Soʻnggi yillarda yurtimizda taʼlim tizimini rivojlantirish, oʻqitishni jahon andozalariga moslash va yetuk malakaga ega kadrlar yetishtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.
2022–2026-yillarda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturda maktab oʻquvchilarining bilimi va koʻnikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oʻqituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish, darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish, xalq taʼlimi muassasalarining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy modellarini barpo etish maqsadi belgilangan. Chirchiq davlat pedagogika universitetida “Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri: uzluksiz taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi” asosida fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalashning usul va yoʻllari, oʻquv muassasalari hamkorligini yoʻlga qoʻyish asoslari, taʼlim tizimi hamda sifatini boshqarishda klaster modelining oʻrni va ahamiyati konseptual pedagogik muammo sifatida oʻrganilmoqda.
Milliy oʻquv dasturi asosida taʼlimni amalga oshirish jarayonida Chirchiq davlat pedagogika universitetida boshlangʻich sinf oʻquvchilari qobiliyatini aniqlash, oʻquvchilarning taʼlim koʻnikmalarini shakllantirish diagnostikasi yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu taʼlim oluvchiga taʼlim yoʻnalishini toʻgʻri tanlash va kelajagini shu asosda qurish imkonini yaratsa, taʼlim beruvchi uchun esa aniqlangan qiyinchiliklarni bartaraf etish, oʻquvchilarning ham fan sohasidagi, ham shaxsiy darajadagi muammolarini aniqlashga yordam beradi. Taʼlim dasturini amalga oshirish natijalarini monitoring qilishda ham pedagogik diagnostika muhim rol oʻynaydi.
Taniqli psixolog hamda pedagoglarning usul va tavsiyalariga asoslanib, universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan maxsus diagnostik topshiriqlar majmui ishlab chiqilgan boʻlib, ular asosida Chirchiq shahridagi 13-17-umumtaʼlim maktablaridan 517 nafar 1-4-sinf oʻquvchisining bilim va qobiliyatlari tekshirildi. Tekshirishda olingan dastlabki natijalar ularning iqtidor darajasi ancha past ekanini koʻrsatdi. Jumladan, fikrni mazmunli aks ettirish 7,4 foiz, muammolarni umumiy tarzda hal qilish qobiliyati 30,5 foiz, yaxlit rejalashtirish 10,2 foiz oʻquvchilarga qiyinchilik tugʻdiradi. Oʻqish jarayonida ijobiy dinamika qayd etilgan, ammo oʻquvchilarning kreativlik darajasi, qidiruv xarakteridagi muammolarni hal qilish qobiliyati yetarli darajadan past boʻlib qolmoqda ekan. Shuningdek, 3-4-sinf oʻquvchilarining 11,7 foizi mazmunli mulohaza yuritishni, 46,1 foizi fanlardagi muammolarni yechish qobiliyatini, 28,1 foizi rejalashtirishni namoyish etdi.
Ayni paytda universitet boshlangʻich taʼlim fakultetining ilmiy faoliyati mazkur statistik natijalarni tahlil qilish, muammolarni aniqlash, oʻquvchilar bilimiga taʼsir qiluvchi omillarni belgilash va bartaraf etish, boshlangʻich taʼlimda savodxonlikni yaxshilash yuzasidan tadqiqotlar olib borishga yoʻnaltirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi “Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida boshlangʻich taʼlimning sifat va samaradorligini oshirish, bunda oʻquvchilarning savodxonlik darajasini yanada kuchaytirish, oliy pedagogik taʼlim jarayonida boʻlajak boshlangʻich sinf oʻqituvchilarini ilmiy, nazariy, metodologik va amaliy jihatdan kutilgan darajada tayyorlash masalasi belgilangan. Jumladan, 3-4-sinf oʻquvchilari uchun oʻqish va matematik savodxonlik boʻyicha sinflar tashkil etish, boshlangʻich taʼlimning sifat va samaradorligini baholashda xalqaro dasturlar — PISA, PIRLS, TIMSS, STEAM standartlaridan foydalanish vazifalari qoʻyilgan. Bu yangi pedagogik taʼlim yoʻnalishi boʻlib, unga koʻra, 3-4-sinf oʻquvchilari uchun oʻqish va matematika fanlari boʻyicha yangi mashgʻulotlar, darslar tashkil etish va ularga mutaxassislarni, oliy taʼlim oʻqituvchilarini jalb etish belgilangan. Bu yoʻnalishda boshlangʻich taʼlim fakulteti Chirchiq shahridagi 13- va 17-umumiy oʻrta taʼlim maktablari bilan ilmiy va amaliy hamkorlik qiladi. Shu orqali boshlangʻich taʼlim muammolarini oʻz vaqtida aniqlash va ilmiy jihatdan hal etish boʻyicha maktab pedagoglari bilan muntazam fikr, tajriba almashish tizimi shakllantirilgan.
