O'zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida ilk marotaba o'tkazilgan milliy suvenirlar festivalida ishtirok etar ekanmiz, madaniy merosimiz ildizlari juda chuqur va boy bir ummon ekani, xalqimiz o'z qo'li bilan yaratgan yuksak ijodkorlik namunalari esa, nechog'li nafis va o'ziga xos go'zalligi bilan ajralib turishiga yana bir bor amin bo'ldik.
— Milliy suvenirlar festivali davlatimiz rahbarining “O'zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan reja asosida yurtimizning barcha hududlarida birinchi marta o'tkazilmoqda, — deydi Madaniy meros agentligi direktori maslahatchisi Mohinur Imomova. — Festivalni o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad, xalqimiz va xorijlik sayyohlar o'rtasida yurtimizning madaniy-tarixiy merosini keng targ'ib qilish, O'zbekistonning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlarga munosib hissa qo'shishdan iborat. Festivalda milliy suvenirlar savdosini yo'lga qo'yish orqali esa, mamlakatimiz muzeylari va madaniy meros ob'ektlariga tashrif buyuruvchilar to'g'ridan-to'g'ri ushbu joylarning targ'ibotchisiga ham aylanishi ko'zda tutilgan.
Darhaqiqat, xorijiy va mahalliy sayyohlar ishtirokida bo'lib o'tgan tadbirlarda xalq amaliy san'ati namunalari, kulollik, kashtachilik, pichoq, do'ppi va boshqa milliy ashyolar ko'rgazmalari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg'otdi. Festival` doirasida hunarmandlar ishlari ko'rgazma-savdosi, suvenirlar ko'rik-tanlovi, mahorat darslari o'tkazilib, fol`klor-etnografik guruhlar va badiiy jamoalarning kontsert dasturlari namoyish etildi.

— 10 yoshimda o'yinchoqlar yasashni boshlaganman. G'ijduvon an'anaviy kulolligining muhim yo'nalishlaridan biri bo'lmish mayda plastika yo'nalishida ijod qilaman, — deydi Dilnoza Narzullaeva. — Narzullaevlar sulolasining 5-avlodi bo'lmish bobom usta Ibodullo va 6-avlodi otam Abdullo Narzullaevning munosib davomchisi bo'lishni o'z burchim deb hisoblayman. Kulollik bilan bir qatorda, kashtachilik bilan ham shug'ullanaman. Tabiiy bo'yoqlar ustasi onam Gulbahor va ammam Mavluda Narzullaevalarni ustozlarim deb bilaman. Singlim Mahfuzabonudan gilam to'qishni ham o'rganib boryapman. Kulollik, kashtachilik va gilamdo'zlikni yanada puxta egallab, farzandlarim qatorida shogirdlarga ham o'rgatib, uni davom ettirishga o'z hissamni qo'shsam, deyman.
Biz hayratda qoldik...
— Angren shahri tarixi muzeyida milliy suvenirlar festivali o'ziga xos o'tkazildi, — deydi “Hunarmand” uyushmasi Angren shahar bo'limi rahbari Abdulla Sulaymonov. — Tadbirda viloyatda ijod qilayotgan hunarmand yoshlar, usta kulollar, Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zolari, shuningdek, kashtachilikda taniqli bo'lgan sulolalar vakillari, rassomlar o'z ijod namunalari bilan ishtirok etdi. Festivalda qatnashgan xorijlik mehmonlar hayratlarini yashira olmadilar.
— Milliy hunarmandlik namunalari va, ayniqsa, matoga qo'lda to'qilgan ijod namunalarini ko'rib, to'g'risi, hayratda qoldik, — deydi frantsiyalik sayyoh Nikolya Goyar. — YAqinlarimizga esdalik sovg'a sifatida ulardan xarid qildik. Bunday festivallarning butun O'zbekiston bo'ylab o'tkazilishi xalqingizning hamjihatligi va mehnatsevarligidan dalolat beradi.
CHindan ham festival` doirasida namoyish etilgan kulollik asarlari, mayda plastik haykaltaroshlik buyumlari xorijiy mehmonlar uchun sovg'a bo'libgina qolmay, milliy urf-odatlarimiz, an'analarimiz, madaniyatimiz targ'iboti uchun ham muhimdir.
* * *
Buxoro shahrining Nodir devonbegi madrasasi hududida bo'lib o'tgan festival` karnay-surnay sadolari ostida boshlanib, san'atkorlar tomonidan chiroyli kuy-qo'shiqlar ijro etildi, shundan so'ng teatrlashtirilgan sahna ko'rinishi bilan davom etdi. So'zana va adras ustalari o'zlarining yuzdan ortiq ijod namunalarini taqdim qildilar.
Festival` yakunida ishtirokchilar esdalik sovg'alar, diplom va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Gulichehra Durdiyeva,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri.