O'zini oshkor qilmagan qashqadaryolik tadbirkor muhtojlarga 14 ta yangi uy sovg'a qildi

    Har biriga bir milliard so'mdan  — jami o'n to'rt milliard so'm sarflab, etti yot begonalarga hadya qilish uchun kishining qalbi daryo bo'lish kerak.

    Deraza oynasidagi surat

    ... Hayotda inson doim oʻzi xohlaganidek boʻlavermaydi. Qanchalik urinib-turtinib, oldinga intilmasin, gohida kutilmagan taqdir zarbasi barchasini oʻzgartirib yuboradi. Shunday paytda bunga koʻnikib yashashdan boshqa iloj yoʻq. Ayniqsa, turmush tashvishlarini yengib oʻtish uchun kishiga kuchli iroda kerak boʻladi.

    ...U ogʻir umr karvonining yarmida qolib ketaman, deb oʻylagandi. Shukrki, yaxshilar koʻmagida hayoti ijobiy tomonga oʻzgardi.

    Nargiza opa shinam uyida oʻtirgancha bularni oʻylarkan, qulogʻiga hovlida shodon oʻynayotgan bolalarining ovozi eshitilib, yuziga tabassum yugurdi. Deraza yaqiniga kelib, quvnoq holda bir-biriga koptok uzatayotgan oʻgʻillarining harakatlarini kuzatarkan, negadir koʻzlariga yosh keldi. Deraza oynasiga nimadir chizmoqchi boʻldi. Lekin doimiy odatga aylanib qolgan uy suratini chizdi. Moʻjazgina tasvirga termularkan, xayollari uni oʻsha mashʼum oʻtgan kunlari tomon yetakladi.

    ... Ertaga nima boʻlishini oldindan aytib boʻlmas ekan. Nargiza ham voyaga yetib, yaxshi oilaning chiroyli bekasi boʻlish orzusida maktabni tugatdi. Ammo baxt qushi ha deganda boshiga qoʻnavermadi. Taqdir bitigida birinchi ayoli vafot etgan kishiga turmushga chiqish yozilgan ekan. Na iloj, koʻnikib yashay boshladi. Boshida barchasi yaxshi edi. Erining oldingi ayolidan tugʻilgan bolalarini oʻz farzandidek koʻrardi. Ularning koʻnglini oʻksitmaslikka intildi. Keyinchalik oʻzi ham farzand koʻrdi. Ilk bor oʻgʻlini bagʻriga bosganida bu dunyoda undan baxtiyor ona yoʻq edi. Shundan soʻng oilasiga mehri yanada oshdi. Oradan ikki yil oʻtib ikkinchi oʻgʻli dunyoga keldi.

    Mahallada eng inoq oila sifatida eʼtirof etilib, farovon turmush kechirishayotgandi. Nargizaning bir roʻzgʻorni eplab, turmush oʻrtogʻi koʻnglini olib, bolalarini birovdan kam qilmay tarbiyalayotgani haqiqatan koʻpchilikka oʻrnak edi. Ming afsuski, bu quvonchli kunlar uzoqqa choʻzilmadi. Erining tanasida davosiz dard paydo boʻldi. Xavotir ostida qancha yugurib-yelmasin baribir davo topish mushkul kechdi. Shunday boʻlsa-da, ortga chekinmay, ayol boshi bilan erini qanchadan-qancha shifokorlar koʻrigiga olib bordi. Ammo uning umri qisqa ekan, hayotdan erta ketdi...

    Hammasi shundan soʻng boshlandi

    Erining birinchi turmushidan allaqachon voyaga yetib qolgan farzandlari negadir keyingi paytda feʼli ayniy boshladi. Otasi borida biror marta tik qaray olmagan farzandlar oʻgay onasi bilan boʻlar-boʻlmasga janjal chiqaradigan odat chiqardi. Oldiniga topganini pana-pastqamda minnat qilib yurishsa, keyinchalik oshkora aytadigan boʻlishdi. Padarini tuproqqa qoʻyganiga hali uch oy oʻtmay, toʻngʻich oʻgʻil uylanish harakatiga tushib qoldi. Bundan koʻngli ranjigan Nargiza qancha gapirmasin, birov gapiga quloq solmadi. Ilojsiz oʻzi bosh boʻlib, kelin topishga harakat qildi.

    Marhum erining yaqinlari maslahati bilan uzoqroq qarindoshining qizini oʻzi bosh boʻlib kelin qilib keldi. Xonadonda yangi oila paydo boʻldi. Bu ahillik kuchayishiga sabab boʻladi, deb oʻylashgandi. Ammo, aksincha, yangi kelin ham kuyovning yoʻrigʻiga yurib, oʻgay qaynonani turtkilashga tushdi. Oradagi sovuqlik battar avj oldi. Shu paytgacha tinch yashab kelgan xonadoniga endi ortiqchalik qila boshladi. Ochiq-oydin undan ikki norasidasi bilan hovlidan chiqib ketishni talab qilishdi.