Universitetda boshlangʻich taʼlimdagi muammolarni aniqlash, taʼlim mazmunini yaxshilash maqsadida boshlangʻich taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar uchun “Pedagogik diagnostika” kursi tashkil etildi. Kurs kasbiy fanlar doirasida talabalarning diagnostik kompetensiyasini shakllantirishni taʼminlashga moʻljallangan. Zero, hozir oʻqituvchilar tomonidan eng koʻp oʻrganiladigan tushunchalar “monitoring” va “diagnostika” boʻlib, diagnostika koʻproq maktab psixologi faoliyati bilan bogʻlanmoqda. Hozirgi global dunyoda elektron (gohida qogʻoz) resurslar orqali, asosan, maktabgacha va oʻsmirlik yoshidagi his-tuygʻular, xususiyatlar, aqliy jarayonlar va shaxsning holatini oʻrganish uchun koʻplab usullar mavjud, ammo boshlangʻich sinf oʻquvchilarini oʻrganishda diagnostika usullari yetarli emasligi ayon boʻlib qolmoqda.
Diagnostikaga nafaqat psixologik yoki taʼlimiy masala sifatida yondashish, balki talabalarning qobiliyatlari hamda qiziqishini aniqlash sifatida ham qarash darkor. Shu maqsadda universitet boʻyicha pedagogik diagnostika ishlari amalga oshirildi, yaʼni 4840 nafar talaba orasida pedagogik va psixologik munosabatlar hamda kasbga yoʻnaltirish yuzasidan soʻrovnoma oʻtkazildi. Natijalarga koʻra, talabalarning koʻpchilik qismi diqqatni jamlashga eʼtibor qaratmasligi aniqlandi. Bu natijaning shakllanish sababini atrof-muhit bilan bogʻlasak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki bugungi yoshlarimiz hayotida faol ishtirok etayotgan Internet tarmogʻi, ijtimoiy sahifalar, telefon va boshqa elektron qurilmalar diqqatni jamlash koʻnikmasiga juda katta salbiy zarar yetkazmoqda. Talabalar orasida mantiqiy fikrlash hamda fikrini erkin bayon etish koʻnikmasi boʻyicha ham koʻrsatkichlar yaxshi emas. Eng asosiysi, ularning kasbga yoʻnaltirilganlik koʻrsatkichlari biz uchun muhim maʼlumotlarni taqdim qildi. Unga koʻra, 62 foiz talabalar pedagogik faoliyatga, 10 foizi ilmiy faoliyatga, 10 foizi ijodkorlikka, 6 foizi boshqa sohalar, 7 foizi tadbirkorlik va 4 foizi ishlab chiqarish faoliyatiga qiziqish bildirgan.
Talabalarning amaliyot bilan uzviy aloqasini taʼminlash, universitetda olgan bilimlarini taʼlim muassasalarida amalda qoʻllash tizimini yaratish maqsadida dual taʼlim shakliga asoslangan “4+2” amaliyot dasturi qoʻllanmoqda. Unga koʻra, talabalar oʻqishning ilk yilidanoq oʻz qiziqishlariga qarab taʼlimning turli sohalarida malakaviy amaliyot dasturini oʻtaydi. Yaʼni universitetning 1-kurs talabasi 4 kun universitet professor-oʻqituvchilaridan nazariy bilim oladi, 2 kun umumtaʼlim muassasasiga borib, nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllaydi. Ushbu dastur boʻlajak pedagoglarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish bilan birga oliy taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini oʻzaro muvofiqlashtirish, nazariyani amaliyot bilan bogʻlash hamda universitet va umumtaʼlim maktablari pedagog kadrlari oʻrtasida mustahkam hamkorlik oʻrnatish imkonini bermoqda.
Universitetda 2023-2024 oʻquv yilidan boshlab xalqaro darajadagi pedagog tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, shu kungacha 15 talaba Kembrij xalqaro taʼlim dasturlari asosida dars beriladigan fanlarni oʻqitish boʻyicha kursni muvaffaqiyatli tamomladi hamda xalqaro darajadagi pedagog sertifikatiga ega boʻldi.
Shuningdek, diagnostika natijasida olingan maʼlumotlar asosida universitetda Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri markazi tashkil etilgan. 22 ta maktabdagi “Maktab-laboratoriya” va 3 ta bogʻchadagi “Bogʻcha-laboratoriya”larda 16 loyiha amalga oshirilmoqda. Ayni damda universitetning 30 dan ortiq ilmiy tadqiqotchisi ushbu loyihalarda faoliyat olib bormoqda.
