhlovchilari tili bilan aytganda, Afgʻoniston orqali temir yoʻl aloqasi ulkan iqtisodiy foydani anglatadi, bu mintaqani har qanday siyosiy kelishuvlardan ham koʻra koʻproq barqarorlashtirishi mumkin.

    Ushbu rejalarni amalga oshirish Afgʻoniston iqtisodiyotining tashqi yordamga bogʻliqligi davom etishi asnosida ham juda muhim. Chunki soʻnggi yillarda uning koʻlami pasayish tendensiyasi namoyish boʻlmoqda. Xususan, mamlakat hukumat xarajatlarining qariyb 75 foizini qoplaydigan donorlarning yillik moliyaviy koʻmagi hajmi 2011-yildagi 6,7 milliard dollardan 2020-yilda qariyb 4 milliard dollarga tushib ketdi. Kelgusi toʻrt yil ichida ushbu koʻrsatkichlarning yana 30 foizga kamayishi kutilmoqda.

    Bunday sharoitda Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishi uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratishi mumkin boʻlgan transmintaqaviy miqyosdagi boshqa iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurati ortib bormoqda.

    Ular orasida, ayniqsa, “Turkmaniston — Afgʻoniston — Pokiston — Hindiston” gaz quvuri va “CASA-1000” elektr uzatish liniyasi kabi loyihalarni aytib oʻtish mumkin. Ularni hayotga tatbiq etish nafaqat Afgʻoniston energiya xavfsizligini taʼminlashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, balki ushbu mamlakatga va Janubiy Osiyo davlatlariga energiya resurslari tranzitidan katta moliyaviy foyda keltiradi.

    Oʻz navbatida, Afgʻoniston muhim tranzit va energetika markaziga aylanishi kelajakda siyosiy konsensusga erishishda barcha ichki afgʻon kuchlari uchun qoʻshimcha manfaat yaratadi va tinchlikni taʼminlashga mustahkam ijtimoiy-iqtisodiy asos boʻlib xizmat qiladi. Muxtasar aytganda, Afgʻonistonning rasmiy Toshkent tomonidan yaratilgan mintaqalararo munosabatlar tizimiga keng jalb etilishidan barqarorlikni targʻib qilishning biriktiruvchi mexanizmi sifatida foydalanilishi mumkin.

    Markaziy Osiyo transport-tranzit yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish yoʻlida

    Mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash Markaziy Osiyo davlatlarining transport yoʻllarini diversifikatsiya qilish hamda mintaqaning xalqaro transport va tranzit markazi sifatida raqobatbardoshligini oshirish maqsadlariga javob beradi.

    Oliy darajadagi uchrashuvlarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, ayniqsa, transport va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, dengiz portlari va jahon bozorlariga chiqishni taʼminlash hamda zamonaviy xalqaro logistika markazlarini shakllantirishga yoʻnaltirilgan yirik iqtisodiy loyihalarni birgalikda amalga oshirishda muvofiqlashtirish ishlarini mustahkamlash uchun tomonlarning jamoaviy intilishlarini, takror va takror qayd etdi.

    Bu vazifalarni hal qilish zarurati Markaziy Osiyoda transport yoʻnalishlari yopiqligining davom etishi natijasida yuzaga kelmoqda. Mazkur holat mintaqaning global taʼminot zanjirlariga chuqur integratsiyalashuviga va Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro savdo tizimining shakllanayotgan yangi modelida oʻzining munosib oʻrnini egallashiga toʻsqinlik qilmoqda.

    Jumladan, bugungi kunda mintaqa davlatlari dengiz portlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniga ega emasligi tufayli import qilinadigan mahsulotlar narxining 60 foiziga teng keladigan sezilarli sarf-xarajatlari transport va tranzit toʻlovlariga ketmoqda. Yuk tashuvchi subyektlar esa bojxona ish tartibi nomukammalligi va logistika rivojlanmagani sababli yuklarni tashish uchun vaqtning 40 foizini yoʻqotyapti. Masalan, istalgan Markaziy Osiyo mamlakatidan Xitoyning Shanxay shahriga konteyner yetkazib berish narxi uni Polsha yoki Turkiyadan yetkazib berish narxidan 5 barobar qimmat.

