Xususan, 2020-yil 6-noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi hamda joriy yilning 28-yanvar va 5-aprel kunlari Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlarga asosan Qashqadaryo viloyat hokimligi Toshkent shahridagi Xalqaro Nordik universiteti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Natijada bugungi kunda amaliy ishlar koʻzga tashlana boshladi.
Jumladan, taʼlim tizimi keng rivojlangan Finlyandiya tajribasini amalda oʻrganish hamda oʻqituvchilar malakasini oshirish, zamon tajribalaridan keng foydalanish maqsadida yetakchi mutaxassis jalb etildi.
Joriy yilning sentyabr oyidan Finlyandiyaning Savoniya universiteti professori Petri Lunarskopri Qashqadaryo viloyati hokimining taʼlim masalalari boʻyicha maslahatchisi sifatida ish boshladi. Ayni paytda u bir qator loyahalar ustida ish olib bormoqda. Petri Lunaskopri pedagogika fanlari doktori va pedagogika yoʻnalishida xalqaro darajadagi mutaxassis hisoblanadi. U 20 dan ortiq davlatlarda K12 oliy taʼlim boʻlimining oʻqitish xizmatlarida trener sifatida tajribaga ega boʻlib, Finlyandiyadan tashqari Niderlandiya, Angliya, Portugaliya va Vengriya davlatlarida ishlagan. Finlyandiya taʼlimining rivojlanishiga turtki boʻlgan konsepsiya muallifi ham hisoblanadi.
Hozirda xorijlik professor viloyatda taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan uch yillik dasturni ishlab chiqmoqda. Tuman va shaharlar xalq taʼlimi boʻlimlaridagi ikki nafardan metodistlarni Finlyandiyada malakasini oshirishga bosh-qosh boʻlmoqda. Shuningdek, viloyat pedagoglarini yangi metodikalarga oʻrgatish Milliy markazini takomillashtirish ustida ish olib boryapti.
— Oʻtgan ikki oydan ortiq vaqt mobaynida Qashqadaryodagi ellikdan ortiq maktablar faoliyati bilan yaqindan tanishib, taʼlim jarayonlarini oʻrganib chiqdim, — deydi Petri Lunaskopri. — Natijada bir qator xulosalarga keldim. Yaʼni Oʻzbekistonda bu sohada ishlar qay darajada olib borilmoqda degan savolga javob qidirdim. Muvafaqqiyatlari va kamchiliklarini aniqladim. Xulosalarim haqida oʻrtoqlashadigan boʻlsam, mamlakatingizda bu borada keng koʻlamli harakatlar olib borilmoqda. Bolalarning barkamol avlod qilib voyaga yetishlari yoʻlida qilinayotgan oʻzgarishlar havasimni oshirdi. Yurtingiz rahbari bu borada bir qator qaror va farmonlarni qabul qilishi, maktablarda sharoitlar yaratilishi, oʻqituvchilarni ragʻbatlantirishi borasida berilayotgan imtiyozlar taʼlim sohasida yaxshi samara berishiga ishonaman.
Taʼlim maskanlarida boʻlar ekanman, oʻquvchilar juda odobli, madaniyatli hamda bilimga chanqoq ekanligiga guvohi boʻldim. Ularning chaqnab turgan koʻzlaridan yangilikka intilishi yuqori ekanligini sezish qiyin emas. Bunday sharoit oʻqituvchilarning bilim berishi uchun ham juda qulay.
Eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar haqida gapiradigan boʻlsam, bu sohani rivojlantirish maqsadida bir qator izlanishlar roʻy berayotgan boʻlsada, ammo taʼlim berishda haligacha eskicha tartib saqlanib qolgan. Bu esa tizimda yangi bosqichga oʻtish vaqti kelganini anglatadi. Shuningdek, yana bir muammoli tarafi, oʻqituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham eskicha yondashuvlar mavjud. Bu oʻquvchilarga bilim berish metodikasida ham bor. Yana bir tomoni, bilim berishda oʻquvchilar faqatgina test jarayonlarida yaxshi natija olishiga qaratilgani. Bu jarayon esa yoshlarda faqatgina test uchun oʻqish kerak, degan tasavvurni shakllantiradi. 21 asr — axborot texnologiyalari davrida bu qotib qolgan tushunchalarni oʻzgartirish lozim.
