Bugun sport yoki san’at orqali dovruq qozonayotgan yurtimiz ilm-fan bilan ham dunyoga chiqayotir. Yangi O‘zbekistonning oltin fondi – yoshlar dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda, tajriba orttirmoqda, ilmiy va amaliy ishlari, ixtirolari bilan nom qozonmoqda.
O‘tgan yil qish fasli boshida Turkiyaning Yildiz texnika universitetida “Yangi O‘ zbekiston — yangi g‘oyalar!” shiori ostida “ O‘zbekiston yoshlari forumi — Turkiya” tadbiri o‘tkazilgan edi. Unda yosh olim Saidbek Boltaboyev “Uchinchi Renessans” yo‘nalishidagi loyihalari taqdimotini qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan yosh olimning kitobi chop etildi. Ayni paytda Saidbek Boltaboyev Turkiyaning Karabuk davlat universiteti professoridir. Uning bugunga qadar bosib o‘tgan yo‘li yurtimiz yoshlari uchun ibratga arziydi, deb o‘ylaymiz.
Mumtoz filologiyani o‘rganishga ishtiyoqimni ustozim uyg‘otgan
1988 yili Andijon viloyatida tug‘ilganman. O‘rta ta’limni qishlog‘imizda, so‘ng tillarga ixtisoslashgan maktab-internatning ingliz tili chuqurlashtirib o‘tiladigan sinfida davom ettirdim. Bu maktabda ingliz tilini puxta o‘rgandim. Bolaligimdan “Katta bo‘lsam, diplomat bo‘laman, davlatimizni chet elda mashhur qilaman”, degan orzu bilan ulg‘aydim. Bu orzu qat’iy maqsadga aylangach, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi bo‘ldim.
Bir kuni ustoz, professor Qosimjon Sodiqov darsga kirdi:
— Orangizda andijonlik bormi? — so‘rab qoldi domla.
— Men, — javob berdim.
O‘qituvchimiz Andijonning Lo‘mbitepasidan bir yodgorlik topilganini, u yerdan ko‘zaga yozilgan ko‘kturk yozuvi chiqqanini aytib berdi. Tabiiyki, bundan xabarim yo‘q edi.
— Bu yodgorlikda bitilgan yozuvni qanday o‘qishimiz mumkin? — deb so‘radim qiziqishim ortib.
Ustozimiz buning uchun ko‘kturk yozuvini o‘rganish kerakligini aytdi. Shundan boshlab ustozning “etagi”ni qo‘yib yubormadim. Professor Qosimjon Sodiqovning mahorati shunda ediki, nima qilsam ekan, degan o‘yda yurgan har bir talabani tarixga qiziqtirdi, fanning sirli va sehrli olamiga boshlab kirdi. Meni laborant sifatida ishga qabul qildi. Keyin ko‘kturk yozuvini, ustozimning yordami bilan uyg‘ur yozuvini o‘rgandim. Arab yozuvini qisman bilganim bu bo‘yicha bilimimni takomillashtirishimga ko‘mak berdi.
Ta’limning keyingi bosqichini qayerda o‘qish haqida ko‘p o‘yladim. Ustozim tavsiyasi bilan magistraturada o‘qishni Istanbul universitetida boshladim.
“O‘zbek yigit” deb atashlaridan g‘ururlanaman
Turkiyaga kelgach, bir yil davomida turk tilini o‘rgandim. So‘ng Istanbul universitetiga magistratura bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Magistrlik dissertatsiyasini yozdim. Undan keyin doktoranturada tahsil oldim. Doktoranturada o‘qish mobaynida tarjima bilan shug‘ullandim. Mashhur tadqiqotchilar bilan 25 ming so‘zni o‘z ichiga olgan o‘zbek-turk lug‘atini tuzdik. Aynan shu lug‘at hozirgacha bu tillarda yaratilgan eng katta lug‘atdir. Quvonarlisi, ayni paytda Turkiya universitetlarida undan keng foydalaniladi. Bir vaqtning o‘zida ham lug‘at tuzish ishlarida, ham o‘zbek adabiy tili bilan bog‘liq bir necha loyihalarda qatnashdim. Loyihalar orqali Turkiyadagi o‘zbek sifatida tanildim.