    Shunga qaramasdan, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari turli transport yoʻlaklari (“Boku — Tbilisi — Kars”, “Qozogʻiston — Turkmaniston — Eron”, “Oʻzbekiston — Turkmaniston — Eron”, “Oʻzbekiston — Qozogʻiston — Rossiya”) salohiyatidan foydalanib, Eron, Gruziya, Turkiya, Ozarbayjon va Rossiya dengiz portlariga chiqishni taʼminlashga muvaffaq boʻldi.

    Ushbu tranzit yoʻnalishlari ichida bugungi kunda Markaziy Osiyo tovarlarining Eron portlari orqali jahon bozorlariga chiqishini taʼminlovchi “Shimol-Janub” xalqaro transport yoʻlagi muhim ahamiyatga ega.

    Mazkur loyiha Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyoda eng yirik iqtisodiyotga ega Hindiston bilan muvaffaqiyatli aloqasi namunasidir.

    Shu nuqtayi nazardan, “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish qoʻshimcha yoʻlak paydo boʻlishiga hamda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarini bir-biriga maʼnan yaqinlashtirishga moʻljallangan temir yoʻl liniyalari keng tarmogʻini shakllantirishga yordam beradi. Oʻzbekiston ilgari surayotgan transmintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik gʻoyasining dolzarbligi ham ana shunda, uni amalga oshirish ikki mintaqa davlatlariga birdek foyda keltiradi.

    Qolaversa, yuqorida keltirilgan rejalarning roʻyobi Janubiy Osiyo bozoriga quruqlikdan ishonchli yoʻlak vujudga kelishidan manfaatdor Xitoy, Rossiya va Yevropa Ittifoqi kabi yirik xalqaro savdo subyektlari uchun ham foydalidir. Shularni inobatga olsak, “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yoʻlini qurish loyihasining baynalmilallashuvi, uni moliyalashtirish va ushbu yoʻlak tranzit salohiyatidan foydalanishdan manfaatdor tomonlar doirasining kengayishi ehtimoli yuqori.

    Shu omillardan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistonning bu boradagi rejalari transmintaqaviy kun tartibi doirasidan chetga chiqadi, chunki ushbu temir yoʻl qurilishi Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarini Markaziy Osiyo hududi orqali bogʻlaydigan xalqaro transport yoʻlagining muhim tarkibiy qismiga aylanadi.

    Natijada Markaziy Osiyo davlatlari hududining transport ahamiyati oshadi, kelajakda ularda xalqaro tovarlar tranzitida faol ishtirokini taʼminlash imkoniyati paydo boʻladi. Bu esa ularni tranzit yigʻimi kabi qoʻshimcha daromad manbai bilan taʼminlaydi.

    Transport xarajatlarining kamaytirilishi yana bir muhim yutuq boʻladi. Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga koʻra, Toshkent shahridan Pokistonning Karachi portiga konteyner yetkazish taxminan 1400-1600 AQSH dollariga tushadi. Bu Toshkentdan Eronning Bandar Abbos portiga yetkazishga nisbatan ikki barobar (2600-3000 dollar) arzon.

    Bundan tashqari, Transafgʻon transport yoʻlagi loyihasining amalga oshirilishi tufayli Markaziy Osiyo davlatlari janubiy dengizlarga olib boruvchi ikki yoʻnalish tranzit salohiyatidan birdaniga foydalanish imkoniga ega boʻladi. Bir tomondan, Eronning Chaxbexar va Bandar Abbos portlariga, ikkinchi tomondan, Pokistonning Karachi va Gvadar portlariga chiqiladigan yoʻlaklar paydo boʻladi. Bunday istiqbol Eron va Pokistonda moslashuvchan narx siyosati shakllanishiga yordam beradi hamda eksport-import xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.

    Eng asosiysi, savdo yoʻllarini diversifikatsiya qilish Markaziy Osiyodagi makroiqtisodiy vaziyatga juda yaxshi taʼsir koʻrsatadi. Jahon banki ekspertlari fikricha, tashqi dunyo bilan savdo qilish uchun geografik toʻsiqlarning davomli olib tashlanishi Markaziy Osiyo davlatlari umumiy YAIMni kamida 15 foizga oshirishi mumkin.