16 ta maktab tanlab olindi
— Davlatimiz rahbarining tegishli topshiriqlariga asosan yurtimizda xalq taʼlimini rivojlantirish yangi bosqichga olib chiqilmoqda, — deydi Qashqadaryo viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Maqsud Panjiyev. — Joriy yil sentyabr oyi boshida ish boshlagan xorijlik mutaxassis oʻz tajribalari bilan yaqindan oʻrtoqlashmoqda. Maktab oʻqituvchilari uchun semenar-treninglar oʻtkazmoqda. Oʻzining bor malakasini ishga solib, tizimga yangiliklar olib kirish ustida ish olib boryapti. Hozircha viloyatimizda 16 ta umumtaʼlim maktabi tanlab olinib, sinov tariqasida Finlyandiya tajribasi joriy etilmoqda. Buning uchun Petri Lunaskopri joylarda iqtidorli oʻqituvchilarni hamkorlikka taklif qilgan.
Bugungi kunda Finlyandiya taʼlimi dunyodagi eng yetakchi oʻrinlardan joy egallab kelmoqda. Jumladan, keyingi paytda davlatimiz rahbari tomonidan xalq taʼlimi tizimi borasida oʻtkazilgan yigʻilishlarda aynan Finlyandiya davlati misol qilib koʻrsatildi. Ushbu mamlakat hozirda taʼlim sifatini baholash boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro tadqiqotlarda oʻz muvaffaqiyatlari bilan ajralib turadi. Finlyandiyada oʻquvchilar taʼlim sifatini baholash boʻyicha tadqiqotidagi barcha yoʻnalishlarda savodxonlik koʻrsatkichlari boʻyicha eng yaxshi natijalarga erishib kelayotgani sir emas. Demak, yuqorida aytilganidek sinov tariqasida 16 ta maktabda boshlanayotgan jarayonlar tez orada butun viloyatga keng tatbiq etiladi.
Bir guruh mutaxassislar ish boshlaydi
Petri Lunaskoprining maʼlum qilishicha, ayni kunlarda bir qator muhim oʻquv dasturlari ishlab chiqilmoqda. Bu asosida kelgusida ish olib boriladi. Buning uchun unga barcha imkoniyatlar yaratib berilgan.
— Albatta, samaraga erishish uchun biroz vaqt talab etiladi, — deydi finlyandiyalik professor. — Qolaversa, bu bir kishiga bogʻliq jarayon emas. Keyinchalik Finlyandiyadan yana bir guruh mutaxassislarni taklif etish rejamizda bor. Shunda bir guruh boʻlib tizimga rejalarimizni amalda bajarishga kirishamiz.
Oʻtgan vaqt davomida qilinadigan ish taqsimotini tuzib oldim. Jumladan, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazida pedagoglar uchun besh kunlik doimiy treninglar tashkil qilingan. Bu markaz sohadagi yangiliklarning eng quyi boʻgʻinigacha yetib borishida asosiy vazifani bajarishi lozim. Sababi bir yilda bir marta barcha oʻqituvchilar oʻz bilim va malakalarini oshirib boradi. Shu bois, bu yerda taʼlim islohotlarini yoʻlga qoʻyishda, avvalo, bu markazlarning masʼuliyatini oshirishga jiddiy qarash kerak boʻladi.
Nega deganda, oʻqituvchining bilim va salohiyati qanchalik kuchli boʻlmasin, u koʻp yillar davomida oʻzgarmagan oʻquv dasturlari va dars rejalari bilan qurollantirilsa, kutilgan samaraga erishib boʻlmaydi. Yurtingiz taʼlim tizimidagi asosiy muammo ham oʻqituvchilarning hozirga qadar nazariy metodlarga tayanib dars berayotganida. Yaʼni oʻquvchi darsda beriladigan nazariy bilimlarni oʻzlashtirgani bilan, uni amalda qoʻllash boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmayapti.
Eng muhimi — oʻqituvchilar malakasi
Finlandiyalik mutaxassisning fikriga koʻra, oʻzgarishlarga harakat eng avvalo kichik qadamlardan boshlanadi. Bu yangilanishlar uchun muhim hisoblanadi.
— Strategiyamiz juda oddiy, — deydi xorijlik mutaxassis. — Yaʼni, eng asosiysi, oʻqituvchilarni yangi va zamonaviy bilim berishga tayyorlash. Barchaga maʼlumki, bugun har bir sohada axborot texnologiyalari keng joriy etilgan. Biroz muddat avval texnologiyalar faqatgina maʼlum bir doira vakillarida mavjud edi. Bugun barcha uchun keng imkoniyat ochilgan. Hozirda har birimiz mobil telefondan foydalanishni yaxshi bilamiz. Ammo, yana oʻn-oʻn besh yildan soʻng bu tizim qaysi tomonga qarab ketishi haqida aytish mushkul. Aynan shu narsaga oʻquvchilarni ham moslashtirib borish lozim. Taʼlim maqsadlari muntazam oʻzgarib boraveradi. Hozirda oldimizda turgan eng asosiy masalalardan biri — bugungi kun talablariga mos ravishda kadrlarni tayyorlash.