Maktabgacha taʼlim tizimiga ilgʻor pedagogik texnologiyalar va innovatsiyalar hamda axborot texnologiyalarni joriy etish, malakali pedagogik kadrlar tayyorlash maqsadida “Maktabgacha taʼlim laboratoriyasi” yoʻlga qoʻyilgan. Laboratoriyada innovatsion tajriba maydonchasi sifatida universitetning professor-oʻqituvchilari, talabalar muammolar yechimiga qaratilgan ilmiy loyihalar ustida ishlamoqda.
Talabalarni pedagogik kasbiy faoliyatga tayyorlash jarayonini tezlashtirish, ijodkorlik koʻnikmalarini tarbiyalash, shuningdek, klaster yondashuviga asoslangan oʻquv-amaliyot jarayonida oʻqituvchi — talaba — oʻquvchi oʻrtasida “teskari aloqa”ni oʻrnatish, “oʻzaro taʼsir kuchi”ni paydo qilish maqsadida Tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat koʻrsatayotir. Markaz moddiy-texnik bazasi asosida zargarlik oʻquv-amaliy laboratoriyasi, haykaltaroshlik oʻquv xonasi, maket loyihasi oʻquv va amaliyot xonasi, ijodiy tadqiqot laboratoriyasi, yogʻoch oʻymakorligi oʻquv amaliyot xonasi, miniatyura xonasi, kompozitsiya, dizayn, amaliy sanʼat oʻquv-amaliyot xonalari ishlab turibdi. Shuningdek, Tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va qoʻshimcha kasb-hunarga oʻqitish markazi tashkil etilgan. Markazda payvandlash, tokarlik, tikuvchilik, duradgorlik kasblarini oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan. “Kompetent servis” oʻquv-psixologik markazi esa talabalarni kasbiy amaliyotga erta moslashtirish, kasbiy kompetentlik mobilligini taʼminlash hamda Toshkent viloyati (Chirchiq shahri) aholisiga psixologiya, pedagogika va inklyuziv taʼlim yoʻnalishlarida amaliy (ijtimoiy) yordam koʻrsatishga xizmat qilmoqda. Markaz faoliyati doirasida logopediya, inklyuziv taʼlim, defektologiya hamda aqliy rivojlanishda nuqsoni bor bolalar bilan ishlanyapti.
Informatika kafedrasi huzurida tashkil etilgan IT markazda rezidentlar video-fotomontaj, poligrafiya, media, SMM sohalarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, bu yerda matematika hamda C++ dasturlash tili boʻyicha oʻquv kurslari ochilgan.
Tabiiy fanlar fakulteti oʻquv bazasida issiqxona xoʻjaligi va tadbirkorlik oʻquv kursi yoʻlga qoʻyilishi ortidan talabalar mahsulot yetishtirish, yetishtiriladigan mahsulot nomenklaturalari toʻgʻrisida nazariy va amaliy yondashuv uygʻunligi taʼminlangan holda zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlyapti.
Ayni paytda rivojlangan mamlakatlar pedagogik taʼlim tizimi kadrlarning koʻp profillilik hamda zamonga moslashuvchanlik qobiliyatlariga katta eʼtibor bermoqda. Shunga koʻra, zamonaviy kelajak oʻqituvchisini tayyorlash maqsadida Chirchiq davlat pedagogika universitetida qoʻsh mutaxassislik tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bunda talabalarning qiziqishi va istaklarini inobatga olgan holda oʻquv yili davomida ikki yoʻnalish dasturi oʻqitiladi va tahsil olgan yoʻnalishlari boʻyicha qoʻsh diplomga ega boʻladi. Bugun universitetda maktabgacha taʼlim va boshlangʻich taʼlim yoʻnalishlarida qoʻsh mutaxassislik dasturlari ishlab chiqilgan. Bu tizim kelajakda bitiruvchilarimizning koʻp profilli hamda raqobatbardosh kadr boʻlib yetishishiga zamin yaratadi.
Taʼlim tizimini rivojlantirishda uning barcha boʻgʻinlarini uzviy bogʻlash hamda tizimdagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish muhim. Pedagogik diagnostikaning asosiy vazifasi ham shunday, yaʼni taʼlim oluvchilarning maʼlum bir rivojlanish bosqichidagi taʼlim va tarbiya darajalari toʻgʻrisidagi diagnostik maʼlumotlarni tahlil qilish orqali keyingi jarayonni loyihalash uchun asosiy maʼlumot boʻlib xizmat qiladi.
Ikrom TOJIBOYEV,
fizika-matematika fanlari doktori, professor