    Umumiy tahdidlarga jamoaviy javob

    Boʻlajak konferensiyaning formati ikki mintaqa davlatlari oliy martabali shaxslari, ekspert va siyosiy doiralariga ilk bor yagona maydonda konstruktiv muloqotni yoʻlga qoʻyish uchun ajoyib imkoniyatni taqdim etadi. Bu esa barchani jalb etishni koʻzda tutuvchi, tomonlar manfaatlari inobatga olingan va keng imkoniyatlar makonini yaratish koʻzlangan transmintaqaviy xavfsizlik poydevorining yangi arxitekturasiga tamal toshini qoʻyish uchun zarur. Hamkorlikning bunday rivojlanishi har bir mamlakatning oʻz yaratuvchanlik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishi va xavfsizlik muammolarini birgalikda hal qilishi uchun qulay muhit yaratilishini nazarda tutuvchi inklyuzivlik namunasi boʻlishi mumkin.

    Bunday zarurat xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalarining uzviy bogʻliqligi — Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining, ikki mintaqaning izchil ravnaqini taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi umumiy tahdidlar qarshisida birlashishdan manfaatdor ekanligi bilan izohlanadi.

    Ushbu muammolar qatorida mutaxassislar giyohvand moddalar savdosi, terrorizm, epidemiologik inqiroz, iqlim oʻzgarishi va suv resurslarining yetishmasligi kabi muammolarni alohida keltiradi. Bunga ikki mintaqa davlatlari umumiy muammolarni aniqlab va ularni bartaraf etish boʻyicha muvofiqlashtirilgan choralarni qoʻllagan holda birgalikda harakat qilib qarshi turishlari mumkin.

    Xususan, Rossiya, Yevropa va Pokiston ekspertlari kutilayotgan konferensiya maydonidan giyohvand moddalar savdosiga qarshi jamoaviy kurash tizimini yaratish uchun foydalanish zarurligini taʼkidlamoqda. Buning dolzarbligi Afgʻonistonning dunyodagi asosiy giyohvand moddalar markazi sifatidagi “qiyofasi” bilan izohlanadi.

    Jumladan, Pokiston Global va ­strategik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Xolid Taymur Akramning aytishicha, “mintaqada giyohvand moddalar bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanmas ekan, bu holat buzgʻunchi kuchlar — terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilik uchun moddiy ozuqa sifatida xizmat qilishda davom etaveradi”.

    Bundan tashqari, xorijiy ekspertlar ikki mintaqa iqtisodiyotiga bevosita salbiy taʼsir koʻrsatadigan iqlim oʻzgarishi muammolariga ham alohida eʼtibor qaratmoqda. 2021-yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq 3 yildan biri boʻldi. Bunday ekstremal ob-havo hodisalari va koronavirus pandemiyasining qoʻshaloq kelishi dunyoning aksariyat mamlakatlarida, shu jumladan, suv tanqisligi kuzatiladigan makromintaqa — Markaziy va Janubiy Osiyoda ham ikkitomonlama shok effektini keltirib chiqardi. Bunday vaziyat ularni global iqlim oʻzgarishi jarayonlariga oʻta taʼsirchan qilib qoʻymoqda.

    Hozirgi sharoitda har ikkala mintaqada ham iqlim inqirozini anglash yuzaga kelmoqda, bu esa birgalikdagi saʼy-harakatlarga ehtiyoj borasidagi umumiy tushunchani shakllantirish bilan birga olib borilishi lozim.

    Ekspertlar ana shu omillarni hisobga olgan holda ikki mintaqa davlatlarini iqlim muammolariga qarshi birgalikda kurashishning aniq rejalarini belgilab olish uchun Toshkent xalqaro maydoni imkoniyatlaridan foydalanishga chaqirmoqda.

    Transmintaqaviy konnektivlikning yangi modeli inklyuziv iqtisodiy oʻsish manfaatlari yoʻlida

    Konferensiya imkon tugʻdiradigan mintaqalar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi arxitekturasi yaratilishi bilan transmintaqaviy savdo-iqtisodiy almashinuvlarni sezilarli darajada oshirish uchun maksimal qulay shart-sharoitlar shakllanadi.

    Koʻpchilik xalqaro ekspertlar bu fikrni qoʻllab-quvvatlamoqda. Ularning baholashicha, oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha tashabbuslar izolyatsiyada qolgan Markaziy Osiyo bozorini Janubiy Osiyoning uglevodorod va agrosanoat resurslariga boy hamda oʻsib borayotgan isteʼmol bozori va undan soʻng dunyo bozorlari bilan bogʻlanishga imkon beradi.