Bu borada oʻquvchilarga kelajakda haqiqatda kerak boʻladigan malaka va koʻnikmalarni singdirish lozim. Yaʼni bilim oluvchi yoshlar mavjud koʻnikmalar orasidan oʻzlari uchun kerakli boʻlganlarini tanlab olish imkoniyatiga ega boʻlishlari kerak.
Yana bir narsa, bu yerda ota-onalar ham farzandlari bilimiga jiddiy eʼtibor qaratishi lozim. Yaʼni maktabga ishonmasdan qoʻshimcha ravishda pul sarflab, repetitorga jalb etishining oldini olish lozim. Buning uchun maktabda sifatga oʻzgartirish kiritib, ota-onalarning farzandi shu yerning oʻzida qoʻshimcha oʻqimasdan ham yaxshi natijaga erisha olishiga ishontira olish kerak. Bu, albatta, biroz vaqt talab etadi. Harakatlarimiz natijasini kelgusi yil mart-aprel oylarida amalda koʻrasiz.
Finlyandiya muvaffaqiyatlarining siri nimada?
Maʼlumotlarga koʻra, oʻqituvchilar salohiyati Finlyandiya taʼlim tizimining muvaffaqiyati hisoblanadi.
Shu bilan birga, taʼlimda teng sharoitlar, uzoq muddatli taʼlim siyosati, ishonch madaniyati va mustaqil taʼlim olish odatiga urgʻu berish — bu muvaffaqiyatning boshqa omillari hisoblanadi. Oʻqituvchilar va oʻquvchilar oʻrtasidagi yuqori darajadagi hamkorlik taʼlim tizimining uzluksiz ishlashiga yordam beradi.
Finlyandiya qirq yildan ziyod vaqt mobaynida keng qamrovli va uzoq muddatli taʼlim islohotini olib bormoqda. Bu davlatning sohadagi yutugʻi izchil va uzoq muddatli taʼlim islohoti bilan chambarchas bogʻliq. Shuningdek, bu yurt muvaffaqiyatlari sirini oʻrganayotgan koʻplab tadqiqotchilar bir-biriga bogʻliq boʻlgan turli xil omillarga asoslanishini taʼkidlaydi. Ularni uch guruhga ajratish mumkin: oʻqituvchilar salohiyati, taʼlim siyosati va fin madaniyati bilan bogʻliq.
Pedagoglarning yuqori salohiyati, birinchi navbatda, oʻqituvchilarni tayyorlash boʻyicha oʻqitish dasturlariga bogʻliq. Eng yaxshi oʻrta maktab bitiruvchilari boʻlajak oʻqituvchi sifatida tanlab olinadi. Boʻlajak oʻqituvchilar uchun alohida oʻquv maktablari belgilanadi va ular odatda oʻquv vaqtlarining 10–15 foizini ushbu maktablarda oʻtkazadi. Maktablar talaba-oʻqituvchilarga barcha kerakli materiallar bilan taʼminlangan alohida xona ajratib beradi. Talaba-oʻqituvchilar dars jarayonlarini kuzatish bilan birgalikda taʼlim jarayonida ham faol ishtirok etib, katta tajriba toʻplashadi hamda maktab jamoasi va oʻquvchilar ham ulardan juda foydali yordam olishadi.
Oʻqituvchilarning taʼlim tizimidagi moslashuvchanligi va mustaqilligi ham taʼlim sifatini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Oʻqituvchilar malaka oshirish kursiga qoʻshilishni xohlasa, maʼmuriyat doimo ularni qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻqituvchilardan faqatgina malaka oshirish dasturida oʻrgangan narsalarini maktabdagi boshqa oʻqituvchilar boʻlishishi soʻraladi.
Ikkinchi guruh sifatida qayd etilgan Finlyandiya taʼlim siyosatining toʻrtta muhim jihatiga eʼtibor qaratish lozim. Ular izchil va uzoq muddatli siyosat, bilimga asoslangan jamiyatga sodiqlik, taʼlim sohasidagi vakolatlarini kengaytirishlar kiradi. Mazkur toʻrtta jihat 1970-yildan beri muvaffaqiyatli taʼlim islohoti asoslarini tashkil etdi. Natijada esa kuchli taʼlim tizimi yaratildi.
Demak, Finlyandiyaning sohada oʻrganishga arzigulik jihatlari koʻp. Bu borada yurtimizda izchil odimlar tashlangan ekan, yaqin kelajakda oʻzgarishlar koʻzga tashlana boshlaydi. Zero, taraqqiyot sari qilingan har bir harakat oʻz samarasini bermay qolmagan.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri