Prezident maktablaridagi muhit, metodika boshqa maktablarga ham olib kiriladi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2022-yil 19-yanvar sonida Prezident taʼlim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarovaning “Prezident maktablardagi muhit, metodika boshqa maktablarga ham olib kiriladi” nomli maqolasi eʼlon qilindi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Mamlakat taraqqiyoti koʻp jihatdan isteʼdodli bolalarni saralash, ularga toʻgʻri yoʻnalish berish, qobiliyatini rivojlantirish, intellektual salohiyatini namoyon etishga koʻmak bera oladigan taʼlim tizimini yaratishga bogʻliq.

    Prezidentimiz 2018-yili Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida “Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarishni oʻz oldimizga ustuvor vazifa qilib qoʻygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak”, degan edi. Ana shunday ezgu niyat va maqsadlar natijasi sifatida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Bu maktablarni soha mutaxassislari va ekspertlar mamlakat taʼlim tizimi lokomotivi deb baholamoqda.

    Kuni kecha Prezidentimiz raisligida maktablarda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ixtisoslashtirilgan maktablar qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish masalalari jiddiy muhokama qilindi.

    Shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablarda oʻquvchilarning qabul qilinishi, mazkur jarayonni tubdan takomillashtirish, xalqaro standartlar talabiga javob beradigan oʻquv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim jarayonini tashkil etish, oʻqituvchilar malakasini xalqaro standartlar asosida oshirish, xalqaro sertifikatlash tizimi, oʻqituvchilarni ishga qabul qilishda saralash jarayonini tanlov asosida oʻtkazish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

    Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan doimiy ishchi guruh tuzish belgilandi. U yurtimizdagi 790 ta maktabni Prezident taʼlim muassasalari agentligiga oʻtkazish uchun mavjud holatni oʻrganadi. Xususan, maktablar binosi, quvvati, malakali pedagog-kadrlar bilan taʼminlangani, mikrohududga biriktirilgani kabi masalalar ishchi guruh tomonidan oʻrganilib, xulosa va takliflar taqdim etiladi.

    2019-yilda yurtimizda 271 ta ixtisoslashtirilgan maktab bor edi. Prezidentimizning aniq fanlar va xorijiy tillarni oʻrgatishga oid tashabbusi, qabul qilgan qarorlari natijasida matematika va fizika fanlari boʻyicha 126 ta, kimyo-biologiya boʻyicha 87 ta, axborot texnologiyalari yoʻnalishida 99 ta, xorijiy tillar boʻyicha 207 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil qilindi. Birgina Prezident taʼlim muassasalari agentligi qoshida bugun 14 ta Prezident maktabi, 3 ta ixtisoslashgan, 9 ta ijod maktabi faoliyat yuritmoqda.

    Davlatimiz rahbari yigʻilishda “Bu agentlikni faqat 14 ta maktab uchun tuzganimiz yoʻq. U Prezident maktablaridagi muhitni, metodikani boshqa maktablarga ham olib kirishi kerak”, dedi. Shu bois, yangi oʻquv yilidan boshlab, viloyat markazlaridan, yirik shahar va tumanlardan ikkitadan, kichik tuman va shaharlardan bittadan ixtisoslashgan maktab Xalq taʼlimi vazirligidan Prezident taʼlim muassasalari agentligiga oʻtkazilishi va agentlik tizimida faoliyat olib borayotgan ixtisoslashtirilgan maktablar yurtimizdagi boshqa ixtisoslashtirilgan maktablar uchun lokomotiv vazifasini bajarishi belgilab berildi. Bunda maxsus ishchi guruh tomonidan hozirgi mavjud holat toʻliq oʻrganiladi va ularning tavsiyasi hamda xulosasi asosida ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichmabosqich agentlik tasarrufiga oʻtkaziladi.

    Bu maktablarda muayyan fanlar ixtisoslashtirilgan holda chuqur oʻqitiladi. Oʻquv ishlari ham nazariy, ham amaliy jihatdan uygʻun olib boriladi. Bu esa yurtimiz uchun sohaning yetuk mutaxassislari, ilm-fanni yuksaltirishga hissa qoʻshadigan iqtidorli olimlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.

    Taʼlim darajasi, avvalo, oʻqituvchining bilimi va malakasiga bogʻliq. Shu bois, ixtisoslashtirilgan maktablarga rahbar va pedagoglar ikki bosqichli tanlov asosida qabul qilinadi. Yigʻilishda Prezident taʼlim muassasalari agentligiga ushbu tizim asosida yuqori malakali oʻqituvchilarni jamlab, qoʻshimcha oʻqitish, milliy va xalqaro sertifikatlar olishiga koʻmaklashish topshirildi.

