So'rovnoma maxsus ishlab chiqilgan dastur asosida “Raqamli poytaxt” axborot-tahlil markazi tomonidan o'tkazildi. Hokimlik so'rovnomaning ba'zi natijalarini e'lon qildi.
Unga ko'ra, so'rovnomada shaharning 12 tumanidan turli yoshdagi 1606 nafar erkak va ayollar ishtirok etgan. Qatnashganlarning aksariyati (56,2 %) oliy ma'lumotli, davlat tuzilmalarida (21,3%), xizmat ko'rsatish sohasida (16 %) va ishlab chiqarishda (14,8 %), ish joyiga ega (58,5 %).
Ba'zi umumlashtirilgan natijalarga ko'ra:
- respondentlarning aksariyatida (43,2 %) oilaviy moddiy ahvoli o'rtacha baholandi. So'rovnoma ishtirokchilarining 38,9 % o'z moddiy ahvolini past deb hisoblaydi. 14,6 %ining fikricha u juda past. e'tiborlisi shundaki, javob berganlarning 55,3 % ida har bir oila a'zosi uchun oylik daromadi 10 million so'mni tashkil qilib, ular o'zlarini “o'rta” qatlamga mansub deb hisoblashadi. SHu bilan birga, huddi shu toifaga kiruvchi 39,5 foiz ishtirokchilar o'z daromadlarini yuqori deb hisoblaydilar.
- Tumanlar kesimida Yakkasaroy, Shayxontohur, Mirzo Ulug'bek va Olmazor tumanlaridagi respondentlarning aksariyati moliyaviy ahvolini o'rtacha, deb baholaydi. Yakkasaroy tumanidagi respondentlarning katta qismi moddiy ahvolini yuqori deb baholasa, Yangihayot, Chilonzor, Sergeli va Bektemir tumanlari aholisining aksariyati moddiy ahvoli darajasi pastligini qayd etgan.
- Respondentlar daromadlarida barqarorlik kuzatilmoqda: ularning deyarli yarmi moliyaviy ahvoli o'tgan yilga nisbatan o'zgarmagan deb hisoblaydi. Respondentlarning atigi 10,5 foizi u yomonlashganini qayd etgan. Shu bilan birga, ularning 33,7 foizi moliyaviy ahvoli bir yildan keyin yaxshilanadi, 40,7 foizi esa moliyaviy ahvoli hozirgidek qoladi, deb hisoblaydi.
Oilaning har bir a'zosiga to'g'ri keladigan oylik daromad o'rganilganda esa, quyidagilar aniqlandi:
respondentlarning 29,5 foizi uchun 500 000 so'mdan 1 000 000 so'mgacha, so'rov ishtirokchilarining 18,3 foizi uchun har bir oila a'zosiga 1 000 000 so'mdan 1 500 000 so'mgacha to'g'ri keladi.
- Respondentlarning 54,9 foizi daromad darajasi va ehtiyojlarini qondirish imkoniyatidan qisman mamnun. So'rovnoma ishtirokchilarining 31,4 foizi o'z daromadlaridan mutlaqo noroziligini bildirgan. Qatnashchilarning 5,3 foizi o'z daromadlaridan to'liq qoniqish hosil qilgan.
- Turar-joy sharoitlarini yaxshilash – yashash maydonini kengaytirish, ta'mirlash ishlarini amalga oshirish imkoniyatlari yo'qligi respondentlarning 47,4 foiziga xosdir.
So'rov natijalari shahar hokimligiga toshkentliklar farovonligini oshirish bo'yicha chora-tadbirlarni to'g'ri rejalashtirishda yordam beradi.