    Eng azobli kunlar shundan soʻng boshlandi. Kunora janjallar jonidan oʻtib ketgandi. Bosh olib ketay desa, tayinli manzili yoʻq. Ketmay desa, bu azoblar... Qoʻni-qoʻshni, mahalla oqsoqollari aralashdi. Foydasi boʻlmadi. Qish qahratonida oyogʻida yirtiq kalish bilan koʻchaga haydalgan kunlar boʻldi. Hovli chetidagi kichik omborxonadan joy berishdi. Hartugul ayozda shu yerdan boʻlsa-da joy tekkaniga shukr qilib, qorongʻu tomga joylashdi.

    Bir kuni dalada ishlab, uyga qaytarkan, endigina toʻrtinchi sinfga qatnashni boshlagan katta oʻgʻli bir qogʻozda oʻzi chizgan suratni ukasiga koʻrsatib, nimalarnidir tushuntirayotganini koʻrib qiziqdi. Bola oq qogʻozga ajoyib koʻrinishdagi uyni chizgandi. Baland, kattagina derazalari, keng hovlisi bor bu rasm murgʻak bolaning qalbida nish urayotgan orzuning qogʻozga tushgan aksi edi.

    — Onajon, qarang, shu chizgan suratim uchun ustozimiz maktabda besh baho qoʻydi.

    — Nega uyning rasmini chizding, oʻgʻlim?

    — Bilasizmi, ona. Men uyimiz mana shunday katta va yorugʻ boʻlishini xohlayman. Kelajakda, albatta, shunday yashash joyimiz boʻladi.

    Mehnatda qotgan qoʻllari bilan bolasining peshonasini silab, bagʻriga bosarkan, ovoz chiqarib aytishga ikkilanib, ilohim aytganing kelsin, bolam, deya sekin pichirlagancha unsiz yigʻlab yubordi.

    Roʻyobga chiqqan tush

    Odatdagi kunlarning birida Nargiza opa yelkasida ketmon bilan dala chopigʻiga shoshib ketarkan, mahalla idorasi vakillaridan biri uni yoʻlda toʻxtatdi. Hol-ahvol soʻrashgan boʻlib, bugunoq shaxsini tasdiqlovchi hujjatini olib, idoraga borishini aytdi. Bu taklif sababi esa doimgidek roʻyxatga olish ekanini eslatib oʻtdi. Kechki payt aytilgan hujjatni olib, mahallaga bordi. Ammo rais undan shaxsini tasdiqlovchi hujjatni olarkan, tuman hokimligi soʻraganini, ikki-uch kunda qaytarib berishini taʼkidladi.

    Hokimlik hujjatimni nima qilarkin, — deya bergan savoliga rais ham yelka qisgancha hayronligini bildirdi.

    Bu voqea boʻlganiga oʻn kundan ortiq vaqt oʻtdi. Nargiza opaning xayolidan koʻtarildi.

    2023-yilning aprel oyi edi. Har doimgidek tirikchilik tashvishi bilan dalada ketmon chopayotgan opani rais yoʻqlab bordi. Uzoqdan imlab, yoniga chaqirdi. Xavotir bilan uning oldiga shoshildi. Xayolida ming oʻy bilan oqsoqolning oldiga kelganda, salomni ham unutib: “Tinchlikmi?” deya soʻradi.

    — Hovliqmang, singlim. Tinchlik. Ertalabdan buyon hokimlikdagilar sizni soʻrashyapti. Sizda telefon ham yoʻq ekan. Shunga menga aytishgandi, bir gaplashtiring, deb. Hozir qoʻngʻiroq qilib beraman, nega soʻrashayotganini oʻzlaridan bilib olasiz.

    — Yaxshi, gaplashtiring-chi.

    Oqsoqol qoʻngʻiroq qilgach, u tarafdan tezda javob boʻldi. Telefonni opaga uzatdi. Biroz gaplashildi.

    — Nima gap ekan? Oqsoqol qiziqib soʻradi.

    — Koson tumani hokimligidan. Ertaga ertalab bolalaringizni olib, hokimlikka keling, deyishdi. Faqatgina sizga amaliy yordam beriladi, degan gapdan boshqasini gapirishmadi.