    Agentlikning Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi negizida ilmiy markaz tashkil etish vazifasi berildi. U ixtisoslashtirilgan maktablarning har bir yoʻnalishi boʻyicha xalqaro metodika asosida ilgʻor taʼlim dasturlari ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.

    Oʻqituvchilarni ishga qabul qilish ikki bosqichli tanlov asosida boʻladi. Birinchi bosqichda oʻqituvchilarning bilim va mahorati sinovdan oʻtkaziladi.

    Ikkinchi bosqichda, yozgi taʼtilda ixtisoslashtirilgan maktablarda faoliyat olib boradigan pedagoglar uchun ikki haftalik kurslar tashkil etiladi. Ularga Prezident taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan mahalliy va xorijlik oʻqituvchilar, agentlik tizimidagi uchta ixtisoslashtirilgan maktabning trener oʻqituvchilari jalb etiladi. Trening soʻngida sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan pedagoglar ishga qabul qilish uchun tavsiya etiladi.

    Agentlik tomonidan xorij tajribasi oʻrganilgan holda ixtisoslashtirilgan maktablar uchun integratsiyalashgan taʼlim dasturlari ishlab chiqildi. Biz bunda AQSH, Rossiya, Avstraliya singari davlatlarning taʼlim dasturlari, International Baccalaureate, SAT kabi imtihonlar, PISA, TIMSS, PIRLS xalqaro baholash dasturlari mazmunini tahlil qilib, milliy taʼlim dasturining eng afzal tomonlari bilan uygʻunlashtirdik. Bugun mazkur taʼlim dasturlarini xalqaro darajada tan olish uchun UK NARIC xalqaro tashkiloti bilan muzokaralar olib boryapmiz. Mazkur dasturlar yangi tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy qilinadi.

    Aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar uchun Al-Xorazmiy maktabi lokomotiv vazifasini oʻtaydi. Mazkur maktab IT sohasiga yoʻnaltirilgan boʻlib, bu yerda matematika, informatika, fizika fanlari chuqurlashtirib oʻqitiladi. Tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablarga Abu Ali ibn Sino maktabi yetakchi boʻlib xizmat qiladi.

    Ixtisoslashtirilgan maktablarda chet tili va Oʻzbekiston tarixi fanini oʻqitishga, oʻquvchilarni, avvalo, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratiladi. Yoshlarda milliy gʻururni shakllantirish ustuvor vazifamiz sanaladi. Buning uchun ixtisoslik fanlar bilan bir qatorda Oʻzbekiston tarixi fanini chuqur oʻqitishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, farzandlarimizni jismonan yetuk va barkamol etib voyaga yetkazish maqsadida Milliy gvardiya bilan birgalikda ot sporti, kamondan oʻq otish kabi milliy sport turlari boʻyicha turli tanlovlar oʻtkaziladi.

    Agentligimiz Cambridge Assessment International Education bilan hamkorlikda Prezident maktablariga kirish imtihonlarini tashkil etadi. Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul jarayonini esa agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi hamda Kembrij taʼlim tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etish koʻzda tutilgan.

    Kirish imtihonlarida yoʻnalishidan kelib chiqib, aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablarga matematika, ingliz tili va mantiqiy fikrlash fanlaridan, tabiiy fanlar yoʻnalishida esa biologiya, chet tili va mantiqiy fikrlash fanlaridan imtihon olinadi.

    Ixtisoslashtirilgan maktablarga eng iqtidorli oʻquvchilar qabul qilinadi. Mazkur maktablarda yangi baholash tizimi joriy etilmoqda. Yakuniy imtihonlar agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan markazlashgan holda tashkil etiladi. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablar uchun moʻljallangan taʼlim dasturlarini xalqaro darajada tan olish uchun tegishli tashkilotlarga taqdim etganmiz. Bu mazkur maktablar bitiruvchilarining xalqaro oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishida ustunlik beradi.

    Ixtisoslashtirilgan taʼlim qamrovini kengaytirish oʻqitish tizimida yuksalishning yangi bosqichini boshlab beradi. Bunday muassasalarda bilim olgan yoshlar mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan yetuk kadrlar boʻlib shakllanishi shubhasiz. Taʼlim sohasidagi dastlabki islohotlar oʻz natijasini bermoqda. Bularning barchasi xalq taʼlimi sohasini rivojlantirish hamma vaqt davlat siyosatining ajralmas qismi boʻlishi kerakligini koʻrsatmoqda.