    Bu, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada hamkorlik uchun hali foydalanilmayotgan salohiyatlar mavjudligi fonida zarur boʻlib, uning toʻliq ishga tushirilishiga ishonchli transport tarmogʻi va oʻzaro hamkorlikning institutsional mexanizmlari yoʻqligi toʻsqinlik qilmoqda.

    Xususan, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi hali 6 milliard dollarga yetmagan. Bunday koʻrsatkichlar Janubiy Osiyo mintaqasining tashqi dunyo bilan savdosiga nisbatan ancha past boʻlib, uning hajmi 1,4 trillion dollardan oshadi.

    Shu bilan birga, 2009-yildan boshlab Janubiy Osiyo mamlakatlarining umumiy importida barqaror oʻsish dinamikasi kuzatilib, hajmi 2020-yil yakunlariga koʻra, 791 milliard dollarga yetdi. Bu holat Janubiy Osiyo bozorini Markaziy Osiyo davlatlari uchun eng muhimlaridan biriga aylantiradi. Bundan tashqari, umumiy aholisi 1,9 milliard kishi (dunyo aholisining 24 foizi) boʻlgan va 3,5 trillion dollarlik YAIMga ega Janubiy Osiyo dunyodagi eng tez iqtisodiy oʻsayotgan mintaqa hisoblanadi (iqtisodiy oʻsish yiliga 7,5 foizgacha).

    Shu nuqtayi nazardan, Jahon banki ekspertlarining yaqindagi maʼruzasi qiziqarli. Unda taʼkidlanishicha, pandemiyaning oʻta ogʻir oqibatlariga qaramay, Janubiy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy tiklanish istiqbollari yaxshilanmoqda. 2021 va 2022-yillarda mintaqada iqtisodiy oʻsish surʼati — yiliga 6,8 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu 2020-yildagi tarixiy minimumdan chiqishni va mintaqaning tiklanish trayektoriyasiga kirganini anglatadi.

    Oʻz navbatida, taʼkidlab oʻtish lozimki, bunday oʻsish dinamikasi dunyo davlatlari oʻsish surʼatidan yuqori. Chunki 2021-yilda jahon mamlakatlarining oʻrtacha iqtisodiy oʻsish surʼatlari 5,6 foiz, 2022-yilda esa 4,3 foizni tashkil etadi. Shunday qilib, prognozlarga koʻra, Janubiy Osiyo qisqa tanaffusdan soʻng dunyoning eng tez oʻsayotgan mintaqasi maqomini qayta tiklaydi.

    Ushbu omillarni hisobga olgan ekspertlar Markaziy Osiyo ishlab chiqaruvchilari Janubiy Osiyo bozorida oʻz oʻrinlarini egallashi, eksport salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanligini taʼkidlamoqda. Jumladan, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining (ESKATO) yaqinda chop etilgan maxsus hisobotida mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash natijasida Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqalararo eksporti oʻsishi 2010-yilga nisbatan 187 foizga, Janubiy Osiyo mamlakatlari eksporti esa 133 foizga baholandi.

    Shu oʻrinda hamkorlikni rivojlantirishda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining barcha manfaatlariga javob beradigan qator yoʻnalishlarni ajratib koʻrsatish zarur. Ular orasida — investitsiya sohasi, qishloq xoʻjaligi, energetika, turizm, madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, fan va taʼlim sohalari ham bor.

    Umuman olganda, Oʻzbekistonning oʻzaro bogʻliqlik rejalarini amalda roʻyobga chiqarish Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari inklyuziv iqtisodiy rivojlanishi uchun qulay zamin hozirlash, yashash sharoitini yana-da yaxshilash va ikki mintaqada yangi iqtisodiy voqelikni yuzaga keltirishi mumkin.

    Bunday istiqbol Oʻzbekistonning oʻzaro bogʻliqlik rejalari global ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi, chunki dunyoning aholi zich yashaydigan ikki mintaqasida makroiqtisodiy vaziyatni yaxshilash va barqarorlikni mustahkamlash xalqaro xavfsizlikka ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Shuni inobatga olib, ushbu tashabbusni Oʻzbekistonning xalqaro tinchlik hamda barqaror rivojlanishni taʼminlashga munosib hissasini qoʻshish borasida navbatdagi saʼy-harakatlari ifodasi, deya baholash mumkin.

    Akramjon NEʼMATOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

    Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

    direktorining birinchi oʻrinbosari