Bu pullarning aksariyat qismi aynan korruptsiya bilan bog'liq. Umuman, ushbu illat bevosita mamlakat boyligi kamayishi va aholi turmush farovonligi pasayishiga olib keladi. Garchi kundalik hayotimizda har doim duch kelmasak-da, u hammamizga ta'sir ko'rsatadi. Xususan, korruptsiya tadbirkorlik rivojiga xalal beradi, chunki biznes poraxo'rlikka asoslangan tizimda rivojlana olmaydi. Bu esa mamlakatning umumiy farovonligi pasayishiga olib keladi. Korruptsiya ta'sirida davlat mehnatkashlarga to'lashi lozim bo'lgan mablag'lar miqdori kamayadi. Ijtimoiy xizmatlar ko'rsatishga ajratilayotgan pullar maktablar, shifoxonalar, yo'llar, oqova suv tarmoqlari va boshqa ehtiyojlarga tegishlicha sarflanmaydi va xizmatlar sifati pasayadi.
Mutaxassislar fikricha, korruptsiyaga qarshi qat'iy kurashilganda davlat daromadlari istiqbolda to'rt barobar ortadi. Korruptsiya darajasi pasaytirilganda biznes uch foiz tezroq rivojlanadi, aholi turmush farovonligi oshadi.
Aynan shu bois korruptsiyaga qarshi ayovsiz kurash yangi O'zbekistonni barpo etish jarayonining dastlabki kunlaridanoq davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi sifatida belgilandi. SHunisi e'tiborliki, korruptsiyaga qarshi kurash mamlakat boshqaruvi tizimining takomillashuvi bilan chambarchas bog'liq. SHu jihatdan so'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish jarayonlari korruptsiya darajasining sezilarli pasayishiga olib kelmoqda. Parlament faoliyatini kuchaytirish borasidagi o'zgarishlar ham shular jumlasidan. Aslida bu yo'nalishda qo'yilgan qadamlar juda muhim. CHunki aynan parlament tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat-tahlil va qonunchilik faoliyati bu kabi illatlar ildiziga bolta urishga bevosita xizmat qiladi.
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurash qo'mitasi tomonidan tegishli davlat organlari mansabdor shaxslarining joylarda korruptsiya ko'rinishlari namoyon bo'lishiga olib keladigan tizimli muammolar va korruptsiyaning holati to'g'risidagi axborotlarini eshitishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilning o'tgan davrida Xorazm va Samarqand viloyatlarida xalq deputatlari viloyat kengashlari bilan birga eshituv o'tkazilgan bo'lsa, kuni kecha bunday tadbir Sirdaryo viloyatida ham bo'lib o'tdi.
Shunisi e'tiborliki, viloyatda hududiy idoralar tomonidan Prezidentimiz farmonlari bilan tasdiqlangan korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha 2017-2018 va 2019-2020 yillarga mo'ljallangan davlat dasturlariga muvofiq rejalar ishlab chiqilgan hamda ularning ijrosini ta'minlash choralari ko'rilgan. Bu borada viloyatda qonun ustuvorligini ta'minlash hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida qator ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, 2019 yil va joriy yilning 9 oyida hududdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korruptsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan jami 82 ta jinoyat ishi qo'zg'atilgan, shundan 80 nafar shaxsga nisbatan 71 ta jinoyat ishi sudlarga yuborilgan. Ushbu jinoyatlar tahlili korruptsiya aynan qaysi sohalarda ko'proq ildiz otganini yaqqol ko'rsatib turibdi.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning bittasi mansab soxtakorligi, 2 nafari firibgarlik va mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, 7 nafari pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish, 58 nafari mol-mulkni o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-taroj qilish jinoyatlarini sodir etgan.
Javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning mavqei tahlil qilinganida ularning 12 nafari viloyat va 68 nafari tuman-shahar miqyosidagi tarmoqlarda faoliyat yuritishi ma'lum bo'lgan. Ko'rinib turibdiki, korruptsiya aynan mahalliy darajada keng tarqalgan.
2019 yil va joriy yilning 9 oyida korruptsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga etkazilgan zararlarning undirilishi ta'minlangan.
Hududiy davlat organlari va tashkilotlariga fuqarolarni ishga qabul qilishni hal qilib berish evaziga pora olish va firibgarlik holatlari — bu biz tahlil qilayotgan muammoning yana bir keng tarqalgan ko'rinishi. Sirdaryo viloyatida hisobot davrida 16 nafar shaxs aynan shu yo'nalishda jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari, oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kiritib qo'yish evaziga pora olish va firibgarlik holatlari yuzasidan hisobot davrida 9 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muammoni hal qilishning eng ta'sirchan usuli ekanini amaliyot tasdiqlab turibdi. SHu maqsadda Sirdaryo viloyatida hududiy davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan mingdan ortiq uchrashuv, seminar va davra suhbati o'tkazilib, televidenie orqali 120 ga yaqin chiqish qilingan. Ularda ushbu illatning jamiyat rivojiga qanchalik salbiy ta'sir ko'rsatishi, bilvosita va bevosita oqibatlari haqida auditoriya tushunadigan tilda, ta'sirchan vositalar orqali ma'lumotlar etkazilgan.
Shu bilan birga, eshituv chog'ida hududiy idoralar faoliyatida ayrim kamchiliklar ham mavjud ekani aniqlandi.
Jumladan, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining hududiy bo'linmasi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazining Sirdaryo viloyati hududiy bo'linmasi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar o'rtasida korruptsiyaga qarshi kurashish borasida o'zaro hamkorlikni etarli darajada o'rnatish va korruptsiyaning oldini olish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ijtimoiy sheriklik mexanizmlaridan keng foydalanilmagan.
Normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini bevosita ijrochilar tomonidan keng jamoatchilikka etkazishda vakillik organlari bilan to'liq hamkorlik o'rnatilmagan. SHuningdek, viloyatda ijtimoiy so'rovlar va tadqiqotlar o'tkazish orqali korruptsiya xavflarini aniqlash va ularni bartaraf etish uchun zarur choralar etarli darajada ko'rilmagan.
Sirdaryoda o'tkazilgan qo'shma majlisda hududiy idoralar har bir soha va yo'nalish bo'yicha o'z faoliyatini tanqidiy tahlil qilgan holda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan korruptsiyaviy xatarlarning oldini olish va ish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, tasdiqlashi lozimligi ta'kidlandi. SHuningdek, korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan tizimli monitoring yuritishni yo'lga qo'yish kerakligi uqtirildi va bu borada zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Xususan, xalq deputatlari mahalliy kengashlari va hududlardan saylangan senatorlarning yaqin hamkorligini yanada mustahkamlash lozim.
Darhaqiqat, korruptsiyaning oldini olish va ildizi bilan yo'q qilishning asosiy omili davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, ular ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirishdir. Bu yo'nalishda senatorlar va deputatlar faoliyatining kuchaytirilishi, tegishli idoralar bilan hamkorlik samaradorligining oshirilishi nafaqat illatni jilovlash, balki mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o'rnini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.
Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo'mitasi raisi