    Ertasiga aytilgan paytda ikki oʻgʻlini yetaklagancha Koson tumani hokimligi binosiga kirib borarkan, uni yaxshi kayfiyatda kutib olishdi. Biroz vaqtdan soʻng mashinaga mindirib, ularga sovgʻa borligini, hozir qabul qilish uchun borishini aytib, opa uchun nomaʼlum manzil tomon yoʻlga tushishdi. Tuman markazidan unchalik olis boʻlmagan, oʻn-oʻn besh daqiqali yoʻl yurib, ularni olib ketayotgan mashina “Yoshlar koʻchasi” deb yozib qoʻyilgan koʻcha tomonga burildi. Shinam, ozoda koʻchada qator qilib ajoyib uylar qurilgandi. Biroz yurib, oʻng tarafdagi uchinchi uyning darvozasi oldiga kelib toʻxtashdi. Mashinadan tushib, atrofni koʻzdan kechirarkan, bu yerga kelgan faqatgina ular emasligini koʻrdi. Birin-ketin kelayotgan mashinalar har bir darvoza oldiga kelib toʻxtardi.

    Sovgʻa qandayligini koʻp ham sir saqlashni xohlamagan tuman hokimligi vakillari tantanali ravishda tabriklab, qoʻliga xonadon kalitini topshirishdi. Hech gapdan xabari yoʻq opa nima qilishni bilmasdan jim turardi. Holatga oydinlik kiritish uchun vakillardan biri tushuntirdi.

    — Nargiza opa, bugundan boshlab shu hovli sizniki. Sizlarga sovgʻa sifatida berilmoqda.

    Kattagina darvozaga termulgancha, chiroyli uyning tashqi tomoniga havas bilan qarab, kechirasiz, bunday hashamatli uyning pulini bir umr ishlab ham toʻlay olmayman, deya hadiksiradi.

    — Yoʻq, opajon, umuman bepul. Bir soʻm toʻlamaysiz. Mana, qoʻlingizdagi hujjatlar bu xonadon nomingizga rasmiylashtirilganini bildiradi.

    Qoʻlidagi qogʻozlarga tikilarkan, negadir hech bir yozuvni oʻqiy olmasdi. Koʻzlari yoshlanib, xiralashgandi. Nahotki, faqatgina tushlarida koʻrgan uyga bugun yetishgan boʻlsa. Biroz oʻziga kelib, shukrona keltirishdan nariga oʻtmasdi. Bir narsa yodiga tushgandek, shoshgancha hokimlik vakillariga yuzlanib, bu uyni kim sovgʻa qilayotganini soʻradi.

    — Opajon, rostini aytsak, kimligini biz ham bilmaymiz. Bir saxovatpesha inson tomonidan sizlarga hadya qilindi.

    Koʻngillarni obod etgan koʻcha

    Koson tumani “Quyi obron” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Yoshlar koʻchasini bugun bemalol koʻngillarni obod etgan koʻcha, deya aytish mumkin. Buning oʻziga xos sababi bor. Boisi, bir paytlar bu koʻchadagi xonadonlar oʻrnida sobiq xoʻjalikdan qolgan eski korxona boʻlib, qarovsiz holda edi. Boʻsh turgan yerni tadbirkor sotib olib, har bir qatoriga yettidan, jami oʻn toʻrtta hovli qurdi. Qurganda ham hech bir kamchiliksiz, har bir xonalari shinam, zamon talablariga mos qurdi. Bundan tashqari, tashqi darvozaxonasi ham keng. Har qanday kishining havasini keltiradi. Koʻpchilik endilikda bu xonadonlarni yaxshigina mablagʻga pullab, daromad topadi, deb oʻylagandi. Ammo unday boʻlmadi.

    Eng quvonarlisi, tadbirkor uylar qurilishini yakunlangach, hech bir kishidan soʻrab oʻtirmay, yangi xonadon egalarini oʻzi qidirishga tushdi. Mahallalar oralab odamlar bilan suhbatlashdi. Uysiz, ancha vaqtdan buyon nochor yashayotgan, imkoniyati cheklangan, umuman sharoiti ogʻir ahvolda turmush kechirayotganlarni aniqlab, roʻyxatga oldi. Biror kishiga sezdirmay, tuman hokimligi orqali hujjatlarini olib, yangi hovlilarni ularning nomiga rasmiylashtirdi. Barcha ishlar yakunlangach, ijtimoiy taʼminotga muhtoj 12 ta oilaga bittadan uy sovgʻa qildi.

    — Oʻtgan yili aprel oyida bizga shu uyni berishgandi, — deydi yangi xonadonga koʻchib kelib, ikki oʻgʻli bilan yashayotgan Nargiza Qahhorova. — Hali-hanuz koʻzlarimga ishonmayman. Shunchalik shinam, kattagina uyni bizga berishgani qanchalik xursand qilganini tasvirlab berishim mushkul. Nafaqat uy, balki toʻliq jihozlari bilan hadya qilishdi. Bundan tashqari, birinchi kelgan kunlarimiz kamida bir oyga yetadigan oziq-ovqatlar bor edi. Ilk bor uy ichiga kirsam, stol ustida toʻrtta issiq non turgandi. Muzlatkichni ochib qarasam, yeguliklarga toʻla. Qarang, bir milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflangan xonadonni sovgʻa qilish bilan birga, ichidagi barcha sharoitlarni yaratib bergani goʻyoki ertak olamiga tushib qolgandek his qildirdi kishini. Hayotda shunday saxiy insonlar ham bor ekan. U kishini biror marta koʻrmadik. Lekin tunu kun duodamiz. Agar siz koʻrsangiz yaxshi tilaklarimizni yetkazib qoʻying. Ilohim farzandlarining kamolini koʻrib, uzoq umr koʻrsin. Bu qilgan yaxshiliklari uchun bir umr kunlarimiz shodlikda oʻtadigan boʻldi.