2018 yildan bugunga qadar 60 ming talabadan iborat Karabuk universitetida turk tili va adabiyoti yo‘nalishida dars o‘taman. Ona Vatanim, yurtimiz olimlari bilan muntazam aloqadamiz. Karabuk va yurtimizdagi 30 ga yaqin universitet bilan xalqaro shartnomalar imzolandi. Shartnoma bandlariga muvofiq, o‘zbekistonlik o‘qituvchilarimiz Turkiyaga kelib tajriba orttirmoqda. Qadimiy turkiy tilning kelib chiqishi bilan bog‘liq bilimlarini mustahkamlamoqda.
Davlatimiz rahbarining xorijdagi biz kabi vatandoshlarni o‘ylab ko‘rsatgan qator tashabbuslari ularning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish borasida katta qadam bo‘ldi. Xayrli ishlarga vasila sifatida hayotimizga yengillik, yangilik olib kirdi.
Buning aks etishini mening taqdirimda ko‘ring: “Vatandoshlar” jamoat fondiga kitobimni nashr etish masalasida yordam so‘rab murojaat qildim. Ular bu tashabbusimni qo‘llab-quvvatladi. Kitob bahor fasli arafasida “Alisher Navoiy devonlarining debochalari” nomi bilan nashr etildi. Joriy yilning 6 mart kuni Turkiyada “Movarounnahr — 2022, ma’rifatga baxshida umr” nomli ilmiy-amaliy anjuman doirasida mazkur asar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiyada ta’lim olayotgan yoshlar, ilmiy tadqiqotchilar va vatandoshlar ishtirok etdi. Taqdimot doirasida yig‘ilganlarning asar to‘g‘risida fikr va mulohazalari tinglandi, tadbir so‘ngida ishtirokchilar hamda vatandoshlarga “Alisher Navoiy devonlarining debochalari” sovg‘a sifatida taqdim etildi. Bu yoshligimdagi orzum — yurtimni dunyoga tanitaman, degan maqsadning amaliyoti uchun ilk qadamlar edi. Ayniqsa, kitob muallifi kim deb so‘rashsa, ismimni emas, “o‘zbek yigit” deyishganida, qalbimdan o‘tadigan iftixorni oddiy jumlalar bilan ifodalab bera olmayman.
Har joyda o‘zligimni namoyon etishni kanda qilmayman
Rafiqam ham o‘zbek, o‘z yurtimdan. Milliy taomlarimizni maromiga yetkazib tayyorlaydi. Men unga har joyda, hatto qo‘ni-qo‘shnilar bilan muloqotda ham o‘zligini, o‘zbekligini bildirib turishini, nutqiga ahamiyat berishini, madaniyatida, odob-axloqida o‘zgachaligi sezilib turishini takror-takror aytaman. Chunki bizga qarab millatimizga baho berishadi, buning mas’uliyatini unutmasligimiz kerak.
Albatta, bir kun kelib Vatanimizga qaytib xizmat qilishni burchimiz, deb hisoblaymiz. Ayniqsa, Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, kun sayin ochilayotgan yangi imkoniyatlar, yangi tashabbuslar meni ilmiy ishlarimni yanada maromiga yetkazib, yurtimga qaytishga undamoqda. Men sportchi emasman, tadbirkor ham emas, biroq tilshunosman. Yurtimning nufuzini shu jabhada yanada oshirishga xizmat qilishim mumkin.
Ba’zi tillar faqat bir alifboda rivojlangan. Arab tili qadimda ham, hozir ham bir alifboda. Arman va xitoy yozuvi ham. Lekin bizning tilimiz 1300 yillik tarixda 13 xil alifboga ega bo‘lgan. Oxirgi 100 yilda alifbomiz 3 marta o‘zgargan. Bir til uchun bu juda katta hodisa.
Xalqni dunyoga tanitish uchun ona tilining nufuzini oshirish darkor. Buning uchun esa har bir millat o‘z tilini mukammal bilmog‘i, bu tuganmas xazinadan to‘la-to‘kis foydalana olishi lozim. Hozirgi yoshlarga ham aytgan bo‘lardim: tilimizning sofligini saqlashimiz kerak. Unga boshqa tillarni qo‘shib emas, o‘zligicha muloqot qilishimiz, uni o‘rganishdan to‘xtamasligimiz shart. Shundagina boshqa xalqlar ham tilimizga qiziqadi, iboralarimizdan foydalanishga harakat qiladi.
“Vatandoshlar” jamoat fondi Axborot xizmati rahbari Ufora HABIBULLAYEVA yozib oldi.