Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi, Oʻzgidromet va Ekoharakat hamkorligidagi tadbirda tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Davra suhbatida taʼkidlanganidek, ozonni yemiruvchi xlorftoruglerodli birikmalar haddan tashqari koʻp ishlatilishi natijasida oʻtgan asrning 80-yillari oxiriga kelib atmosferada ozon darchalari hosil boʻldi.
Bu global ekologik muammoga qarshi kurashish maqsadida 1985-yilda Ozon qatlamini himoya qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi qabul qilindi. Mazkur konvensiya doirasida ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazishda xalqaro hamkorlik, ozon qatlamini tizimli monitoring qilish, ozonni yemiruvchi moddalar – xlorftoruglerodli birikmalarning ishlab chiqarilishi monitoringi va axborot almashinuvi koʻzlangan.
Oʻzbekiston 1993-yilda buyon Ozon qatlamini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi va Ozon qatlamini buzuvchi moddalar boʻyicha Monreal protokolini ratifikatsiya qilgan va oʻtgan yillarda bu yoʻnalishda tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, 2005-2019-yillarda ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanish miqdorini 884 tonnadan 33 tonnagacha kamaytirildi. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni toʻxtatish boʻyicha Global ekologik jamgʻarma va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof muhit va Taraqqiyot dasturlari bilan keng hamkorlik ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu tashkilotlar koʻmagida hamda mahalliy tashkilotlar mablagʻlari hisobidan 2000-2018-yillar davomida respublikada 9,9 mln AQSH dollariga teng 6 ta yirik loyiha amalga oshirildi.
Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni toʻxtatish boʻyicha milliy dastur qabul qilingan. Dasturga muvofiq, 2019-2024-yillarga moʻljallangan samarali texnologiyalarni joriy etish orqali ozon qatlamini buzuvchi moddalarni butunlay isteʼmoldan chiqarish boʻyicha 8,6 mln AQSH dollariga teng loyiha amalga oshirilmoqda.
Mazkur Milliy dasturni amalga oshirish natijasida ozonni buzuvchi moddalarni qayta ishlash boʻyicha 6 ta yangi markaz tashkil qilinadi, mavjud 6 ta markazlar qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlanadi. Sovutgich uskunalari ishlab chiqaradigan 100 ta korxona uchun zarur ehtiyot qismlar sotib olinadi. Shuningdek, bu yoʻnalishda mutaxassislarni tayyorlash uchun 3 ta markaz tashkil etiladi.