    Boshqa uylarda istiqomat qilayotganlarning qismati ham shu paytgacha ayanchli oʻtgan. Lekin bugun birgina himmatli insonning yordami bilan koʻngillariga yorugʻlik kirib keldi. Umri davomida mamnunlikni unutib qoʻygan yuzlarida tabassum paydo boʻldi. Yashash, yaxshi yashash zavqidan bahramand boʻla boshlashdi.

    Biz ham xonadonlarga kirib, uy qurilishiga eʼtibor qaratarkanmiz, tahsin aytmay ilojimiz qolmadi. Biror nuqsonga koʻzingiz tushmaydi. Sifatga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Bunday saxiyliklarni faqatgina eshitib kelganimiz bois, oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, kemtik koʻngillarning butun boʻlgan quvonchiga sherik boʻldik.

    — Hozir Yoshlar koʻchasidagi oʻn ikkita uy oʻz egalariga topshirilgan, — deydi “Quyi obron” MFY xotin-qizlar faoli Klara Roʻziyeva. — Yana ikkita boʻsh uy turibdi. Bu ham yaqinda topshiriladi. Yaʼni ikki nafar chin yetim yigit roʻyxatga olingan. Shularni yangi hovlida uylantirib, toʻyini shu yerda oʻtkazib berish rejalashtirilmoqda. Bilasizmi, aslida kim tomonidan bu xonadonlar qurilganini biz ham bilmaymiz. Faqatgina tadbirkor ekanini eshitganmiz. Biror marta oʻzini tanishtirishni, shunday ish qildim, deya maqtanishni istamagan ekan. Oʻng qoʻling qilgan savobni chap qoʻling sezmasin, degan hikmatga amal qilganining oʻzi bir ibrat. Kim boʻlsa ham baraka topsin. Qancha odamlarni uy-joyli qildi. Har biriga bir milliard soʻmdan — jami oʻn toʻrt milliard soʻm sarflab, yetti yot begonalarga hadya qilish uchun kishining qalbi daryo boʻlish kerak. Shunday insonlar koʻpayaversin. Bugun biz ham bir chetda qarab turmaslikka harakat qilyapmiz. Bu yerda yashovchilarning bandligini taʼminlashga erishdik. Asosan kasanachilik orqali daromad topishmoqda. Hozir bemalol roʻzgʻorini eplashib, hayotdan rozi boʻlib yashashmoqda.

    Saxovatpesha kishining bu xayrli ishlari koʻpchilikka oʻrnak boʻlishi aniq. Sababi, sir emas, koʻp bora guvoh boʻldikki, bor-yoʻgʻi ikki yoki uch kilogramm yegulik berganini rasmga olib, koʻz-qilganlar, ayniqsa, karantin damlarida takror-takror koʻzga tashlandi. Aslida xayrli amalni bajarishni maqtanib, savob ham, obroʻ ham topib boʻlmasligi barchaga ayon.

    Ushbu maqolani tayyorlar ekanman, bolaligimda bobomdan koʻp bora eshitgan hikmatli rivoyat yodimga keldi. Emishki, har kun oʻz vazifasini bajarib, yotogʻiga qaytgan quyosh holdan toyib, tushkunlikka tusharkan. Shu damda yaratganga arz qilib, kun davomida yorugʻ olamdagi koʻpgina yomonliklarning guvohi boʻlib, bir ahvolga tushayotganini aytarkan. Imkoni boʻlsa, erta tongda vazifasini bajarishga kirishmasligini oʻtinib soʻrarkan. Shunda farishtalar orqali xabar berilarkanki, erta tongda turib yorugʻ olamga koʻz tashlashini, agar bitta boʻlsa ham yaxshi odam qolgan boʻlsa, nur taratishda davom etishi amr etilarkan. Shu–shu har azonda quyosh bu holatni takrorlab, yaxshilar borligi uchun, hattoki ulardan quvvat olib harakatdan toʻxtamas ekan. Demakki, saxiy insonlarning xayrli ishlari nafaqat saxovat qilgan kishilari, balki butun yorugʻ olamga tatiydi. Oramizda bunday odamlar safi ortib boraversin.

    Akbar RAHMONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri